Soʻrov: Bir umrga chetga ketardim

Rossiyadagi supermarketlardan biri Image copyright AFP
Image caption Rossiyadagi soʻnggi iqtisodiy boʻhron oddiy aholining turmush tarziga ham jiddiy taʼsir etmay qolmagan

Agar, yangi soʻrov natijalariga tayanilsa, har besh rossiyalikdan bittasi xuddi ana shunday, deb javob bergan.

Soʻnggi soʻrov Rossiyadagi yetakchi "Levada" omma fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan.

Bu kabi holat yil sayin chetga ketish istagida boʻlgan rossiyaliklar soni ortib borayotganiga dalolat qilgan.

Chunki oʻtgan yilning mart oyida bu kabi istakda boʻlgan Rossiya fuqarolarining soni bor-yoʻgʻi 12 foizni tashkil qilgan.

Bugunga kelib esa, bu raqamlar yetti foizga sakrab ketgan.

Soʻrov ishtirokchilaridan, "Hozirning oʻzida Rossiyani tark etgan boʻlarmidingiz", - deb ham soʻralgan.

Ulardan 1 foizi bunga qatʼiy ahd qilishgani va allaqachon buning uchun lozim hujjatlarni tayyorlashga kirishib ketganliklarini bildirishgan.

Rossiyaliklarning 10 foizga yaqini bu haqda bosh qotirib turganliklarini aytishgan.

Oʻtgan yili bu kabi kayfiyatda boʻlganlarning soni esa, bor-yoʻgʻi 4 foizni tashkil qilgan, xolos.

Yigirma foiz atrofidagi rossiyalik bu xususda ikkilanib turganliklarini bayon qilishgan.

Ammo 70 foizdan ortiq Rossiya fuqarolari oʻz vatanlarida qolishni afzal bilishgan.

Rossiyani tark etish istagida boʻlganlar buning sababini mamlakatdagi iqtisodiy beqarorliklar va chetda yashash shart-sharoitlarining yaxshiligi bilan izohlashgan.

Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatni sabab qilib koʻrsatganlarning soni esa, soʻnggi oylarda keskin ortib ketgan.

Deylik, oʻtgan yilning may oyida rossiyaliklarning uchdan bir qismi bu kabi shikoyatda boʻlishgan.

Joriy yilning xuddi shu davriga kelib esa, bu raqam 10 foizga ortgan.

Oʻttiz foizga yaqin rossiyalik bolalarining kelajagini oʻylab, tarki vatan ixtiyorida ekanliklarini bildirishgan.

Yana 20 foizchasi esa, "mulozimlar va amaldorlarning oʻzboshimchaliklaridan bezib, bu ishga borish niyatida ekanliklari"ni aytishgan.

Muhojirat ixtiyorida boʻlganlarning orasida yaxshiroq tibbiy muolaja olish va biznes yuritish imkoniyatlari yengilroq ekani bois, chet elga ketish istagini izhor etganlar ham topilgan.

Boshqa tomondan, oʻtgan yil bilan taqqoslaganda, bu yil siyosiy vaziyat sabab, Rossiyani tark etish ilinjiga tushib qolganlarning soni ham keskin ortgan.

Deylik, oʻtgan yili bu raqamlar bor-yoʻgʻi 4 foizni tashkil qilgan boʻlsa, bu yil bunga oʻxshash kayfiyatda boʻlgan rossiyaliklarning soni 11 foizga yetgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring