'O`zbek IShIDchilari shafqatsiz edi'

Image caption Nabi o`zini o`zbekistonlik IShID jangarilari garovga olganini aytadi.

Nabi - Afg‘onistonda Tolibon bilan urushayotgan IShID qo‘lidan ozod bo‘lgan tutqunlardan biri.

U o‘zini o‘zbekistonlik IShIDchilar garovga olganini aytadi.

U IShID qo‘lida tutqunlikda o‘tkazgan qariyb 9 oylik hayoti haqida Bi-bi-sining Kobuldagi muxbiri Ismoil Shahamatga gapirib berdi.

Ammo eng ajablanarli jihati - Nabini Tolibon ozod qilgan.

O‘g‘irlanish

Hammasi o‘tgan fevral oyida boshlangan.

O‘shanda Hirotdan Kobulga kelayotgan yo‘lovchi avtobusini niqob taqqan qurolli shaxslar to‘xtatishadi.

25 yashar quruvchi Nabi ham shu avtobusda edi.

Yaqinda uylangan yigit ish topish ilinjida poytaxt Kobulga ketayotgandi.

Niqobli jangarilar yo‘lovchilar ichidan 30 nafar shia musulmonni ajratib olishadi.

Bu shialar aksar hazora millati vakillari edi.

So‘ng tutqunlarni janubdagi Zobul viloyatiga olib ketadilar.

Avvaliga ular bizni Tolibon o‘g‘irladi, degan xayolga borishadi.

Biroq oradan ikki kun o‘tib, ularning oldiga garovgirlar kirib kelishadi.

"Ular o‘zlarini IShID vakillarimiz, deb tanishtirishdi" - eslaydi Nabi.

"O‘zbeklar edi"

"Bu jangarilar oilalari bilan birga qo‘shni O‘zbekistondan kelishgan ekan" - deydi Nabi - "Bu yerda ular jihod qilishayotganini aytishdi".

"Biz sizlarni Afg‘oniston hukumati qo‘lida qolayotgan ayollarimiz va bolalarimiz evaziga ayirboshlamoqchimiz, deb aytishdi".

"Ular o‘zaro o‘zbekcha gaplashishar, biz bilan esa dari tilida muloqot qilishardi" - deydi Nabi.

Image caption O`zbekistonlik jangarilar chetda shafqatsizlik bilan ham nom chiqarishgan.

"Aytishlaricha, ular yarim mingga yaqin ekan. Barchasining katta oilasi bor, doimo qo‘llarida qurol ko‘tarib yurishardi".

Nabi va yana bir necha kishini hovli tashqarisidagi og‘ilxonada saqlashgan.

"Ko‘zimiz yopilgan, qo‘llarimiz esa orta qayrilib, bog‘langandi" - eslaydi Nabi.

"Ammo bizni odamlar yashovchi mahallada tutib turishganini bilardik. Chunki quloqlarimiz ochiq edi. Gohida ayollar va bolalarning gaplari, azon ovozlari eshitilardi".

Qiynoqlar

Hukumat kuchlari ularni bir necha marta qutqarishga intilishganini aytishadi.

"Osmondagi tikuchar g‘irillashini, atrofdagi otishmalar ovozini eshitardik" - deydi Nabi.

Hukumatning qayd etishicha, garovgirlar tutqunlarni muntazam ravishda bir joydan boshqa joyga ko‘chirib olib yurishgani uchun ularni topa olishmagan.

Biroq Nabi bu da‘voni rad etadi va o‘zining 9 oylik tutqunda o‘tgan hayoti davomida faqat to‘rt marta ko‘chirilganini aytadi.

Garovgirlar o‘z qo‘llaridagi tutqunlarga vahshiylarcha munosabat ko‘rsatishgan.

Afg‘oniston va Pokistondagi o‘zbek jangarilari shafqatsizlik bilan ham nom chiqargan.

"Har birining o‘ziga xos qiynoq usullari bor edi" - deydi Nabi.

Tutqunlarni har doim kaltaklashgan va hatto xudkush hujumchilar nimchasini kiydirib, videoga ham olishgan.

Ammo eng dahshatlisi keyinroq sodir bo‘lgan: Jangarilar bir tutqunning boshini tanidan juda qilishgan.

Ayni qotillik Nabi va boshqa tutqunlarning ko‘z o‘nggida amalga oshirilgan va butun jarayon tasmaga tushirilgan.

Ortda esa qora bayroq tutgan niqobli jangarilar tik turishgan.

Bu - Suriyada IShID qo‘llagan amallarning ayni nusxasi.

Tolibon - qutqaruvchi

Tolibon isyonkorlari bu mintaqadagi IShID jangarilariga qarshi hujum qilishganidan keyin Nabi va boshqa tutqunlar ozodlikka chiqishadi.

Otishma paytida tutqunlarni ko‘zlari bog‘liq holda boshqa joyga ko‘chirishadi.

Ammo oradan uch kun o‘tib, o‘zbekcha gapiradigan jangarilar g‘oyib bo‘lishadi.

Biroq Nabi bilan birga o‘g‘irlangan shia tutqunlarini ozod qilish davomida ularning 7 nafarini bu garovgirlar vahshiylarcha o‘ldirishadi.

Nabi garovgirlar ketganidan keyin, ular turgan uyga pashtuncha gapiruvchi odamlar kirib kelganini aytadi.

"Ko‘zimizdagi lattani olib tashlashgach, qarshimda uzun soqolli basavlat odam turganini ko‘rdim" - deydi Nabi.

"Birdaniga bu odamlarning Tolibon ekanini tushunib, yengil tin oldim".

Keyin ularni Tolibon qo‘mondoni uyiga olib borishadi.

"400-500 nafar Tolibon jangchilari kelib, bizni tabriklashardi" - ozodlikning ilk kunini eslaydi Nabi.

"Ammo qo‘mondon bizni quchoqlamoqchi bo‘lgan jangchilariga qarata, ularni charchatmanglar, juda zaif bo‘lib qolishibdi, oyoqlarida zo‘rg‘a turishmoqda, deb aytdi".

O‘zbeklar qayerga ketdi?

Nabining aytishicha, qutqaruv amaliyoti jarayonida kelib chiqqan otishma va janglarda o‘zbeklar hamda ularning oilalari ham qattiq kurashishgan.

O‘zbeklarning ba‘zilari o‘ldirilgan, ayrimlari esa asir olingan.

U jasadlarni, yarador jangarilarni ko‘rganini aytadi, biroq omon qolganlari taqdiri nima bo‘lganini bilmaydi.

Hozir Kobulda ota-onasi va aka-singillari yonida qolayotgan Nabi boshidan o‘tgan dahshatlarni ortga tashlashga intilmoqda.

Tutqunlikda uni kaltaklashgani bois, buyragiga zarar yetgan. Hozir davolanmoqda. Bu ahvolda ishlay olmaydi.

Lekin Nabining aytishicha, hukumat unga shu paytgacha biron yordam bergani yo‘q.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:

+44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz

-telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ