HRU: OI Ozarbayjonga bosim o‘tkazishlari kerak

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Alievga bosim ta'sir qiladimi?

Hyuman Rayts Uotchga ko‘ra, Ovro‘po rahbarlari “Sharqiy hamkorlar” deb nomlangan yuqori darajali bugungi yig‘indan Ozarbayjon hukumatiga siyosiy vajlar asosidagi ayblovlar bilan qamalganlarni hech bir shartlarsiz qo‘yib yuborishni talabini qo‘yishda foydalanishi lozim.

Ozarbayjon o‘nlab jurnalistlar, huquq faollari va boshqa hukumat tanqidchilarini hibs qilgan.

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo 28 davlat rasmiylari va rahbarlar Latviya poytaxti Rigada to‘planishmoqda. 21-22 may kunlari OIning sharqiy hamkorlari bilan o‘tadigan oliymaqom anjumanida qator qo‘shni davlatlar rasmiylari, jumladan, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mammadiyorov ham ishtirok etadi.

Ozarbayjon 12 iyundan 28 iyungacha ilk Ovro‘po O‘yinlariga mezbonlik qiladi. Riga sammiti esa, ikki tomon o‘rtasida bungacha kechadigan oxirgi oliy darajali yig‘indir.

Hyuman Rayts Uotch inson haqlari tashkilotining aytishicha, bu Ozarbayjonga bosim o‘tkazish uchun qulay imkoniyatdir. Tashkilotga ko‘ra, OI Ozarbayjondan o‘z tanqidchilariga tazyiq o‘tkazishni to‘xtatishni va qamoqdagilarni chiqarib yuborishni so‘rashi lozim.

“Ovro‘po Ittifoqi toki hukumat inson haqlariga oid o‘z salbiy amallarini tuzatmagunga qadar Ozarbayjon bilan yanada yaqin hamkorlik savoldan tashqari ekanini ochiqlashi kerak”, deydi HRUning Ovro‘po bo‘yicha maxsus maslahatchisi Lotti Leyxt.

OI esa, sammitni Armaniston, Belarus, Gurjiston, Moldova va Ukraina kabi boshqa mamlakatlar bilan ham “ikkitomonlama, ko‘ptomonlama va sohalararo hamkorlik yo‘llarini mubohasa qilish” uchun imkoniyat sifatida ta‘riflaydi.

HRUning aytishicha, Ozarbayjon ta‘qiblarga chek qo‘yib, siyosiy vajlar bilan qamalganlarni qo‘yib yubormasa, Ovro‘po rahbarlari Ovro‘po O‘yinlari ochilish tadbirlariga ishtirok etmasliklari lozim. OI Belarus hukumatiga ayni masalada qattiq talablar qo‘ygandi.

Ovro‘po davlatlari qayta-qayta uchinchi davlatlar bilan munosabatlarda inson haqlarini asosiy o‘ringa qo‘yishga va‘dasi takrorlaydi.

OI 2012 yil Inson haqlari va Demokratiya uchun strategik dasturni tasdiqlagan va tashqi ishlar vazirlari Ovro‘po davlatlari “butun og‘irligini erkinlik, demokratiya va inson huquqi targ‘ibotiga tashlashi”ga so‘z bergan.

Shuningdek, ular 2014 yil iyunida huquq himoyachilariga “siyosiy va moddiy dastak” kuchaytirilishini aytgandilar.

Riga sammitga Ovro‘po Kengashi Prezidenti Donald Tusk, Ovro‘po Komissiyasi rahbari Jan Yunker, OI oliy vakili Federika Mogerini, Qo‘shni davlatlar bilan siyosat bo‘yicha komissari Yoxannes Xan va Savdo masalalari bo‘yicha mas‘ul Sesiliya Malstrem kabi qator rasmiylar ishtirok etadilar.

Bi-bi-si O'zbek xizmati Whatsapp, Telegram ва Viber: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ