BBC mehmoni - mustaqil o‘zbek jurnalistikasi asoschilaridan biri Qudrat Bobojon

Yaqin Sharq mamlakatlaridagi so‘nggi hodisalar Internet, xususan ijtimoiy tarmoq saytlariga diqqat-e‘tiborni yanada kuchaytirdi, repressiv rejimlarning Internet nazoratini tobora kuchaytirish yo‘llarini izlashga undadi.

Bular O‘zbekistondagi Internet olami, onlayn jurnalistika ahvolini muhokama qilish uchun yaxshi vaj.

Qudrat Bobojon ana shu "olam"ni ichidan biladigan, o‘zi bugungi mustaqil O‘zbek Internet jurnalistikasi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan ijodkor.

U 1965 yili Urganch shahrida tug‘ilgan.

1989 yili O‘zbekiston Milliy Universiteti(ToshDUning) Jurnalistika fakulьtetini tamomlagan.

O‘zbekistonda tashkil qilingan "Sayyor jurnalistika maktabi" asoschilaridan biri.

Ayni paytda Shvetsiyada yashaydi, Uznews.net Internet nashri o‘zbek sahifasining muharriri.

Qudrat Bobojon erkin matbuot faoliyatini Toshkentda Jurnalistika fakulьtetida tahsil olib yurgan yillari boshlagan.

U 1986 yil Qozog‘istonda Kommunistik partiya rahbari o‘zgarishiga qarshi Olma-Otada yuz bergan tug‘yon asosida "Olmaota voqealari yoki harakatchan daraxtlar" maqolasini yozgan.

Bu maqola uchun Qudrat Bobojonni komsomollar safidan haydashadi.

U 1988 yilda norasmiy "Erkin so‘z" ro‘znomasini chop etishga bosh qo‘shadi.

Qudrat Bobojon 1990 yildan O‘zbekistonda chop etilgan, nafaqat mamlakatdagi, balki Sho‘rolar Ittifoqidagi ilk mustaqil nashrlardan - "Munosabat" gazetasining asoschilaridan biri bo‘lgan.

Bir muddat BBCning O‘zbek xizmati bilan hamkorlik qilgan.

Qudrat Bobojon "Pona.uz" Internet sahifasini tashkil etganlardan biri.

"Biz bu sahifani muxolif fikrga ega bulganlar uchun muxolifat minbari sifatida ochganmiz", deydi Qudrat Bobojon.

"Pona.uz" bir necha marta xakerlik hujumiga uchrab, qayta tiklangan.

O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistika asoschilaridan biri Qudrat Bobojonga savollaringizni ushbu sahifaning quyi qismidagi forma vositasida yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasi orqali yo‘llang.