BBC navigation

Stokgolm Appelyatsion mahkamasi TeliaSonera ishi yuzasidan hukmni kelgusi hafta chiqaradi

Сўнгги янгиланиш 9 январ 2013 - 15:23 GMT

Shvetsiya Appelyatsion Mahkamasi TeliaSonera mobil telefon shirkatining O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziya olish jarayonida pora berganmi yo‘qligini tekshirish jarayonida 300 million dollar mablag‘ muzlatilishi yuzasidan 16 yanvar kuni qaror chiqarishi kutilmoqda.

Mahkamaning bugungi majlisida qatnashgan jurnalistga ko‘ra, qoralovchi tomon anchayin qat‘iy dalillarni keltirgan.

Mablag‘larni muzlatib qo‘yish talabini Shvetsiya Korruptsiyaga qarshi Kurash Bo‘linmasining Bosh prokurori Gunnar Shtetler ilgari surgan.

Janob Shtetler TeliaSonera va O‘zbekistondagi hamkor shirkat o‘rtasida erishilgan kelishuvga mamlakat prezidenti Islom Karimovning yaqinlari bilvosita aloqador ekanliklarini ko‘rsatuvchi qator hujjatlarni mahkamaga taqdim etgan.

Stokgolьmdagi Appelyatsion mahkamaga taqdim etilgan bu hujjatlar O‘zbekistondagi jozibali telekommunikatsiyalar bozoriga kirib borishda TeliaSonera qanday harakatlarni amalga oshirganligi haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Bu hujjatlarda O‘zbekistonda qudratda bo‘lgan doiralar TeliaSonera bilan erishilgan bitimdan manfaatdor va shirkatning o‘zi ham bu yo‘lda olib borilgan muzokaralardan xabardor bo‘lganligi bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.

TeliaSonera O‘zbekistondagi litsenziyaga erishish yo‘lida pora berganligi haqidagi da‘volarni rad etib kelmoqda. Shirkatning aytishicha, to‘langan pullar O‘zbekistonga sarmoya yotqizishning tarkibiy qismi sifatida qonunuiy hamkor - "Takilant" shirkatiga to‘langan va boshqa hech qanday shaxs bu bitimdan manfaatdor bo‘lmagan.

TeliaSonera ushbu da‘volar yuzasidan mustaqil tekshiruv jarayoni o‘tkazishi va noqonunuiy amallar aniqlansa tegishli choralar ko‘rishini ma‘lum qilgan.

Mahkama o‘rganib chiqayotgan hujjatlar orasida 2007 yili TeliaSonera boshqaruvchilari va maslahatchilari bilan O‘zbekistondagi mobil telefon shirkatini (mazkur shirkat o‘sha vaqtga qadar AQShda joylashgan shirkatga tegishli bo‘lgan) sotib olish borasida olib borilgan elektron pochta orqali yozishmalar bor.

Ba‘zi maktublarda O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan uchrashuvlar rejalashtirilayotgani haqida aytilgan.

2007 yili mart oyida yo‘llangan maktublardan birida, TeliaSoneraning yetakchi boshqaruvchilaridan biri mobil telefon shirkatini sotib olish uchun asos yaratish maqsadida O‘zbekistonga safar rejalayotgani haqida yozadi.

Ushbu maktubda O‘zbekistonda ish yuritishning "ikir-chikirlarini bilish muhim ekanligi", agentlik rahbari "anchayin tajovuzkor shaxs ekanligi" va rasmiy doiralarda kim Rossiyaga ittifoqdosh-u kim qarshi ekanligini aytish mushkul ekanligi tilga olingan.

Shuningdek, ushbu maktubda telekommunikatsiyalar sohasini yurgizuvchi prezident Karimovning odamlari bilan uchrashuvlar rejalanayotgani va Turkiya sobiq rahbari Sulaymon Demirel tomonidan janob Karimovga maktub uyushtirilgani ham aytiladi.

Bundan tashqari Islom Karimovning "1- qizi" va "uning telekommunikatsiyalardagi hamkorlari" bilan uchrashuv ehtimoli haqida so‘z yuritiladi.

Keyinchalik maktubda Aloqa vazirligi bilan uchrashuvdan avval Karimova xonim bilan uchrashish maqsadga muvofiqroq ekanligi aytiladi.
"Chunki O‘zbekistondagi hamkorni yaratish yo‘lida u o‘ta muhim rolni o‘ynashi" taxmin qilinadi.

2007 yil may oyidagi maktubda esa Gulnora Karimova "O‘zbekistondagi hamkor" deya, tilga olingan va uning boshqa shirkatlarda mavjud bo‘lgan biznes manfaatlari ro‘yxati keltirialdi. Ushbu ro‘yxatda Gulnora Karimovaning O‘Zbekistondagi kamida yana ikki mobil telefon shirkati hissalariga ega ekanligi aytib o‘tilgan. Bu tafsilotlarni elektron pochta orqali Qozog‘istondagi maslahatchi yo‘llagan.

Maktublarda shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining "2- qizi" Lola Karimova bilan ham uchrashish ehtimoli mubohisa etilgan.

Shvetsiya Korruptsiyaga qarshi Bo‘linmasi Bosh Prokurori mahkamaga shuningdek, AQShning O‘Zbekistondagi elchisining Wikileaks vebsahifasida chop etilgan mahfiy maktubini ham taqdim qilgan.

Bu maktubda TeliaSonera bilan erishilgan bitim tilga olingan va shirkatning shahobchasi Karimova xonim manfaatlari yo‘lida harakatlar qilgani aytiladi.

Hozirda Shvetsiyadagi jarayonda besh shaxs gumon ostiga olingan. Ulardan ikkisi TeliaSonera xodimlaridir va biri ushbu elektron maktublar yo‘llangan shaxsdir.

Gumon ostidagi yana uch shaxs O‘zbekiston fuqarolaridir. Ular orasida Gulnora Karimovaga yaqin ko‘rilgan Gayane Avakyan ham bor.

Gayane Avakyan TeliaSonera bilan bitimga erishgan "Takilant" shirkatining egasi.

Noqonunuiy pullarni yuvish va pora berish-olish da‘volari ortidan "Takilant" ning Shvetsiya va Shvetsariyadagi ba‘zi mablag‘lari allaqachon muzlatib qo‘yilgan.

Gayane Avakyanning mahkama tomonidan tayinlangan Shvetsiyadagi himoyachisi Tomas Rotfeffer Bi-bi-si bilan suhbatda o‘zbekistonlik gumon ostidagi shaxslardan birontasi hali so‘roqqa tutilmagani va Gayane Avakyan bilan ham aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lmaganligini aytdi.

Tomas Rotfefferning shuningdek aytishicha, o‘zbekistonlik gumondorlarning Shvetsiyadagi mahkama o‘ngida paydo bo‘lishlari ehtimoli juda kam va uning o‘zi O‘zbekiston Prezidentining qizlari TeliaSonera bilan erishilgan bitimga aloqador ekanliklari haqidagi da‘volarning "bironta qat‘iy dalilini" hozircha ko‘rgani yo‘q.

Ayni vaqtda O‘zbekiston rasmiylari ham Shvetsiya Prokurori tomonidan ilgari surilgan da‘volarga qarshi norozilik bildirganlar.

O‘zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi bayonot chiqarib, "bu boradagi har qanday ayblovlar asossiz ekanligi va TeliaSonera ga litsenziya berish jarayoni mamlakat qonulari va qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilgan"ligini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligi ham Shvetsiya Tashqi Ishlar Vaziriga ikki marotaba maktub yo‘llab, Shvetsiya matbuotida bu xabarlarning yoritilishi va Korruptsiyaga Qarshi Bo‘linma Prokurori amallaridan shikoyat qilgan.

TeliaSonera shirkati ham bayonot chiqarib, bitimga erishgan vaqti "Takilant" shirkatini batafsil o‘rganib chiqqanini bildirgan.

Shirkatning bildirishicha, "Takilant" ortida Gulnora Karimova turgani borasida mish-mishlar mavjud edi lekin tekshiruvlar natijasida shirkat Gayane Avakyandan boshqa hech kimga tegishli emasligi aniqlangan.

TeliaSoneraga ko‘ra, olib borilajak tekshiruvlar hech kimga pora berilmaganligi va noqonunuiy pullarni yuvish jarayonida ishtirok etmaganligini isbotlashiga ishonchi komil.

Shirkat tomonidan buyurtma berilgan mustaqil tekshiruv natijalari shu oy oxirlarida chop etilishi kutilmoqda.

Gulnora Karimovaning o‘zi bu ayblovlar borasida biron marotaba sharx bermagan.

Ayni vaqtda TeliaSonera va Shvetsiya hukumati o‘rtasida ushbu ish yuzasidan tanglik vujudga kelayotgani belgilari namoyon bo‘lmoqda.

Shvetsiya Moliya Bozorlari vaziri Piter Norman gumon ostida bo‘lgan TeliaSonera shirkatining ikki boshqaruvchisini tekshiruv jarayoni mobaynida o‘z vazifalaridan chetlatib turilishlarini taklif qildi. Vazirga ko‘ra, bu amal shirkatga hissadorlar ishonchini saqlab qolish uchun muhimdir.

Lekin TeliaSonera bu qadamga bormasligi va gumon ostida bo‘lgan xodimlarini vaqtincha ishdan chetlatmasligini ma‘lum qildi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.