‘Dollarni noqonuniy sotmang, qamalasiz’

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Bu kabi vaziyat qo‘shni Tojikistonda vujudga kelgan.

Noqonuniy valyuta oldi-sotdisida ayblanayotgan kishilarning soni bir necha yuzga yetgan.

Dushanbedagi yetakchi jurnalistlardan biri Iskandar Firuzning Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga aytishicha, buncha odam jarimaga tortilish va hatto, qamalish xavfi ostida qolishgan.

Bunga shimoliy So‘g‘d viloyati prokurorining kuni-kecha e‘lon qilgan ma‘lumotlari ham dalolat qilgan.

Prokuror Habibullo Vohidovning so‘zlariga tayanilsa, ulardan yetmishdan ortig‘i anchayin jiddiy ayblovlarga yuz tutishmoqda va uzoq yillik qamoq jazolariga yuz tutishlari ehtimoli ham yo‘q emas.

Bu odamlardan 253 nafari esa, anchayin yengil jazo, ya‘ni jarimaga tortilish yoki 15 sutkaga qamalish xavfi bilan yuzma-yuz qolishgan.

Prokuror janoblariga ko‘ra, ulardan barchasi Tojikistonda amalda bo‘lgan “Valyuta ayirboshlash to‘g‘risida”gi qonunga zid ish qilishgan.

Ammo janob Vohidov o‘zining 29 yanvar kungi bayonotida bundan ortiq tafsilotlarga to‘xtalmagan.

Jurnalist suhbatdoshimizga ko‘ra, joriy paytda noqonuniy valyuta oldi-sotdisi ma‘muriy javobgarlikni ko‘zda tutsa-da, tojikistonlik mas‘ullar yanada qattiqroq ketish harakatida.

Bunga Tojikiston Milliy Banki rahbarining kuni-kecha aytgan so‘zlari bir misol, deydi jurnalist Iskandar Firuz.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Thinkstock

Tojikiston Milliy Banki rahbari Jamshid Nurmuhammadzodaning aytishicha, noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlarga qarshi 9 yillik qamoq jazosini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi allaqachon muhokama ostidadir.

Milliy Bank rahbariga ko‘ra, bank yoki davlat moliyaviy idoralaridan tashqarida qilingan har qanday valyuta oldi-sotdisi noqonuniy hisoblanadi.

Shimoliy So‘g‘d viloyati prokurorining bayonoti esa, aynan Nurmuhammadzoda janoblarining chiqishidan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilgan.

O‘tgan yil oxirida tojikistonlik mas‘ullar butun mamlakat bo‘ylab xususiy valyuta ayirboshlash shoxobchalarini yopishga qaror qilishgan.

Ularning faoliyati o‘zlarining milliy pul birliklari bo‘lmish somoniyning qadrini tushirib yuborayotganligini aytishgandi.

Ayni vaqtda har bir kishi o‘z hisobidan 400 dollardan ko‘p dollar ololmasligi borasida cheklov ham kiritilgani xabar berilgandi.

Markaziy Bank orada valyuta almashtirish huquqiga ega bo‘lgan moliyaviy tashkilotlarga ham jiddiy ogohlik bilan chiqqan.

Ularni valyutani almashtirishdan bosh tortgan taqdirlarida, jarimaga tortilish yo-da litsenziyadan mosuvo etilishlari bilan ogohlantirgandi.

Shu kunlarda poytaxt Dushanbedagi vaziyatni yaqindan kuzatgan jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha esa, hozir, hatto, rasman valyuta ayirboshlashning o‘zi ham qiyinlashib ketgan.

Suhbatdoshimiz Tojikistonda so‘nggi oylarda shakllanayotgan bu kabi vaziyatga naqd valyuta miqdorining kamayib, dollarning qimmatlab ketgani sabab bo‘lganini aytadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Unga ko‘ra, bunga Rossiyada kuzatilayotgan iqtisodiy bo‘hron, rublning nihoyatda arzonlab ketishi va migratsiyaga oid tartib-qoidalar keskinlashtirilishining Tojikistonga ta‘siri nihoyatda salmoqli bo‘lgan.

Tojikistondan Rossiyaga pul ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning soni so‘nggi yillarda sezilarli ravishda kamaygan va buning ortidan, pul o‘tkazmalarining hajmi ham keskin pasaygan.

Mavjud holat esa, Tojikistonda naqd valyuta taqchilligini yuzaga keltirib, o‘zlari rasman tan olishmasa-da, mas‘ullarni og‘ir ahvolga solib qo‘ygan.

Ammo, mintaqaviy mutaxassislarning so‘nggi xulosalariga tayanilsa, ko‘rilayotgan bu kabi keskin chora-tadbirlariga qaramay, tojikistonlik mas‘ullarning somoniyning qadrini tutib qolishlari qiyin bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, Tojikiston nafaqat mintaqa, balki jahonda ham anchayin nochor davlatlardan biri sanaladi.

Iqtisodining asosini esa, aynan, chetda mehnat muhojirligida band fuqarolari ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar tashkil etib kelgan.

Agar, Rossiya moliya idoralari so‘nggi yillarda e‘lon qilayotgan rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, tojikistonlik mehnat muhojirlari ortga yuborayotgan pul miqdori yarmidan ko‘proqqa kamayib ketgan.

Bu kabi holat, boshqa tomondan, qolgan ko‘pchilik Markaziy Osiyo davlatlarini ham chetlab o‘tmagan.

Mintaqaviy kuzatuvchilarga ko‘ra, yillarki, chetdan kelayotgan katta miqdordagi mazkur mablag‘lar bu mamlakatlar hukumatlari uchun muhim vazifani bajarib kelgan.

Ularni ijtimoiy portlashlardan himoya etib, “xavfsizlik kamari” bo‘lib bergan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • BBCUZBEKInstagram
  • BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBC UZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+
  • BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ