Hijobli teleboshlovchi Sun ro'znomasi ustidan shikoyat qildi

Channek 4 бошловчиси Фотима Манжи Image copyright CHANNEL 4 NEWS

Britaniyada faoliyat yuritadigan Channel 4 telekanalining teleboshlovchisi Fotima Manji hijobda ekranga chiqqani borasidagi sharhlar bois matbuot qonun-qoidalariga rioya etilishini nazorat qilib boradigan mustaqil tashkilotga shikoyat bilan murojaat qilgan.

Bunga Sun ro'znomasida chiqqan maqola sabab bo'lgan.

Sunning sobiq bosh muharriri Kelvin Makkenzi ro'znomada o'zining doimiy rukni - stuniga ega va o'z fikr-mulohazalarini ana shu stunda nashr qilib keladi.

18 iyul kuni Kelvin Makkenzi o'z maqolasida Channel 4 telekanalining Frantsiya Nitstsasidagi hujumni yoritganini tanqid ostiga olgan.

Sobiq bosh muharrirning fikricha, bunday hodisani hijobga o'rangan teleboshlovchi taqdim qilgani noto'g'ri bo'lgan.

Doimo boshini ro'mol bilan bekitgan holda ekranga chiqadigan Fotima Manji Nitstsadagi hujumning ertasi kuni - 15 iyul kuni teleboshlovchilik qilgan.

Asli kelib chiqishi tunislik Frantsiya fuqarosi yuk mashinasini Bastiliya bayramini nishonlayotgan olomon ustiga haydagani oqibatida 84 inson halok bo'lgan.

O'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan va dunyoning ko'plab mamlakatlarida taqiqlangan guruh Nitstsadagi hujumni o'zi uyushtirgani haqida bayonot bilan chiqdi.

Sun sobiq bosh muharriri Kelvin Makkenzi Ovro'poda musulmon sodir etgan jinoyatni ro'molli ayol yoritganidan norozilik bildirgan.

Makkenzidan tashqari 1700 kishi Nitstsadagi hodisalar yortilishiga Fotima Manji boshlovchilik qilganidan norozilik izhor etib shikoyat qilganlar.

Channel 4 telekanalining sohibi hisoblangan ITN kompaniyasi rahbariyati Kevin Makkenzini diniy ko'rinishiga qarab insonni haqorat qilishda ayblab chiqdi.

21 iyul kuni Kevin Makkenzi yana bir maqolasini e'lon qilgan.

Uning fikricha, ro'mol bu diniy bayonotdir.

Makkenzi ro'molni nasroniy ko'ksiga osib olgan ulkan xochga qiyoslagan.

U G'arbda yashaydigan biroq boshiga ro'mol o'ramaydigan bir necha musulmon ayollari misolini tilga olgan.

Britaniyada teleko'rsatuvlar va radioeshittirishlarning qonun doirasida faoliyat yuritishini Ofcom tashkiloti nazorat qiladi, Kevin makkenzi Ofcomga murojaat qilib, yangiliklar teleboshlovchisining diniy libos kiyishga haqqi bor-yo'qligi haqidagi savolga javob berishini talab qilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02 •TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.