Qiynoqlar tasvirchisi, taniqli shoir, mohir tarjimon Richard MakKeynga savol bering

Image caption Richard MakKeyn O‘zbekiston qamoqxonalaridagi ijodkorlarning taqdiridan ham chuqur xavotirda ekani, ularni o‘ylab, duo qilishini ham aytadi

Qariyb 10 yillik umrini qiynoq jabrdiydalari bilan ishlashga baxshida etgan, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi ijodkorlar taqdiriga ham befarq bo‘lmagan Richard MakKeyn taniqli shoir va usta tarjimon ham.

Richard MakKeyn 1947 yilda Avstraliyaning Melьburn shahrida tug‘ilgan.

Britaniyaning nufuzli Oksford Universitetida tahsil olgan. Talabalik yillaridan boshlab Rus adabiyotiga chuqur muhabbat qo‘ygan.

O‘zi hech qachon O‘zbekistonga safar qilmagan bo‘lsa ham, zabardast Rus shoirasi Anna Ahmatovning O‘zbekistonda qoralagan she‘rlari, Olьga Sedakovaning O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq nihoyatda ta‘sirchan ijod namunalarini, Pushkin, Gumilev, Mandelьshtam, Pasternak, Aranzon,..kabi Rus adabiyoti daholari asarlarini rus tilidan ingliz tiliga o‘girgan.

Richard MakKeyn O‘zbek-dissident shoirlarining 2008 yilda nashrdan chiqqan “Ozodlik ohanglari” she‘riy to‘plamini ham ingliz tiliga tarjima qilgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Mazkur to‘plamdan esa, Dadaxon Hasan, Rauf Parfi, Muhammad Solih, Gulchehra Nurullayeva, Yodgor Obid, Dilorom Ishoqova,.. kabi o‘zbekistonlik taniqli shoirlarning ijod namunalari o‘rin olgan.

60-70-yillarda Turkiyaga qilgan kunda-shundalik safarlari ortidan turk tilini mukammal egallagan Richard MakKeyn Nozim Hikmat va Oqtoy Rifat asarlarining ham mohir tarjimoni sanaladi.

Richard MakKeyn rus va turk tillaridan tarjima qilgan kitoblarning soni esa, 20 dan ortadi.

Ijodkor qator she‘riy asarlar muallifi ham sanaladi va uning kitoblari Londondan tashqari, Nьyu York va Istanbulda ham chop etilgan.

U 2004 yildan buyon qoralab kelayotgan "Tahayyul manzillari" nomli sharqona uslubdagi ruboiylarini esa, bemalol Ingliz adabiyotidagi eng uzun she‘riy asar sirasiga kiritish mumkin.

Richard MakKeyn 2006 yildan buyon Samarqanddagi ruhiy xastaliklar kasalxonasida saqlanayotgan jurnalist va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimovga ham ruboiy baxshida etgan.

"Salom, Jamshid. So‘nggi maktubimdan ham ko‘p vaqt o‘tdi,

Sendan o‘zligingni tortib olishga urinayotgan chog‘larida

Seni madh etuvchi she‘rlarimdan boshqa nima qila olaman," (erkin tarjima) deydi shoir Richard MakKeyn o‘z ruboiysida.

Sho‘ro davri dissidentlarini ruhiy kasalxonalardan ozod etishda ko‘p zahmat chekkan ijodkor majburiy ruhiy muolaja va kishini ixotalangan holda kasalxonada saqlash, shaxs uchun, hatto, qamoqxonada tutib turilishdan ko‘ra ham tahqirliroq ekanini aytadi.

Richard MakKeynning O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan boshqa ijodkorlarga ham yordami katta. U bunday kuyga tushgan yozuvchilar haqida tinimsiz o‘ylashi va duo qilishini aytadi.

Xalqaro "Pen" klubi a‘zosi bo‘lgan shoir yana Londondagi Qiynoq jabrdiydalari uchun Tibbiyot Jamg‘armasida 10 yilcha tarjimonlik qilgan.

Richard MakKeyn u yerdagi faoliyati chog‘ida faqat tarjimonlik bilan kifoyalanmay, qiynoq jabrdiydalarining hikoyalarini qog‘ozga tushirib, bu kabi hollardan butun dunyoni ogoh etishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Taniqli shoir, tarjimon va inson huquqlari faoliga savollaringizni bbcuzbek.com ga yo‘llang.

Bizning elektron manzilimiz : uzbek@bbc.co.uk ga maktub jo‘natishingiz yo-da sahifaning o‘ng tomonidagi maxsus forma orqali savollaringizni yuborishingiz mumkin.

Biz sizning savollaringizni kutib qolamiz!

Richard MakKeyn bilan suhbatimizni shanba kuni "Daraklar" dasturimizda tinglab, veb sahifamiz orqali tanisha olasiz.

Savollaringiz uchun avvaldan o‘z minnatdorchiligimizni izhor etib qolamiz.