Nochorlarga: Ramazon Hayitingiz bilan...

Arafa kunida poytaxt Kobullik bir guruh yoshlar o‘ziga xos tashabbus bilan chiqishgan.

Minglab kiyim-bosh yig‘ib, uni shahardagi ehtiyojmand odamlarga tarqatishgan.

O‘zlari hali talaba bo‘lgan 10 nafar yoshning aytishicha, bu fikr xayollariga bundan uch yilcha burun kelgan.

Kobulni kezarkan, g‘aribu g‘urabo, ayniqsa, ayanchli ahvoldagi bolalar soning qanchalik ko‘pligi ko‘ngillarini larzaga solgan.

Alal-oqibat bundan bir hafta burun o‘z rejalarini qat’iy pishitishgan.

“Feysbuk” orqali maxsus e’lon berib, odamlardan o‘zlariga keraksiz ust-boshlarini xayriya qilishlarini so‘rashgan.

Ayon bo‘lishicha, ularning bu onlayn-da’vatlari besamar ketmagan va sanoqli kunning o‘zida eskiyu yangi uch mingtacha kiyim-bosh to‘plashning uddasidan chiqishgan.

Ularni o‘zlari yuvib, yamab, dazmollab, so‘ngra eshikma-eshik yurib, nochor oilalarga tarqatishni boshlashgan.

Ilk tashabbus

Фото муаллифлик ҳуқуқи epa

Ta’kidlash joiz, poytaxt Kobulda bu kabi tashabbus shu paytga qadar kuzatilmagan.

Afg‘onistonning eng yirik shahri bo‘lgan Kobul aholisining soni esa, to‘rt millionga yaqin ekani aytiladi.

Kuchayib borayotgan zo‘ravonliklar va halokatli tabiiy ofatlar sabab, so‘nggi yillarda shaharga Afg‘onistonning turli burchaklaridan boshpana izlab kelayotgan afg‘onlarning soni ham keskin ortgan.

Darbadarlikka yuz tutgan bu kabi minglab insonlar Kobuldagi nochorlar sonini yanada oshirgan.

Bunga o‘xshash xayr-ehson ishlari esa, Afg‘oniston uchun yangicha voqe’lik sanaladi.

Faqat so‘nggi yillarga kelib, Afg‘onistonning qator shimoliy va ayrim g‘arbiy viloyatlarida bu kabi tashabbuslar ko‘zga tashlana boshlangan.

Tashabbuskorlar esa, yana ko‘ngilli yoshlar va faollarning o‘zlari bo‘lishgan.

Ular o‘z tashabbuslarini amalga oshirish uchun ko‘proq tujjorlar, do‘kondorlar va iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lgan turli boshqa kasb egalarining himmatlariga orqa qilishmoqda.

Ayniqsa, bu yil Ramazon oyida ular qilayotgan turli ko‘rinishdagi ko‘maklar aks etgan fotosuratlar ham turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida ko‘p ko‘zga tashlana boshlangan.

Ko‘plab qashshoq oilalari ularning tashabbuslari ortidan, uncha ko‘p bo‘lmasa-da, un, guruch va yog‘li bo‘lib qolishgan.

Qashshoqlik

Afg‘oniston dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi.

1979 yilgi sobiq Sho‘rolar Ittifoqi ishg‘oli ortidan o‘ttiz yilga cho‘zilib ketgan qator qurolli mojarolarga sahna bo‘lib keladi.

Qo‘shnilaridan farqli tarzda, nochorlik ham shahar va ham qishloq hududlarida birdek quloch yoygan.

Ammo, baribir, qishloq hududlaridagi vaziyat juda og‘irligi aytiladi:

Agar, rasmiy raqamlarga qaralsa, mamlakat aholisining 40 foizdan ortiqrog‘i qashshoqlikda kun kechiradi.

Yana kambag‘allikda yashayotgan 20 foizining nochorlar safiga tushib qolishlari xavfi ham juda katta.

Mamlakat aholisining aksariyati azal-azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan.

Ammo Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi qariyb o‘ttiz yillik qurolli nizolardan jiddiy ziyon chekkan, sarmoya deyarli kiritilmagan va tabiiy ofatlardan jiddiy jabr chekkan.

Yerlari kam, oilalari katta bo‘lgani uchun o‘z tirikchiliklarini dehqonchilik orqasidan o‘tkazayotgan odamlar soni Afg‘onistonda unchalik ham ko‘p emas.

Ko‘pchilik qishloq odamlari mol-hol qilishadi, dehqonlari birovlarga yollanib ham ishlashadi.

Sonlari bir million ekani aytilayotgan afg‘on bevalari aksariyatining kuni esa, tilanchilik orqasidan o‘tadi.

Bir parcha non ilinjida o‘z uy-joylarini tashlab, mamlakatning o‘ziyu, qo‘shni davlatlarda sargardon afg‘onlarning soni esa, minglabdir.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Алоқадор мавзулар

Бу мавзуда батафсилроқ