Nitstsa: "Jabrlanganlar orasida oʻzbekistonliklar yoʻq"

Image copyright VALERY HACHE
Image caption Nitstsa

Parijdagi Oʻzbekiston elchixonasi xodimining BBC Oʻzbek Xizmatiga bildirishicha, hozircha chorshanba tungi hujumda oʻzbekistonliklar qurbon boʻlishgani yoki jabr koʻrishganiga oid biror bir xabar yoʻq.

Ammo, Oʻzbekiston elchixonasi xodimiga koʻra, joriy paytda diplomatik vakolatxonalar faoliyati doirasida bu masalaga oydinlik kiritishga harakat qilishmoqda.

"Bu xususda Frantsiyadagi barcha masʼul idoralar bilan hamkorlikda ish olib borishmoqda".

Bundan avval Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi maxsus bayonot bilan chiqqan.

Voqea yuz bergan paytda Nitstsadagi hujum sathida toʻrt qozoq fuqarosi boʻlgani, ammo ulardan hech biriga ziyon-zahmat yetmaganini bildirgan.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari esa, hozircha bu xususda biror bir bayonot bilan chiqishmagan.

Qoʻshni Afgʻoniston hukumati ham hozircha bu masala yuzasidan jim.

Ammo, Rossiya tomoniga koʻra, Nitstsadagi qonli hujumda bir nafar fuqarolari qurbon boʻlgan. Yana bittasiga tan jarohati yetgan.

Nitstsadagi yuk mashinasi vositasida uyushtirilgan hujum kamida 84 kishining umriga zomin boʻlgan.

Hujum kecha kechqurun Frantsiya Milliy Kuni tantanalari chogʻida yuz bergan.

Bu hujumda ham koʻplab insonlar yaralanganlar. Ammo, hozircha, ularning aniq soniga oid maʼlumotlar yoʻq.

Yuk mashinasida boʻlgan hujumchining oʻzi keyinroq politsiya tomonidan otib oʻldirilgan.

Hozircha hujumga biror bir guruh masʼuliyatni rasman oʻz zimmasiga olmagan.

Ammo frantsiyalik masʼullar bu gal ham hujum Yaqin Sharqdagi IShID guruhining ishi boʻlishi mumkin, degan taxmindalar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring