17.10.14 - 24.10.14: Haftaning g‘aroyib hodisalari

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bu ro‘yxatga, balki, bir hafta burun umuman sizning xayolingizga kelmagan 10 ta g‘aroyib xabarni kiritdi.

Ular bilan tanishib, o‘zingizni bir sinab boqing-chi! Siz shunday ekanini bilarmidingiz?:

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Ishonasizmi, yo‘qmi, bu yilgi Divali bayramida mamlakatning yangi prezidenti Narendra Modi aksi tushirilgan mushaklar eng bozori chaqqoni bo‘libdi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Italiyalik rohiba tanlagan qo‘shig‘i bilan ham, uning ijrosi bilan ham barchani tan oldiribdi: Rohiba Kristina Skuchchia Madonnaning mashhur "Like a Virgin" ashulasi bilan "Ovoz" tanlovida g‘olib chiqibdi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Ish soati tugashi ortidan, Londondagi kitob do‘konlaridan birida qamalib qolgan amerikalik sayyohga "Tvitter" rosa qo‘l kelibdi. Qilgan tviti orqali uning ahvolidan xabar topgan kimdir mahalliy politsiyani ogoh etibdi va ikki soat deganda, Devid Uillis yana "ozodlik"ka chiqibdi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Zimbabve universitetlarining birida talabalarning odamlar ko‘z o‘ngida o‘pishishlari taqiqlab qo‘yilibdi. Universitet Talabalar uyushmasi vakillari yangi qarorning "hissiz" va "asossiz" ekanidan shikoyatda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Amerikada yoshi yetmishdan oshsa-da, hanuz talabaligida olgan qarzlaridan qutulolmay yurgan insonlarning soni ortib bormoqda ekan. 72 yoshli Janet Dupreye xonimlari ham ulardan biri. Bankdan haliyam 16.000 dollar qarz.

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc

Serengetidagi mana bu qoyalar ustida yastanib yotgan sherlar to‘dasi aks etgan surat esa, bu yilgi "Wildlife Photographer of the Year" tanlovining g‘olibi, deb topildi.

Amerikaning Vesliyan Universiteti tashkil qilgan ijtimoiy psixologiya bo‘yicha onlayn kurslari dunyodagi eng ommabopi ekan. Unga qiziqish bildirgan talabalarning soni qariyb 300.000 ga yetarkan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Avstraliyalik olimlarning xulosa qilishlaricha, mushaklaridan kuch yog‘ilib turgan qadim rimlik gladiatorlar juda kam go‘sht yeyishgan. Olimlar gladiatorlarning qabrlaridagi suyaklarini o‘rganib, ularning asosan sabzavot va meva-cheva iste‘mol qilishganini aniqlashgan.

Saudiya Arabistoni Bosh muftiysining bayon qilishicha, agar nomaqbul foydalanilsa, "Tvitter" barcha halokat va yovuzliklarning manbaidir".

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Amerika Qo‘shma Shtatlari shu hafta Peruga 20 ga yaqin qadimiy osori atiqalarini qaytarib berdi. Ularning orasida qariyb ikki ming yillik noyob buyumlarning borligi aytiladi.

O‘tayotgan hafta nazarga tutilganda, siz bu ro‘yxatga yana qanday g‘aroyib faktlarni qo‘shgan bo‘lardingiz?

Fikrlaringizni bizga yo‘llashni unutmang.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02