Turkiya: Favqulodda holat uch oy amal qiladi

Image copyright Reuters
Image caption Favqulodda holat Prezident Erdo'g'onga uch oy muddatga katta vakolatlar beradi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on mamlakatda uch oylik muddatga favqulodda holat joriy etilishini e'lon qilgan.

Favqulodda holat prezident va hukumatga yangi qonunlarni ishlab chiqish va davlat to'ntarishiga urinishiga bog'liq xavflarni bartaraf etish imkonini beradi.

O'tgan hafta 16 iyulga o'tar kechasi mamlakatda davlat to'ntarishiga urinish sodir etilgan edi.

Anqaradagi matbuot anjumanida janob Erdo'g'on "qurolli kuchlar ichidagi barcha viruslar tozalanishi"ni bildirdi.

Istanbuldan BBC muxbiri Mark Lowenning fikricha, favqulodda holat Prezident Erdo'g'onga uch oy muddatga katta vakolatlar beradi.

U va kabineti parlament aralashuvisiz qonunlar qabul qila oladi. Koestitutsion mahkama u qonunlarni rad qila olmaydi. Matbuotda va yig'ilishlarda cheklovlar bo'lishi mumkin va hibsga olishlar kuchayishi ehtimoli bor. Erdo'g'onning o'zi ham davlat to'ntarishiga urinishga aloqador hibslar davom etishini aytgan.

Bu qanday amalga oshiriladi? - degan savol tug'iladi.

Image copyright AFP
Image caption Davlat to'ntarishiga urinishga aloqadorlarni hibsga olish davom etmoqda

Hukumat bu amallar kundalik hayotga ta'sir qilmasligini ta'kidlamoqda. Favqulodda holat to'ntarishga aloqador "virus"larga taluqli ekanini aytmoqda.

Bu kabi choralar o'tgan yil noyabr oyida Parijdagi portlashlar orqasidan Frantsiyada kiritilgan edi. Prezident Erdo'g'on so'zlariga ko'ra, favqulodda holat demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish uchun kerak.

Biroq inson haqlari tashkilotlari Erdo'g'on va hukumatini hodisadan so'ng Turkiyada "keng miqyosli tozalashlar" boshlagani uchun tanqid qilganlar. Ovro'po Ittifoqi, xususan Frantsiya va Olmoniya Erdo'g'onni inson haqlari toptalishiga yo'q qo'ymaslikka chaqirgan.

Erdo'g'on tanqidlarga javoban har kimni o'z ishi bilan shug'ullanishini maslahat berarkan, "bu choralar hech ham demokratiya, huquq va erkinlikka ta'sir ko'rsatmaydi", deb aytgan favqulodda holat e'lon qilganidan so'ng.

O'z navbatida u davlat to'ntarishiga qarshi harakatlarda halok bo'lganlarni "shahidlar" kabi kurashganlarini ta'kidlab, ularning nomlari Taqsim maydonida yodgorlik taxtasiga yozilishini qayd etgan. Rasmiy ma'lumotlar bo'yicha, Turkiyadagi hodisada halok bo'lganlar soni 246 nafar.

BBC muxbiriga ko'ra, politsiya, maxsus xizmatlar va qurolli kuchlar qo'mondonligi tarkibida o'zgarishlar bo'lishi kutilmoqda.

Turkiyada o'tgan hafta amalga oshmagan davlat to'ntarishi ortidan 50 mingdan oshiq odam yo hibsga olingan, yo ishidan bo'shatilgan yoki ishidan vaqtincha chetlatilganlar.

600 dan ortiq maktablar yopildi va prezidentga tarafdor bo'lmagan xizmatchilar vazifasidan bo'shatildi.

Prezident Rajab Toyib Erdo'g'onga sodiq bo'lmagan deya ko'rilganlarning safiga seshanba kuni o'qituvchilar, universitet dekanlari va matbuot xodimlari kiritildi.

Hukumatga ko'ra, ular AQShda joylashgan ulamo Fathulla Gulanga aloqadorlar. Gulan janoblarining o'zi davlat to'ntarishiga aloqasi borligini rad etadi.

Bosh vazir Binali Yildirim Fathulla Gulan "terrorchi tashkilot"ni boshqarganini aytgan.

"Biz ularni ildizi bilan qo'poramiz", dedi u parlamentdagi chiqishida.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring