O'zbekning o'rtacha bo'yi qancha?

So'nggi 100 yil mobaynida dunyoning turli mamlakatlaridagi erkak va ayollarning bo'yi o'sgan-o'smaganiga bag'ishlangan yangi tadqiqot e'lon qilindi.

Bu tadqiqotga ko'ra, golland erkagi dunyoning eng baland bo'yli erkagi va latish ayoli jahondagi eng uzun bo'yli ayol deb topilgan.

So'nggi 100 yildagi baland va past bo'ylar haqidagi tadqiqotni eLife jurnali e'lon qilgan.

Tadqiqot, bundan 100 yil oldin golland erkagi bo'yining uzunligi bo'yicha 12-o'rinda edi, hozirga kelib 1-o'ringa ko'tarildi, deydi.

Hozir Niderlandiyada yashaydigan erkaklarning o'rtacha bo'yicha 183 santimetrni tashkil etar ekan.

Latviyada istiqomat qilayotgan ayollarning o'rtacha bo'yicha 170 santimetr deb ko'rilmoqda.

Tadqiqot 1914 yildan buyon eng kuchli o'zgarish Eron erkaklari va Janubiy Koreya ayollari o'rtasida kuzatilganini qayd etadi.

Eronlik erkakning o'rtacha bo'yi 16 santimetr, koreys ayolining o'rtacha bo'yi 20 santimetrga ko'tarilgan, deydi eLife jurnali.

AQSh erkagi 1 asr mobaynida atigi 6 sm, amerikalik ayol esa 5 smga o'sgani aytiladi.

1914 yili AQSh erkagi bo'yi uzunligi bo'yicha 3-o'rinni, ayoli esa 4-o'rinni egallagan bo'lsa, hozirga kelib 37- va 42-o'ringa tushib ketganlar.

100 yil oldin eng pakana ayol Gvatemalada istiqomat qilgan ekan, o'shanda ularning o'rtacha bo'yi 140 santimetrni tashkil etgan bo'lsa, bugunga kelib ham gvatemalalik ayol eng past bo'yli va uning o'rtacha bo'yi 150 sm deb ko'riladi.

Jahonning eng pakana erkaklari(160 sm) Sharqiy Timorda deb ko'riladi,

Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yashaydigan ayol va erkaklarning bo'yi ancha o'sgan.

Ayniqsa, Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreya xalqlari bo'ychan bo'lib ketganlar.

Insonlar bo'yidagi o'zgarishning bir sababi gen bilan bog'liq, deyishadi mutaxassislar.

Atrof-muhitdagi o'zgarish, tibbiy xizmat darajasining yuqoriligi, sanitariya va ovqatlanish xalqlarning bo'yi o'sishiga ta'sir ko'rsatayotgan asosiy omillar sifatida tilga olinmoqda.

Shuningdek, onaning homiladorlik paytidagi salomatligi mustahkam bo'lishi va ovqatlanishi ham farzandlarining bo'yi baland bo'lishiga olib kelishi tasdiqlangan.

Mana 2014 yildagi erkagining eng bo'yi baland 10 mamlakat(qavsda 1914 yildagi o'rni berilgan):

1. Niderlandiya(12)

2. Belgiya(33)

3. Estoniya(4)

4. Latviya(13)

5. Daniya(9)

6. Bosniya va Hertsegovina(19)

7. Xorvatiya(22)

8. Serbiya(30)

9. Islandiya(6)

10. Chexiya Respublikasi(24)

2014 yildagi ayolining eng bo'yi baland mamlakatlar(qavsda 1914 yildagi o'rni berilgan):

1. Latviya(28)

2. Niderlandiya(38)

3. Estoniya(16)

4. Chexiya Respublikasi(69)

5. Serbiya(93)

6. Slovakiya(26)

7. Daniya(11)

8. Litva(41)

9. Belarus(42)

10. Ukraina(43)

O'zbeklarning bo'yi sekin o'sayaptimi?

eLife tadqiqotiga ko'ra, O'zbekistonda erkaklarning o'rtacha bo'yi 100 yil oldin 161 sm bo'lgan va bugungi kunda 169, 4 smni tashkil etadi.

O'zbek ayollarining bo'yi esa o'rtacha 157,8 smni tashkil etadi, bu bir asr oldingi buvilarga nisbatan qariyb 7 santimetr baland deganidir.

1914 yilda O'zbekiston 118-o'rinda bo'lgani va 2014 yilga kelib 128-o'rinni egallagani aytiladi.

1980 yillardagi qayta qurish epkinlari bilan yuzaga kelgan matbuot erkinligi zamonida O'zbekiston matbuotida paxta yakkahokimligi, Sho'rolarning paxta etishtirishni ko'paytirish maqsadida Orol dengizining qurishiga olib kelgan siyosati tanqid qilingan ko'plab maqolalar e'lon qilindi.

Paxtaga ishlov berish uchun qo'llangan kimyoviy dorilarning millat genofondiga salbiy ta'sir ko'rsatgani va og'ir mehnat o'zbek farzandlarining bo'yi pasayib ketishiga olib kelgani, oqibatda Sovet armiyasiga o'zbeklarni faqat "stroybatalon"larga harbiy xizmatlarga safarbar qilganlari haqida yozilgan maqolalarni hozir ham ko'pchilik eslaydi.

O'zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida ham rasmiy mulozimlar Orolbo'yida odamlarning o'rtacha bo'yi 6 santimetrga pasayib ketgani haqida gapirardilar.

So'ng bu mavzu ham O'zbekistonda taqiqlandi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring