BBC navigation

Qozog'iston muhojirlarni yana qonuniylashtirayapti

Сўнгги янгиланиш 15 март 2013 - 14:50 GMT

Qozog'istondagi mehnat muhojirlarining eng ko'pi O'zbekistondan

Qozog'iston hukumati mamlakatdagi mehnat muhojirlari faoliyatini qonuniylashtirmoqchi. Shu kungacha aksar migrantlar Qozog'istonda noqonuniy ishlab keladi.

Mamlakat g'aznasiga soliq tushishiga olib keluvchi qonun Prezident Nursulton Nazarboev imzo chekkach kuchga kiradi. Qonunga ko'ra, endi jismoniy shaxslar soliq to'lash orqali uy yumushlari va qurilish uchun migrantlarni bir yilgacha ishlata olishi mumkin.

Aloqador mavzularMarkaziy OsiyoYanvarda qabul qilingan alohida qonunga binoan esa, yuridik shaxslar umumiy hisobda yiliga 120 ming xorijiy ishchini ishga yollashiga ruxsat berilgandi.

Qozog'iston rasmiylari qonun qabul qilingach, mamlakatda noqonuniy ishlayotgan migrantlar qonuniy faoliyat yuritib davlat g'aznasiga soliq to'lashini ta'kidlamoqda.

"Endi agar migrant Qozog'istonga kelsa, albatta belgilangan summani g'aznaga topshiradi", - deydi Ichki ishlar vazir o'rinbosari Qayrat Tinibekov.

Jismoniy shaxslar jalb qilgan migrantlar uchun bir oyda belgilangan narx 21 dollardan ko'proqni tashkil qiladi.

Qozog'istonda mehnat muhojirlarining moslashishiga ko'mak ko'rsatuvchi ijtimoiy jamg'arma raisi o'rinbosari Akbar Husainov ushbu qonunning ishlab chiqilishida faol ishtirok etgan jamoatchilardan biri.

"Bu qonunning bizlar uchun yaxshi tomoni shuki, harna bir qism migrantlar o'ziga legal tarzda, normal ish topishi uchun imkoniyat tug'iladi", - deydi janob Husainov.

Qonun kuchga kirganidan so'ng har bir jismoniy shaxs uy yumushlari va qurilishda ishlatish uchun besh nafargacha mehnat muhojiriga ishlash huquqini olishi mumkin.

Migrantlarga ruhsat bir oydan uch oygacha beriladi va ish beruvchining ehtiyojiga qarab bir yilgacha cho'zilishi mumkin.

Qozog'iston rasmiylarining taxminiy hisob-kitoblariga ko'ra, ushbu migrantlar Qozog'istonga bir yilda o'rtacha 30 million dollar soliq to'lashi mumkin.

Rasmiy raqamlarga ko'ra, Qozog'istonga har yili 1 milliondan oshiq odam pul topish uchun keladi, lekin ular noqonuniy ishlagani tufayli mamlakat g'aznasi foyda ko'rmay qoladi.

Ammo, qonunni ishlab chiqishda o'z maslahatlari bilan qatnashgan jamoatchilar bu engilliklar migrantlar uchun kamligini va qonun qo'shimcha shartlarga muhtoj ekanini aytmoqdalar.

"Hozirgi qabul qilingan qonun migrantlarni chaqirib uy-joyda ishlatish uchun faqat fuqarolarga huquq beradi. Lekin, eng katta ehtiyoj bu yuridik shaxslarda. Qurilish kompaniyalari, agraxoldinglar va shunga o'xshagan iqtisodning segmentlariga juda ko'p migrantlar kerak. Afsuski, bu qonun shu muammoni echishdan ancha yiroq", - deydi Akbar Husainov.

Bundan tashqari qonunga migrantlarni ijtimoiy himoyalash, tibbiy sug'urtalash kabi imtiyozlar ham kiritilishi lozimligi urg'ulanadi.

Qozog'istonda ishsizlik va jinoyat ortadimi?

Qozog'istonlik ekspert Marat Shibutov migrantlar faoliyati qonuniylashtirilishidan umidbahsh emas.

"Bizda 2,5 million atrofida o'z-o'zini ish bilan ta'minlagan aholi borligini inobatga olsak, xorijliklarning ishlashini qonuniylashtirish katta muammo keltirib chiqaradi. Bu odamlar doimiy maosh olmaydi, ish topolmaydi. Quruvchi yoki xo'jalik ishlarida ishlashadi", - deydi janob Shibutov.

Tahlilchiga ko'ra, agar qonun kuchga kirsa, bu odamlarning ko'pchiligi ishsiz qolishi, ular egallab turgan ish o'rinlarini esa arzon ishchi kuchi bo'lgan mehnat muhojirlari egallashi mumkin.

Bu, uning fikrida, o'z navbatida ishsizlik ortidan jinoyatning ortishiga ham olib keladi.

"Jinoyat faqat ko'payadi. Qo'lga olingan jinoyatchilarning 80 foizi - ishsizlar. Ishsizlar soni qanchalik ko'paysa, jinoyat shunchalik ortadi. Qozog'iston fuqarolari migrantlar qonuniy ishlay boshlagach, raqobatga dosh berolmay ishsiz qoladi", - deydi Marat Shibutov.

Shibutovga ko'ra, Qozog'iston miqyosida bu qonun faqat ish beruvchi foydalidir, chunki ular endi arzon ishchi kuchiga ega bo'lishadi.

2008 yili Qozog'iston iqtisodiy inqiroz tufayli o'z fuqarolarini ish bilan ta'minlash siyosati doirasida mehnat muhojirlarining faoliyatini qonun bilan man qilib qo'ygandi.

Hukumat ushbu chora-tadbirlar ishsizlikka barham berishi va mablag'larning Qozog'istondan chiqib ketmasligiga umid qilgandi. Biroq, ish beruvchilar arzon ishchi kuchi bo'lgan migrantlarni noqonuniy ravishda ishlatishda davom etgan.

Tadbirkor Husainovga ko'ra, Qozog'iston mehnat muhojirlarisiz iqtisodni rivojlantira olmasliga ko'zi etmoqda.

"Hozir Qozog'iston iqtisodiy inqirozdan biroz o'ziga kelmoqda. Qozog'iston kelasi 5-10 yilning ichida keskin ravishda industrizatsiyalashga harakat qilayapti. Zavod-fabrikalar va yangi ob'ektlar qurilishi kerak. Katta dasturlar bor. Ularni Qozog'istonning o'zidagi ishchi kuchi bilan echib bo'lmaydi", - deydi u.

Qozog'iston dunyodagi eng kam ishsizlik ko'rsatkichiga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Rasmiy raqamlarga binoan, ishsizlik ko'lami 4,5 foizdir.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.