BBC mehmoni - O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarovga savol bering

BBC: Muqaddas Ramazon oyida iste‘mol etiluvchi taomlarga bo‘lgan e‘tiborning qanchalik kuchli ekanini bilish uchun birgina Google qilib ko‘rishingizning o‘zi kifoya. Sizga tavsiya etilayotgan taomlarning turi va o‘ziga xosligini ko‘rib, boshingiz aylanib ketishi ham tayin. Har bir "oshxona" o‘z san‘atini namoyon etishga harakat qiladi. Yong‘oq va anorli sousda pishirilgan forscha tovuq yoki olxo‘ri qo‘shib dimlangan jazoyircha qo‘y go‘shti... Birida bor narsani boshqasida ko‘rmaysiz. Saharligu iftorlik hammani bir dasturxon atrofiga yig‘maydimi, asrlarki shu paytda tanavvul etilajak taomlar ham alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Biz ham muqaddas Ramazon kunlarida O‘zbek oshxonasining o‘tmishi, buguni va ertasiga bir qo‘r nazar tashlash uchun "BBC mehmoni" ruknimizga O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarovni taklif etdik:

BBC mehmoni:

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Akbar Umarov 1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

1992 yilda Toshkent Xalq Xo‘jaligi institutining Iqtisod va rejalashtirish bo‘limini tugatgan.

Shundan so‘ng qariyb 20 yil davomida savdo tarmog‘ida faoliyat olib borgan.

2008 yildan boshlab O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasiga raislik qilib keladi.

Uyushma xuddi ana shu yili Jahon Bosh Oshpazlar Uyushmasi taklifi asosida tashkil etilgan.

Yangigina faoliyat boshlaganiga qaramay, ular Toshkent Professional Turizm kollejini ham otaliqqa olishadi.

Uyushma asosiy e‘tiborini O‘zbek milliy madaniyati, tarixi va ajoyib pazandalik mahoratini dunyoga namoyish etishga qaratadi.

Ya‘ni, kollej talabalari orada kechgan uch yil davomida pazandalik bo‘yicha Ovro‘po, Osiyo va Amerika miqyosida o‘tkazilgan qator xalqaro tanlovlarda ko‘plab sovrinli o‘rinlarni egallashadi.

Frantsiya, Olmoniya, Amerika, Moldova va Rossiyaning qator davlatlarida bo‘lib, o‘z oshpazlik san‘atlarini dunyoga namoyon etishadi.

2009 yilda esa, Ozarbayjonning Boku shahrida Islom davlatlari pazandalari orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta birinj medalini qo‘lga kiritishadi.

O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasining bu kabi sa‘y-harakatlari esa, Jahon Bosh Oshpazlar tashkilotining e‘tiboridan chetda qolmaydi.

Ispaniyaning Madrid shahrida Akbar Umarov "Sayyohlik, Mehmonxona ishi va Gastronomiya" oltin medali bilan taqdirlanadi.

Shundan so‘ng, yana xalqaro uyushmaning tavsiyasi bilan unga Londonda bo‘lib o‘tgan Ovro‘po Biznes Assambleyasida Qirolicha Viktoriya medali ham topshiriladi.

Akbar Umarov O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi bo‘lish bilan birga, Toshkent Professional Turizm kollejida talabalarga shu soha sirlaridan saboq ham berib keladi.

Uyushma a‘zolari bo‘lmish "O‘zbekiston", "Toshkent Palas" va ko‘pgina umumiy ovqatlanish korxonalari ko‘magida malakali kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta‘minlash masalasida ham kattagina ishlarni amalga oshirmoqda.

Akbar Umarov bir necha yildan buyon Buyuk Amir Temur tomonidan ishg‘ol etilgan davlatlardan keltirilgan va 17-asrda Muzaffar Xon farmoyishiga binoan Mulla Vazex tomonidan jamlangan "Buloq" kitobining tarjimasi bilan mashg‘ul.

U ushbu kitobni O‘zbek xalqiga, qolaversa, butun dunyoga taqdim qilish maqsadida ekanini aytadi.

O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarovga savollaringizni bbcuzbek.com ga yo‘llang.

Bizning elektron manzilimiz : uzbek@bbc.co.uk ga maktub jo‘natishingiz yo-da sahifaning o‘ng tomonidagi maxsus forma orqali savollaringizni yuborishingiz mumkin.

Biz sizning savollaringizni kutib qolamiz!

Akbar Umarov bilan suhbatimizni shanba kuni "Daraklar" dasturimizda tinglab, veb sahifamiz orqali tanisha olasiz.

Savollaringiz uchun avvaldan o‘z minnatdorchiligimizni izhor etib qolamiz.