Bratskdagi qullar orasida o'zbeklar ham bormi?

Yog'och kesish korxonasi xodimining xati

Rossiya Tergov qo'mitasi Irkutsk viloyatidagi yog'och kesish korxonasida qullar mehnatidan foydalanilayotgani haqidagi xabarni tekshirishga kirishgan.

Tergov qo'mitasining Irkutsk viloyat boshqarmasi matbuot xizmatidan "Interfaks" axborot agentligiga xabar qilishlaricha, Bratskdagi yog'och kesish bilan shug'ullanadigan shirkatning joylashgan joyini aniqlashga harakat qilinyapti.

Bu shirkatning nomi tergov qo'mitasiga ma'lum ekani aytilgan.

Sibir o'rmonining ichida insonlar qullik sharoitida saqlanayotgani haqida Internet-xariddan ma'lum bo'lgan.

Bu haqda ilk bor Rossiyada faoliyat yuritadigan 360 telekanali xabar tarqatgan.

360 telekanali 29 iyul kuni o'zining jurnalistik tadqiqotiga asoslangan videolavhani namoyish etgan.

Ma'lum bo'lishicha, Serpuxov shahrida yashaydigan Vladimir Semyonovga uyida qurilish qilish uchun yog'och kerak bo'lgan.

U Internet orqali yog'ochga buyurtma bergan.

Bir haftadan keyin Vladimir Semyonov buyurtmasini qabul qilib olgan.

Yog'ochlar orasida qo'lda yozilgan bir varaq chiqqan.

Bu varaqda esa rus tilida imlo xatolari bilan "Yordam bering! Bizni suvsiz va pasportlarsiz ushlab turishipti. Bu erda biz ko'pchilikmiz. Albek", deb yozilgan bo'lgan.

360 telekanali yog'och etkazib beradigan shirkatning Moskvadagi idorasiga borgan.

Bu shirkatda aytishlaricha, Bratskdagi zavodda faqat Rossiya fuqarolari ishlashadi.

Boshqa ma'lumot berishdan bosh tortganlar Moskvadagi firma boshqaruvchisi va vakilasi.

360 telekanalining jurnalistlari Bratskdagi yog'och korxonasining ichiga kirishga harakat qilganlar.

Biroq korxona atrofi baland devorlar bilan to'sib olingani uchun ichkarida kimlar ishlayotganini ko'rib ishonch hosil qilish imkoniyati bo'lmagan.

Serpuxov shahrilik Vladimir Semyonov topib olgan qog'ozini tergov qo'mitasiga topshirgan.

Bu jinoyat ishi qo'zg'atilishiga turtki bo'lgan.

May oyida dunyodagi qullik vaziyati tahlili bilan shug'ullanadigan "Ozod bo'l!" xalqaro tashkiloti yangi hisobot chiqargan va bu hisobotda Rossiya hududida 1 milliondan ortiq inson qullik sharoitida qolayotgani aytilgan.

Rossiyaga ishlash uchun borib hujjatlarini oldirib qo'ygan va qullik sharoitida ishlashga majbur etilgan O'zbekiston fuqarolarining soni ko'pchilikni tashkil etadi.

Bratskdagi yog'och kesish korxonasida o'zbeklar bor yoki yo'qligini tergov qo'mitasi aniqlashtiradi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring