Olma otadagi hujum "salafiylar"ning ishimi?

Image copyright Reuters
Image caption Olma ota Qozogʻistonning moliyaviy markazi va ikkinchi yirik shahri boʻladi

Qozogʻiston Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasi raisi qoʻlga olingan ikki gumondordan birining salafiylar oqimi tarafdorlariga aloqasiboʻlishi mumkinligini aytgan.

Vladimir Jumakanovning bu soʻzlari prezident Nursulton Nazarboyev boshchiligi ostida boʻlib oʻtgan xavfsizlik kengashi yigʻini chogʻida yangragan.

Ammo Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasining raisi bundan ortiq tafsilotlarga toʻxtalmagan.

U "Biz bu maʼlumotlarni tekshirayapmiz", - deyishgina bilan kifoyalangan, xolos.

Olma otadagi hujum kecha dushanba kuni amalga oshirilgan.

Hujumda Qozogʻistonning ikkinchi yirik shahri Olma otadagi politsiya va xavfsizlik idorasi nishonga aylangandi.

Hodisada uch politsiya zobiti va ikki tinch fuqaro qurbon boʻlgan, sakkiz kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev hujumni "terrorchilik amali", deb atagan.

Mamlakat Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasi kecha dushanba kunining oʻzida Olma otadagi hujum bilan aloqadorlikda ikki kishini qoʻlga olgan.

Qoʻmita amalga oshirgan hibslari ortidan rasman "aksilterror amaliyotlari" yakun topganini eʼlon qilgan, terror tahdidini oʻta yuqorisidan oʻrtachaga tushirgandi.

Gumondorlar

Image copyright Reuters
Image caption Hujumlar bilan aloqadorlikda ikki kishi hibsga olingan

Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, birinchi gumondor kuppa-kunduz kuni Olma ota shahrida mashina olib qochish va politsiya idorasiga hujum qilish chogʻida bir tinch fuqaroni oʻldirishda ayblanmoqda.

Buning ortidan, bir politsiya zobitining umriga zomin boʻlib, uning qurol-yarogʻlarini qoʻlga kiritishda gumon qilinmoqda.

Xabarlarda politsiya idorasiga hujum chogʻida yana bir odam ham qurbon boʻlgani aytilgandi.

Gumondor qoʻlga olinishidan avval izidan tushgan ikki politsiya zobitini ham otib oʻldirishga muvaffaq boʻlgan.

"Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 27 yoshli birinchi gumondor bundan avval ham sudlangan shaxsdir".

"Bundan tashqari, u oʻtgan dam olish kunlarida bir ayolni oʻldirishda ham gumon qilinayotgan boʻlgan", - deya maʼlum qilgan Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligi.

Vazir, oʻz oʻrnida, hodisada oʻldirilgan bir ayolning Oʻzbekiston fuqarosi ekanini aniqlaganliklarini ham bildirgan.

Ammo vazirlik ikkinchi gumondor haqida jamoatchilikka maʼlumot berishga shoshilmayotir.

Qozogʻiston Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasi raisiga koʻra, "birinchi gumondor aynan oʻgʻrilik va qurol-yaroqqa noqonuniy egalik ayblari bilan qamoq jazosini oʻtayotgan paytda "Salafiy" oqimi tarafdorlari bilan aloqa qurgan boʻlishi mumkin".

Oqtoʻbe

Oʻtgan oy Qozogʻistonning shimoliy-gʻarbiy Oqtoʻbe shahri ham halokatli otishmalarga sahna boʻlgandi.

Ayni shu hujumlar ortidan shu paytgacha Qozogʻiston "oʻrtacha terror tahdidi" ostida qolayotgandi.

5 iyun kuni bir necha shaxs Oqtoʻbe shahridagi qurol-yarogʻ doʻkonlari va harbiy qismga hujum qilishgan.

Oqibatda 5 tinch fuqaro, 3 harbiy halok boʻlgandi.

Oʻtkazilgan aksilterror amaliyotlari natijasida hujumchilardan 13 nafari oʻldirilgani, 9 tasi qoʻlga olingani xabar qilingandi.

10 iyun kuni gumonlanuvchilardan yana 5 nafari oʻldirilgan.

Qidiruv eʼlon qilingan shaxslardan uch nafari 12 iyunda tutilgan.

Yana bir necha kishi qidirilayotgani aytilgandi.

Oqtoʻbe hodisalari Qozogʻiston mustaqilligidan keyingi eng qonli hujumlardan biri boʻlgandi.

Ammo shu paytgacha bu hujumlar uchun masʼuliyatni biror bir guruh oʻz zimmasiga olib chiqmagan.

"Salafiylar"

Prezident Nazarboyev Oqtoʻbedagi hujumlarda "Salafiy" jangarilarni ayblagandi.

Oqtoʻbe xavfsizlik idorasi rahbari Nurlan Kidirbayev esa, viloyatdagi "Salafiy" oqimi tarafdorlarining soni 1565 kishini tashkil etishi, shulardan 90 ga yaqini potentsial "jihodchi" hisoblanishini bildirgandi.

"Salaf" soʻzi "oʻtmish" yo "avvalgi" maʼnosini berib, salafiylar Islom dinini Muhammad Paygʻambar(S.A.V) va uning safdoshlari tushungan tarzda tushunishni istaydilar, hamda Qurʼonni simvolik talqin qilish usullari va musulmon dunyosiga Gʻarb bilan yuz bergan aloqalar asosida kirib kelgan yangiliklarni rad etadilar.

Hattoki, mintaqadagi aksariyat qoʻshni davlatlar bilan qiyoslanganda ham, Qozogʻiston yaqin-yaqingacha nisbatan tinch boʻlib kelgan.

Ammo Qozogʻistonning ham asosiy eksport xom-ashyosi boʻlgan neft narxlarining keskin pastga tushib ketishi, ijtimoiy notengliklar va qoʻshnisi Rossiyadagi soʻnggi iqtisodiy boʻhron aholining muayyan qatlamlari orasida norozilik tuygʻularini kuchaytirmay qolmagan.

Janubiy Olma ota shahri 1997 yilga qadar Qozogʻistonning poytaxti boʻlib kelgan.

Soʻngra Qozogʻiston poytaxti shimoliy Ostona shahriga koʻchgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring