Salom, Olmoniya yoki Hessen Federal o‘lkasini 10 kun ichida o‘zgacha kashf etganim haqida

Gulruh Rahimzoda, Olmoniya-O‘zbekiston

1 - qism

O‘zbekistonning jazirama kunlaridan birida Olmoniyadan elektron xat oldim. O‘tamanmi, yo‘qmi, deb, bir o‘zim uchun notanish bo‘lgan yangi bir loyihaga hujjatlarimni yuborgan edim. Bu loyiha Olmoniya, jumladan, Hessen Federal o‘lkasi bilan tanishtirish va shu bilan bir qatorda, uning jozibali yutuqlarini bizga o‘xshagan xorijiy jurnalistlar tomonidan yoritilishini ko‘zda tutadi. Buni qarangki, 60 ta jurnalist orasidan tanlab olingan 20 nafarning ichida men ham bor ekanman. Quvonchim ichimga sig‘may ketdi – axir, Markaziy Osiyodan faqat men. Shunday ekan, Olmoniya sari olg‘a! O‘z o‘rnida shuni ham aytib qo‘ymasam bo‘lmaydiki, shu kunlardan esdalik deya, meni oldinda kutib turgan ana shu 10 kunlik safarimni kundalik sifatida qog‘ozga tushirib borishga ahd qildim:

1 – kun

A-330 uchog‘i Frankfurt osmoni bo‘ylab qo‘nishga chog‘lanar ekan, qandaydir o‘zimga notanish bo‘lgan bir hayajon qoplab oldi meni...Olmoniya uylarining qip-qizil tomlari ham ko‘rina boshladi – ana. Va qachonlardir ko‘zlarim ko‘nikishga ulgurgan yam-yashillik. Hamma joy. Bu Olmoniyaga xos tabiat. Yozning jazirama quchog‘idan chiqib kelmayapmanmi, bundan toza va g‘uborsiz tabiatni faqat Ovro‘poda uchratish mumkin, deb o‘yladim. Rejalashtirilganidek, meni kutib olishdi. Anchagina bo‘ychan, kulib turadigan olmon qizi Ivonne ekanini darrov payqadim (axir, rasmini ko‘rgan edim-da).

-Hozir yana Argentinadan kelayotgan Tomasni kutib olaylik. Mehmonxonada bizni Amerikadan kelgan Robert, xitoylik Jang va namibiyalik Leytagolar kutib turishibdi. Keyin hammamiz birga tushlik qilamiz, dedi. Ammo, “biror nima ichasizmi?”, deb qo‘shib qo‘yishni ham unutmadi. Menga taklif etilgan suvni bajonidil ichayotib o‘yladim: “Butun dunyodan keladigan jurnalistlar safida bo‘lish uchun odam juda ham omadli bo‘lishi kerak!”Ovqat taklifini esa, rad etdim. Men birpas mizg‘ib olishim lozim. Bo‘lmasa, hali oldimizda, eh-heyeey, qanday kunlar turibdi. Menga kuch kerak.

2-kun

Juma. Kuni bo‘yi o‘zim tushgan mehmonxona yo‘laklarida, yaqin-atrofdagi ko‘chalarda jomadonini g‘ildiratib kelayotgan yigit-qizlarni uchrata boshladim. Mahalliy vaqt bilan kech soat oltilarda FrankfurtRheinMain uyushmasida yig‘ildik. Ana endi kimlar borligini yaqqol ko‘rsa bo‘lardi. Har xil chehralar, lekin hamma bir-biriga qiziqish bilan qaraydi. 20 ta jurnalist – yana turli millatdan bo‘lganlari bir joyda yig‘ilsa, zo‘r bo‘larkan. Uyushma raisi janob Heyko Kassekert (Heiko Kassekert ) bizni samimiy qutladi. Keyingi kunlarimizda omad tiladi. Hammamizga XPLORE (loyihamiz nomi) ramzli sumkalar topshirildi. Ana endi hammamiz bir xil odamlarga aylangandik. Birinchi qilgan ishimiz – Frankfurt shahri bilan tanishish bo‘ldi. Kechga yaqin hammamizni shaharning eng lazzatli taomlari va mahalliy olma sharobi tortiluvchi restoranga olib borishdi. Restoran olmoncha uslubda bezatilgan. Uzun-uzun o‘rindiqlarga joylashib olib, hammamiz bir-birimiz bilan eski qadrdonlardek gapga kirishib ketdik. Menyuda faqat go‘shtli taomlar borligi ko‘rib, tashkilotchilarga sekingina cho‘chqa go‘shtni yemasligimni qistirib o‘tdim. Ehtiyot shart, chunki cho‘chqa go‘shti Olmoniyada keng iste‘mol qilinadi. Albatta, mening iltimosim inobatga olindi va o‘zim uchun alohida mol go‘shtidan tayyorlangan sosiska tortildi. Yonida sousi bilan. Aytmoqchi, bu – olmon milliy taomlaridan biri ham sanaladi. Taomdan so‘ng hamma charchagan, ammo ko‘tarinki bir ruhda mehmonxonaga qaytdik.

3 – kun

Shanba. Olmoniyada "Wochenende", ya‘ni hafta so‘nggi va ko‘plar hali uyquda mahali biz Veysbaden shahri sari yo‘lga tushdik. Shahar salqin, lekin o‘ziga to‘qligi seziladi. Men oldin ko‘rgan yangi "bundeslandlar", ya‘ni, sobiq GDR shaharlari emas. Nazarimda, yil sayin o‘zining iqtisodiy tamal toshini mustahkamlab borayotgan shahar. Sezgim aldamagandi. Biz kirgan hashamatli binolarning birida kazino bor ekan. Kazino bu - pul degani.

Tushdan keyin shaharning Neroberg qismida joylashgan ortodoks cherkovini borib ko‘rdik. Gertsog Adolf fon Nassau o‘tgan asrda Rossiya bilan yaxshi aloqalarda bo‘lib, hatto, sohibjamol rus qiziga uylangan, ammo afsuslarki, rafiqasi va tug‘ilajak farzandi kasallikdan vafot etishgan ekan. Chuqur qayg‘u alamda qolgan gertsog ularning xotirasiga ana shu cherkovni qurdirgan ekan. Umuman olganda, Olmoniyada tarixiy Rus cherkovlarini ko‘pligini ko‘rib, hayratlandim. Chunki Darmshtadtda ham yana bir rus cherkovini borib ko‘rdik. Kechga yaqin esa, Gayzenxaymdagi sharobni tadqiq etish ilmiy institutiga bordik. Shanba kunligi uchunmi, odam kam edi. Bizni professor Loyexnerts kutib oldi.

Biz bu yerda har xil sharob turlarini sinovchi ichuvchi sifatida tatib ko‘rishimiz kerak ekan. Men uchun bu – g‘ayriodatiy holat edi-da, o‘zim bayramlarda ham sharobni 1-2 ho‘plab qo‘ysamu...Xullas, sharobning sakkiz turishi tatib ko‘rdik. Qiziq, men ularning ta‘mida hech bir farq sezmadim. Buni haqiqiy sharobxo‘rlar tushunishmasa, oenologiya(sharobni tadqiq qilish yo‘nalishi) mening soham emas ekan, deb o‘yladim. Qaytishda ko‘pchilik avtobusning o‘zida uxlab qoldi. Charchoq va sharob elitgan edi bizlarni...

4-kun

Bugun yakshanba. Bunday kunlarda Olmoniya ko‘chalarida ertalablari deyarli hech bir zog‘ni uchratmaysiz. Hamma tom ma‘noda dam oladi. Ammo bizning oldimizda ado etishimiz kerak bo‘lgan turli vazifalar va ajoyib tomoshalar turardi. Ya‘ni, bugungi rejaga muvofiq, Senkenberg Tabiatni o‘rganish Muzeyi va "Tendens" yarmarkasini borib ko‘rishimiz kerak edi. Tabiat muzeyida hammamizni lol qoldirgani – dinozavrlarning haqiqiy skeletlarini ko‘rish bo‘ldi. Men esa, "O‘g‘lim ko‘rsa edimi shularni", deb o‘yladim. O‘g‘lim 1-sinfga boradi. Dinozavr desa, o‘lib qoladi...Yo‘qdan ko‘ra, hech deya, o‘g‘lim uchun bu antiqa skeletlarni suratga tushirib oldim.

Tushdan keyingi dasturimizda bizni mashhur Frankfurt yarmarkasi bosh menejerlaridan biri – janob Detlev Braun bilan suhbat kutardi. Kasbimga xos qiziqish bilanmi, bu yerga kelmasimdan avval uning tarjimai holini o‘rganib chiqqandim. Meni uning Olmoniyaning mashhur Joop! shirkatidagi bosh rahbarlik faoliyati qiziqtirardi. Suhbat jarayonida janob Braundan, "Yarmarkada ishlash afzalmi yoki Joop!dami, deb?", so‘radim.

-Albatta, yarmarkada, dedi.

"Garchand, hozir ham boshdan-oyoq Joop!dan kiyingan bo‘lsam ham, ammo hozirgi faoliyatimni maroqli deb bilaman", dedi.

Suhbatdan so'ng, biz o'sha paytda uyni bezashga mo'ljallangan jihozlar namoyish etilayotgan "Tendens" yarmarkasini borib ko'rdik. Yorqin va esda qolarlik dizaynlar. Faqat uy bo'lsa, bas...

Kechki sayrimiz vokzal kvartalida bo‘ldi. Bizga yo‘lboshlovchilik qilgan "4 fuer Texas" uyushmasi vakillarining aytishlaricha, dunyoning hech bir shahridagi bir kvartalda Frankfurtning Vokzal qismidachalik ko‘p mehmonxona yo‘q ekan. Yana shaharning ana shu vokzal qismida "Qizil fonarlar ko‘chasi", deb nomlanuvchi ko‘cha ham bor – uzr, ya‘ni ko‘ngilxushlik qilinadigan ko‘chalar. Ha, Ovro‘po bu...

Davomi bor...