O'zbekistonda aroq raddi balo...mi?

Himoya Image copyright Social media
Image caption Himoya

Xudoga shukr, o'tkan hafta mahallaning profilaktika inspektori menga nisbatan "Ma'muriy huquqbuzarlik ishi bo'yicha qaror" chiqarib 390 720 so'm jarima yozdi. O'zbekiston Respublikasi MJTK.ning 223-moddasi 1- qismida ko'rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganim uchun ekan, yo tavba.

Nima emish, Toshkent shahrida ro'yxatdan o'tmasdan yurgan emishman, bomj deyavering. O'zim pulga zorman, ishsiz, bularning qilig'ini qarang. Feodal davrlarda hukumatlar doim xalqning qonini ichishgan ekan, qonxo'rlar.

Hozirgi davrda unday emas, qon ichishmaydi, nari borsa aroq ichishadi, Xudoga shukr.

O'tkan kuni xususiy tadbirkor do'stimning ofisiga borgandim, 390 ming qarz so'rayman deb, namozxon odam. Shkafida Toshkentda ishlab chiqariladigan qimmatbaho "Yagona" nomli aroq turibdi. "Tinchlikmi?" - dedim. "Tinchlik bo'lsin deb, shu turqi qursinni qo'yibman. Milsa kelib ofisda namoz o'qiyapsan deb tuhmat qilishi mumkin. Ishxonamda hech kim namoz o'qimaydi, o'qigani ham qo'ymayman. Notinch zamonda aroq- raddi balo ekan!"

Qiziq, 15 asrda buning aksi bo'lgan, shekilli. Tasavvur qiling, bo'zaxo'r duradgorning ishxonasiga mirshablar bostirib kirib bo'za izlay boshlaydi, pora undiramiz deb. Qarashsa, tokchada Qur'oni Karim turibdi. Bo'zaning hidi ham chiqmaydi. Ayyor bo'zaxo'r duradgor ko'za to'la bo'zani erga ko'mib qo'ygan bo'ladi-da.

Mo'min do'stimdan 390 ming so'ragandim, 400 ming so'm berdi, "Qaytaraman" - dedim. Kafega kirdim. Ortiqcha 10 ming so'mga bo'zaxo'rlik qilaman, xarholda, aroq - raddi balo ekan. Burchakdagi stolda meni jarimaga tortgan o'sha milsaning sherigi va menga o'xshagan qishloqdan kelgan ikkita "bomj"lar o'tiribdi, aftidan Toshkentlik emasdi ular. Nega o'tirishgani sababini yozmayman, albatta.

Ammo O'zbekiston spirtli ichimlik iste'mol qilish bo'yicha nima sababdan peshqadam mamlakatdan biriga aylanganini tushunib etganday bo'lyapman...

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring