Qirg‘iziston: O‘zbek rahbarlari umrbod qamoqqa hukm etildi

Image caption Zo‘ravonliklar chog‘i yuz minglab o‘zbeklar O‘zbekistonga qochib o‘tishgan

O‘sh shahar mahkamasi Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulovni 2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklarda aybdor deb topgan va umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Qirg‘iz bosh prokuraturasining xabarida aytilishicha, mamlakat janubidagi zo‘ravonliklarda ayblangan yana bir shaxs - K. Abdullayevaga 16 yillik qamoq jazosi berilgan.

O‘zbek jamoasi rahbarlari milliy nizo qo‘zg‘ash va 2010 yil iyunida O‘sh va Jalolobod shaharlarida yuz bergan zo‘ravonliklarni tashkillashtirishda ayblanganlar.

O‘sh mahkamasi ayblanuvchilarni sirtdan hukm qilgan.

Hozirda Shvetsiyada yashayotgan Qodirjon Botirov 2011 yilda Jalolobod mahkamasi tomonidan ham bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgandi.

Qirg‘iz mahkamasi uning ko‘p millionlik mol-mulkini musodara qilish haqida qaror chiqargan.

Qodirjon Botirov qirg‘iz mahkamasining ayblarini qat‘iyan rad etgan va qirg‘iz rasmiylarini o‘ziga qarashli mol-mulkni o‘zlashtirishda ayblagan.

U qonli voqealarda Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi muvaqqat hukumatini ayblagan.

Rasmiy Bishkek etnik zo‘ravonliklarda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hamda o‘zbek jamoasi rahbarlarini ayblaydi.

2010 yil iyunida O‘sh va Jalolobodda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 400 dan ortiq inson halok bo‘lgan, yuz minglab o‘zbeklar qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tishgan.

Xalqaro inson huquqlari takshilotlari jabrlanganlarning aksariyati o‘zbeklar bo‘lgani holda, hodisalardan so‘ng boshlangan hibsga olishlar va mahkama jarayonlarida asosan o‘zbeklarning nishonga olinganini qoralashgan.

Hodisalarga aloqadorlikda ayblanib, mahkamaga tortilganlar o‘zlariga nisbatan qiynoqlardan shikoyat qilishgan.

Hodisalarni tekshirgan finlandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro komissiya "mahkamada to‘liq tasdig‘ini topsa, 2010 yilning 11-13 iyun kunlari O‘sh shahrining ayrim mahallalarida uyushtirilgan muayyan hujumlarni insoniyatga qarshi jinoyat sirasiga kiritish mumkin"ligini aytgan.

Qirg‘iziston parlamenti janob Kilyunenning xulosalarini rad etgan va uning Qirg‘izistonga kirishini taqiqlagan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qonli voqealarda "uchinchi kuchlar"ni ayblagan.

Kuzatuvchilar hodisalardan 4 yildan ko‘proq vaqt o‘tib o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi tanglikning saqlanib qolayotganini aytishadi.