O'zbekiston hukumati sizni qanday kuzatadi?

Internet orqali kuzatuv Image copyright Science Photo Library

Shu kunlarda davlat o'z fuqarolarini yashirincha kuzatishi maqsadida foydalanadigan yuqori texnologiyalar bilan bog'liq yana bir mojaro avj olayapti, bu mojaro markazida ham O'zbekiston turibdi.

Gap davlat o'z fuqarosining telefon so'zlashuvi, Internet orqali xat-xabar yuborish yoki muloqot qilishini kuzatib borish, shuningdek, davlat o'ziga dushman deb bilgan insonlarning kompyuterlariga xakerlik xurujlarini uyushtirish maqsadiga xizmat qiladigan softverlar haqida bormoqda.

AQShning "Associated Press" axborot agentligi xabar qilishicha, biror bir davlat tomonidan kuzatuv uchun zarur kompyuter dasturlarini sotib olish va o'rnatish naqadar osonligi batafsil yozilgan ma'lumotni qo'lga kiritgan.

AQSh-Isroil hamkorligidagi Verint Systems shirkati o'z mahsulotini dunyoning qator mamlakatlari qatori O'zbekistonga ham sotgan.

Verintning softveri ovozli suhbatlarni, emeyl va SMS xabarlarni "tutish" imkoniyatini beradi.

Qarorgohi Londonda joylashgan Privacy International tashkiloti tadqiqotlaridan ma'lum bo'lishicha, Verint bilan birga uning asosiy raqibi deb ko'rilgan Nice Systems shirkati ham hali 2000 yillardan buyon O'zbekiston hukumatiga juda ko'p kuzatuv mahsulotlarini sotgan.

Bu ikki shirkatning mutaxassislari Toshkentga muntazam qatnaydilar, maxsus xizmatlar xodimlarini bu dasturlarni qanday o'rnatish, ulardan qanday foydalanish borasida yo'l-yo'riq beradilar.

Privacy Internationaldan ushbu mavzuni o'rgangan Mari Bastashevskining aytishicha, Verint va Nice Systems Qozog'istonga ham o'z kuzatuv jihozlarini sotgan.

"Associated Press" yozishicha, O'zbekiston hukumati sotib olgan softverlarini ishga solib telefon so'zlashuvlari maxfiy eshitilgan, elektron maktublari o'qilgan yoki Skype suhbati tinglangan insonlar hibsga olinganlar, kaltaklanganlar, qiynoqlarga solinganlar.

AP misol tariqasida O'zbekiston hukumati qamagan Qudrat Rasulov faoliyatini keltirgan.

Qudrat Rasulov O'zbekiston rejimi tanqidchisi bo'lgan.

U o'zining tanqidiy maqolalarini taxallus ostida e'lon qilib borgan.

O'zbekistonlik jurnalist va inson huquqlari faoli To'lqin Qoraev hamda inson huquqlarini himoya qilish Human Rights Watch tashkiloti vakillarining fikricha, o'ta ehtiyot bo'lganiga qaramasdan, Qudrat Rasulov O'zbekiston maxsus kuchlarining kuzatuvi ostida bo'lgan.

Qudrat Rasulov yozayotgan har bir yangi maqolasi uchun yangi emeyl ochgan va chetga jo'natgan.

To'lqin Qoraev va Qudrat Rasulov Skype orqali maqolalarni muhokama qilganlar.

Shunday bo'lsa-da Qudrat Rasulov olti oydan keyin hibsga olingan va 8 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

"Ular Skaypini o'qiganlar. Ular uning telefon suhbatlarini tinglaganlar. Shuning uchun ular jinoyat ishini qo'zg'aganlar", deb aytgan o'zining so'z erkinligi huquqidan foydalangani uchun qamoqda o'tirgan Qudrat Rasulovning ishi haqida Human Rights Watch tashkilotining vakili Stiv Sverdlou.

"Associated Press" agentligi "o'z faoliyatingiz bilan siz repressiv rejimlarni qudratlantirmayapsizlarmi", degan savol bilan Verint va Nice Systems shirkatlariga murojaat qilgan.

Verintda hech qachon jurnalistlar bilan muloqot qilmasliklarini aytishgan.

Nice Systemsdan aytishlaricha, shirkat o'zining faoliyatida "boshqaruvning eng yuqori mezonlariga tayanadi va biznes kelishuvlarida axloqiy o'zini tutishga kuchli e'tibor qaratadi".

O'zbekiston hukumati o'z fuqarolarini qattiq kuzatishi yangilik emas.

Bundan oldin Teliasonera shirkati O'zbekiston hukumatiga mijozlarining mobil suhbatlarini tinglashiga izn berganini tan olgan, buni terrorizmga qarshi kurash ehtiyoji bilan tushuntirgan.

O'zbekiston hukumati Internetga to'siq qo'yish maqsadiga yirik mablag'lar sarflashi xabar qilingan.

2015 yil yozidan O'zbekiston ichkarisidagi insonlar bilan Skype orqali muloqot yo'li to'sib qo'yilgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring