Tojikistondagi sel va yer ko‘chkisida 15 kishi halok bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Tabiiy ofat o‘nlab uylar, ko‘prik va yo‘llarni vayron qilgan

Tojikiston sharqida yuz bergan tabiiy ofat natijasida 15 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan sel va yer ko‘chkisida halok bo‘lganlarning 7 nafari yosh bolalardir.

Qurbonlarning 13 nafari Sho‘robod tumani yashovchilari, yana 2 kishi esa Ko‘lob mintaqasining boshqa hudularidan ekani bildirilgan.

Vazirlikka ko‘ra, mamlakat janubi sharqidagi oltita tumanda yuz bergan tabiiy ofat millionlab dollar iqtisodiy zarar yetkazgan.

Xatlon viloyati Sho‘robod tumanining Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan Sarichashma qishlog‘i aholisi halokatli seldan asta-sekin o‘ziga kelayotgani xabar qilinmoqda.

Bir necha uy, ko‘prik, yo‘llar va elektr uzatish liniyalarining vayron bo‘lgani aytilmoqda

CA-News ning mahalliy hokimiyat rasmiylariga iqtibosan xabar qilishicha, yakshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Murodali Alimardon boshchiligidagi hukumat komissiyasi tabiiy ofat hududiga yetib borgan.

Poytaxt Dushanbeda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha respublika shtabi tashkil etilgan.

Xatlon viloyatining yarmini qamrab olgan sel va yer ko‘chkilariga Tojikistonda 11-13 aprel kunlari kuzatilgan kuchli yomg‘irlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Hududining 90 foizi tog‘lardan iborat bo‘lgan Tojikistonda kuchli yomg‘ir va sellar bot-bot yuz beradi.