Alisher Usmonov Oʻzbekistonga qaytmoqchi

Usmonov Фото муаллифлик ҳуқуқи Rossiya-24
Image caption Usmonov hozirga qadar Oʻzbekistonga qaytish rejalari haqida gapirmagandi

Asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Oʻzbekistonga qaytishni "istashi" va "rejalayotgani"ni aytgan.

Bu haqda u "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qilgan.

63 yoshli Usmonov Rossiyaning soliq rezidenti maqomiga qaytish-qaytmasligini Oʻzbekiston bilan bogʻlagan.

"Rossiya soliq rezidentligini agar qachondir almashtirmoqchi boʻlsam, faqat Oʻzbekistonnikiga almashtiraman", - degan Usmonov.

U Rossiya soliq rezidentligidan vaqtincha chiqish qarorini oʻzi rahbari boʻlgan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasidagi faoliyati bilan bogʻlagan.

Federatsiya qarorgohi Shveytsariyada joylashgan va Usmonov bu yil birinchi marta Shveytsariyaning eng boy odamlari roʻyxatidan ham oʻrin olgan.

USM Holdings xoʻjayini boʻlgan Alisher Usmonov nafaqat Rossiyada, balki Britaniyada ham eng badavlat shaxslardan biri sanaladi.

"Har doim tayyor"

Alisher Usmonov Oʻzbekiston va uning rahbariyatiga yordam berishga har doim tayyorligini izhor qilgan.

"Oʻzbekiston, uning rahbariyati uchun qoʻlimdan nima kelsa, qilishga tayyorman. Har doim va har daqiqada", - deb aytgan Alisher Usmonov.

U Oʻzbekistonga sarmoya kiritish rejasi borligi va buning uchun mamlakat rahbariyatining taklifini kutayotganini bildirgan.

"Aytmagan joyga borma, deyilgan. Men boshqa sarmoyadorlardan farqli oʻlaroq, hamisha taklif qilingan joyga boraman. Bungacha faqat mendan soʻrashsagina yordam qilishim mumkin", - degan u.

Ammo ayni paytda Usmonov oʻz vatanida xayriya jamgʻarmasini ochish uchun Oʻzbekiston rahbariyatidan ruxsat soʻrashdan tortinmasligini ham aytgan.

"Hech boʻlmaganda, u yerda (Oʻzbekistonda-tahr) xayriya jamgʻarmasini ochish niyatim bor. Maqsad hozir Moskvada qilayotgan loyihalarimni u yerda ham qilish.Men buni albatta amalga oshirishga harakat qilaman. Buning uchun ruxsat soʻrayman", - degan Alisher Usmonov.

"Oʻzbekiston iqtisodiga ham sarmoya kiritasizmi?" degan savolga Usmonov "bu alohida masala. Men har doim tayyorman", - deb javob bergan.

U Prezident Mirziyoyevni "har qanday vazifani uddalashga qodir rahbar" deb taʼriflagan.

"Hozir juda katta boshqaruv va davlatchilik tajribasiga ega odam (prezident etib-tahr.) saylandi. Mening nazarimda, u har qanday vazifani uddasidan chiqadi... Oʻzbekiston, uning xalqi va prezidentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman",- degan Usmonov.

Marhum prezident Islom Karimov davrida Usmonov Oʻzbekistonda prezident boʻlish intilishlari borligini rad etgandi.

Karimovning vafotidan soʻng Kreml va uning xoʻjayini Putinga yaqin milliarderning Oʻzbekistonga bot-bot borayotgani aytilgan.

Toshkentdagi ayrim manbalar Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Usmonovning tashriflaridan mamnun emasligini aytgan.

Alisher Usmonovning oʻzi hozirga qadar Oʻzbekistonga qaytish rejalari haqida bunchalik batafsil gapirmagandi.

Rossiya matbuoti Shavkat Mirziyoyev bilan qarindoshlik rishtalariga ega boʻlgan Alisher Usmonov Oʻzbekiston rahbariyatiga taʼsir oʻtkazayotgani haqida yozgan.

Usmonovning vakili bu xabarlarni rad etgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Бу мавзуда батафсилроқ