Milliardlar O'zbek matbuotini o'qimishli qiladimi?

O'zbek matbuoti
Image caption O'zbek matbuoti

O'tgan haftada O'zbekiston matbuotida jurnalistlarning "tahlil va tanqidlari" ko'paygani, matbuotga ajratilayotgan milliardlar, ommaviy madaniyatni targ'ib qiluvchi bestseller o'qish zararlari, ajrashishlarga sabab bo'layotgan qarzga etaklovchi to'y-hashamlar, yo'l qurilishidagi davlat byudjetining talon-taroj qilinishi hamda ixtirochi Oybek Umarov haqida maqolalar chop etildi.

"Jurnalist so'zi: talqin, tanqid, tahlil" (Hurriyat, 27 iyul)

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga qarashli Monitoring guruhi maqolasida joriy yilning ikkinchi choragida milliy OAVda e'lon qilingan "tahliliy-tanqidiy" materiallar haqida so'z boradi.

Maqola tabiiyki, prezident Karimov jurnalistlar kuni yo'llagan tabriknomadan iqtiboslar olish bilan boshlanadi.

Kattagina maqolada, jumladan, "O'zbekiston" telekanalida namoyish etilgan "Xoinlik" ko'rsatuvida Surxondaryo viloyatida josuslik tarmog'ini tashkil etilgani, "Manqurtlar izidan" nomli ko'rsatuvda Internet orqali ekstremistlar ta'siriga tushib qolganlar, "Xiyonat ko'chasi" nomli ko'rsatuvda diniy ekstremistik oqimga qo'shilgan "bir guruh kimsalarning" qilmishi tahlil qilingani aytiladi.

"Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, joriy yilning ikkinchi choragida ommaviy axborot vositalarida tahliliy va tanqidiy maqolalar, eshittirish va ko'rsatuvlarning soni va sifati oshgani yaqqol ko'zga tashlanmoqda", deya xulosa qilinadi Monitoring maqolasida.

"NNT qo'llab-quvvatlash jamoat fondi ijtimoiy loyihalar uchun 2 milliarddan oshiqroq mablag' ajratadi" (Biznes-vestnik Vostoka, 26 iyul)

Yuqoridagi xabarga hamohang o'laroq, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi yig'ilish o'tkazib, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari rivoji uchun mo'ljallangan 82 loyihaga 2 milliard 30 million so'm ajratilishi xabar qilinadi rusiyzabon ro'znomada.

Mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarining moliyaviy ta'minlanishi ochiq va shaffof bo'lishi muhimligi urg'ulanadi bu xabarda.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Nuriya Aytjonovaga ko'ra: "2008 yildan 2016 yilgacha NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari loyihalarini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan 58 milliard so'mdan ortiq mablag' ajratilgan".

"Yaxshi asar yaxshi, yomoni-chi?" (Mahalla, 26 iyul)

Nuroniy otaxonning butun dunyoda yoshlar qo'lidagi "bestseller asar" o'qiyotgan o'zbek qizga murojaati bilan boshlangan maqola "kelajak egalarini" mutolaadagi tanlov haqida ogohlantiradi.

Misol tariqasida quyidagi fikrlar keltiriladi: "Azaldan Sharqda oilaga muqaddas maskan, ota-onaga esa ulug' zot sifatida munosabatda bo'lishadi. Ammo erkinlikni chegarasiz deya hisoblagan g'arbda bugun ushbu tushunchalarga qarash birmuncha o'zgacha. "Ommaviy madaniyat'ga xos yashash tarzi avj olgan g'arb davlatlaridagi notinchliklar, sodir etilayotgan jinoyatlarning tub ildizi ma'naviy qashshoqlikka borib taqaladi".

"Bestseller" asarlar sifatida yurtimizga kirib kelayotgan yoki bizning ayrim qalamkashlar tomonidan yozilayotgan kitoblar orasida ma'naviy jihatdan qashshoqlari ko'proq, nazarimizda. Detektiv, sarguzasht yoki turli maishiy mavzularga bag'ishlangan bunday kitoblarni ham mutolaa qilayotganlar serob. Ular orasida esa yoshlarning ham ko'pligini asarlar tili oddiy va voqealar rivoji esa shiddatliligi bilan izohlash mumkin, lekin mazmun...", deydi maqola muallifi M. Otaboeva. "Rosti, oldi-qochdi kitoblardan ko'ra she'riyat mulkining sultoni Navoiy asarlaridan ikki misrani yod olib, uning mag'zini chaqishsa, ancha foydali bo'ladi, menimcha", deydi adabiyot fani o'qituvchisi Ma'suda Abdurahimova.

"To'y-hashamlar qadriyatlarimizga mos bo'lsa..." (Milliy Tiklanish, 27 iyul)

O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining deputatlari Farg'ona viloyati kengashida sarlavhadagi masalani ko'rib chiqmoqdalar, deyiladi Ahmad Yusupov maqolasida. Partiyaning Farg'onada bo'lib o'tgan yig'ilishida dabdabali to'ylar qarzdorlikni keltirib chiqarayotgani hatto yosh oilalarning buzilishiga sabab bo'layotgani aytiladi.

"Masalan, Farg'ona shahridagi to'y-hashamlarda xizmat ko'rsatadigan zamonaviy xorijiy avtotransportlarning ijara haqi bir oilaning bir necha oylik daromadiga to'g'ri kelayotganiga qaramay, yoshlar o'rtasida shunga o'xshash ortiqcha hashamlarga intilish kuzatilmoqda. Oqibatda, ayrim oilalarda to'ydan keyin yuzaga kelgan qarzdorlik tufayli ba'zi ko'ngilsiz holatlar yuz berayotir", deyiladi maqolada.

Partiya deputatlaridan biri Enaxon Siddiqovaga ko'ra, "to'ylar bilan bog'liq marosimlar ixchamlashish, kamayish o'rniga, aksincha, ko'payib borayotir". Ayrim to'y marosimlari va oilaviy tadbirlar yarim tungacha davom etib, aholi tinchini buzayotgani qo'shimcha qilinadi maqolada.

Yig'ilishda turli jamoat fondlari bilan birgalikda maxsus Jamoatchilik kengashi tuzilib, "aholi o'rtasida to'y va marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz, belgilangan talablar asosida o'tkazish bo'yicha tushuntirish ishlari olib borish belgilandi", deb qo'shimcha qiladi maqola muallifi.

"G'arazgo'y yo'lsozlar" (Huquq, 28 iyul)

Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Olot tuman bo'limi boshlig'i, Mehriddin Kamolov, amaldorlar tomonidan yo'l qurilishida sodir etilayotgan talon-taroj ishlariga to'xtalib o'tadi.

"Darhaqiqat, mamlakatimizda iqtisodiyot rivojida alohida ahamiyatga molik bo'lgan avtomobil yo'llari qurilishiga katta e'tibor qaratilib, ana shu maqsadda har yili dvalatning necha yuz milliard so'm mablag'i sarflanmoqda. Afsuski, joylarda sohaning ayrim mutasaddilari - yo'lsozlik korxonalari rahbarlari ana shu mablag'ni o'zlashtirishdan o'zlarini tiya olishmayapti", deydi muallif.

Kamolov 2014 yilda "Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi" avtomobil yo'lining rekonstruktsiyasiga ajratilgan 900 million so'mdan ortiq mablag'ning "rastrata yo'li bilan talon-taroj qilingani" haqida to'xtalib o'tadi. Bu talon-taroj ishida bir korxona rahbari va Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi bo'lim mutaxassisi o'rtasidagi jinoiy til biriktiruv sabab bo'lganini ochiqlanadi. Bundan tashqari, yana 300 milliondan ortiq so'mlar davlat byudjetidan ushbu yo'ldagi ta'mirlash ishlariga deb talon-taroj qilingani aytiladi. Jinoyatchilarga qo'llangan "tegishli" jazo turi aytilmasdan maqolaga yakun yasaladi.

"E'tirof izlanishga rag'bat beradi" (Mahalla, 30 iyul)

Ro'znoma muxbiri Sadoqat Maxsumova Andijon shahri "Dalvarzin" mahallasidan ixtirochi Oybek Umarov faoliyati haqida hikoya qiladi. Muallif keyingi paytlarda Oybekning o'qishi bilan bog'liq vaziyatga oydinlik kiritmaydi. Avvalroq, Oybek ixtirolari va iste'dodi o'qishga kirishi uchun hech qanday imtiyozga sabab bo'lmayotgani xabar qilingan.

"Andijon kompyuter texnologiyalari kollejida o'qib yurgan kezlaridayoq ixtirochi deya nom qozongan qahramonimiz avvaliga jajji traktor, shamol generatori kabi g'aroyib mexanik qurilmalarni yasadi. O'g'lidagi texnikaga qiziqishni ko'rgan ota-ona unga hovlisida mo''jaz ustaxona tashkil etib berishdi. Yosh ixtirochi bo'sh vaqtini ba'zi tengqurlari kabi internet klublarida emas, shu ustaxonasida o'tkazishni ma'qul ko'rardi. "Jiguli" avtomobili, Xitoyning "Skuter" mopedini o'z ixtirolari bilan mukammallashtirdi. Uy ishlarida asqatadigan uch g'ildirakli mashina yasagani esa mahallada katta shov-shuv bo'ldi. Har bir ishiga mehrini berib, tinimsiz izlanadigan Oybek chizmalar chizishda ishlatadigan kompyuterini ham turli qismlardan yig'di. Yosh mexanikning izlanishlari besamar ketmadi. U yaratgan 'Qaldirg'och' nomli elektromobil - 80 kg og'rilikka ega mashina soatiga 45 km. tezlikda yura oladi. Ikki kishiga mo'ljallangan avtomobil ekologik toza, atrof-muhitga zarar etkazmaydi", deyilada maqolada.

"Quyosh panelli avtomashina loyihasini tayyorlab qo'yganman. Ushbu panellar quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiradi, elektr dvigatel mexanik kuchlanishi natijasida mashina harakatga keladi. Bugun biz, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan. Bu istiqlol sharofati tufaylidir. Shuning uchun ham mustaqilligimizning qutlug' 25 yillik bayrami arafasida loyihamni tayyor holga keltirmoqchiman. Kelajakda yangi innovatsion loyiha va texnik ishlanmalarim bilan o'zbek yoshlarining hech kimdan kam emasligi va kam bo'lmasligini yana bir karra isbotlashni xohlayman. Buning uchun bor bilim va mahoratimni ishga solaman", deydi Oybek Umarov.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring