Qiz o'g'irlash an'anami va yo jinoyat?

An'ana Image copyright AFP
Image caption An'ana

Ayrim urf-odatlar, an'analar bir emas, uch, to'rt yuz yil ham yashab qolishi mumkin.

Zamonaviy qonunchilikda jinoyat sanalsa ham, masalan, Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida "qiz o'g'irlash" hamon saqlanib qolganini kuzatish mumkin.

O'zbekistonda bu an'ana o'ta oz uchraydi, ammo qo'shni Qirg'iziston va Qozog'istonda shu kunlar ham qizlarni bo'lajak kuyovlar olib qochishayotgan ekan.

Muxbirlarga ko'ra, "qiz o'g'irlash" an'anasi bu davlatlarda biroz isloh qilingan.

Ya'ni, o'g'irlanadigan qizlar bilan avvaldan ahdlashish, kelishib olish holatlari ham talaygina, qolaversa, ba'zi holatlarda buni faqat an'anani saqlab qolish uchun "xo'jako'rsinga" o'tkazishmoqda.

Ammo Qirg'iziston va Qozog'istonda qizlarni hech bir kelishuvsiz olib qochish, turmushga majburan berish holatlari hali ham uchrab turadi.

Yaqinda Olma-ota shahrida ana shunday noxush voqea ro'y bergani xabar qilindi.

Shaharning qoq markazidan endigina maktabni bitirgan 18 yoshli Juldiz Ermanova o'g'irlab ketildi.

Bu haqdagi xabar yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Internet faollari bu yosh qizni qidirib topishda bir-birlari bilan hamkorlikda harakat qilishgan.

Foydalanuvchilar hatto "eskilik sarqiti" qurboni bo'lgan qizni izlashga Milliy gvardiyani jalb etilishini talab qilishgan.

Politsiyachilarni jinoyatchilarga qattiqo'l munosabatda bo'lishga undashgan.

Solomon ismli foydalanuvchi shaharda kameralar o'rnatilishi kerak, deb hisoblashini aytgan.

"Har yili asfalt yotqizavermasdan akimatdan (hokimiyat) kameralar o'rnatilishini talab qilish kerak"

"Kech bo'lmasidan avval ekstrasenslarga yordam murojati qilish kerakdir", deb so'raydi Babushka ismli boshqa bir foydalanuvchi.

Milashka ismli foydalanuvchi: "Judayam go'zal qiz ekan! Balkim uni kelin qilishga o'girlashgan? Eson-omon qaytsa bo'lgani…"

Avgust oyining birinchi kunida g'oyib bo'lgan Juldiz oradan ikki kun o'tib uyiga qaytgan.

Xabarda keltirilishicha, Juldiz haqiqatdan ham "qiz o'g'irlash" qurboni bo'lgan.

Qiz turmushga chiqishga rozi bo'lmagandan so'ng va "o'g'ri kuyov"ning ota-onasi hodisa atrofidagi shov-shuvlardan qo'rqib qolishgani sababli qizni qo'yib yuborishgan.

Foydalanuvchilar qiz topilganligi to'g'risidagi xabardan mamnun bo'lishgan va "o'g'ri kuyovni" qoralashgan.

Qizning oilasi e'sa o'z navbatida "o'g'rilarga" qarshi jinoiy ish qo'zg'atilishini talab qilmasliklarini va'da berishgan.

Shunga qaramay kuyovni jazoga tortilishini talab qilganlar xam topilgan.

"Bu nima digan gap? Axir 21-asrda yashayapmiz! Bunday kuyovlarni qamash kerak", degan Alende.

Er bol: "Odam o'g'irlashda ayblab qamatish kerak, meni ham qiz farzandim bor, bunaqangi ahmoqlar ozodlikda sayr qilib yurishlariga qarshiman. Kallasini sapchadak uzib tashlar edim".

"Qilgan ishi jazosiz qolganini ko'rib bu shaxs boshqa qizlarni ham o'g'irlashi mumkin. Qizning ota-onasi boshqa qizlarni o'ylab, uning ustidan jinoy ish qo'zg'atilishini talab qilgani ma'qul", deydi a999.

Foydalanuvchi Quest esa "Tushunmaganlar uchun bu yovvoyilik. Men ham o'g'irlaganman, meni uchta opamni xam o'g'irlashgan, bu fojea emas hammamiz baxtiyormiz va farzandlikmiz", deb yozgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring