MTS O'zbekistonni yana tark etadimi?

MTS Image copyright Social Media
Image caption MTS

Rossiyaning eng yirik mobil aloqa shirkati MTS yana O'zbekistonni tark etish tadorigiga tushgan.

Bu haqda Reuters doxil bir necha axborot agentliklari xabar bermoqda.

Interfaks xabariga ko'ra, shirkat o'zining 50 foiz hissasini mahalliy hamkorlariga "ramziy narxda" sotishga qaror qilgan.

MTS ning sobiq Sho'ro davlatlaridagi faoliyatini AQSh Adliya vazirligi tekshirayotganiga doir xabarlar o'rtaga chiqqan edi.

Bundan ikki oycha avval 4 yil oldin kamida 9 million mijozni mobil aloqasiz qoldirgan MTS shirkati yana O'zbekistondagi biznesi ulushlarini sotishi haqidagi xabarlar paydo bo'lgandi.

O'zbek rasmiy mulozimlari ham, Moskvadagi MTS shirkati ham Rossiya axborot agentliklari, ro'znomalar va Internet nashrlari tarqatayotgan xabarlarga rasman munosabat bildirmagandi.

2012 yilgi mojarodan keyin 2014 yil 1 dekabrida MTS O'zbekiston mobil aloqa bozoriga qaytgan, O'zbekistonning "Radioaloqa, radiouzatish va televidenie" davlat korxonasi bilan birga Universal Mobile Systems (UMS)ga asos solgan edi.

UMSning aktsiyalar paketida 50,01 foiz MTSga, qolgani "Radioaloqa, radiouzatish va televidenie" korxonasiga tegishli bo'lgan.

Bu AQSh Adliya vazirligi MTSga nisbatan olib borayotgan aksilkorruptsiya tekshiruvini hal qilish maqsadida talab qilinayotgan shartlardan biri bo'lishi mumkin, deb aytgan O'zbekiston texnologiyalar va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligidagi manba.

O'tgan yili AQSh Ovro'podagi besh mamlakatdagi jami 1 milliard dollar atrofidagi mablag'ni hibs qilishni so'rab murojaat qilgan, bu aktivlar O'zbekistonning telekommunikatsiya bozoridagi korruptsiya bilan bog'liq ishga aloqador deb ko'rilgani aytilgan.

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, o'zlarining o'tkazgan tergovi natijasida Rossiyaning Vimpelcom va MTC shirkatlari, Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati O'zbekistondagi telekommunikatsiya shartnomalarini qo'lga kiritish uchun O'zbekistondagi amaldorlarga pora berganlari aniqlangan.

Vimpelcom Ltd o'z aybini tan olgan va O'zbekistondagi "Bilayn"ning egasi AQSh Adliya vazirligi, Qimmatbaho qog'ozlar va birjalar bo'yicha komissiya va Gollandiya prokuraturasi bilan korruptsion tekshiruvni hal qilish maqsadidagi bitimlarni imzolagan.

Vimpelcom 795 million dollar to'lashga rozi bo'lgan.

Biroq MTS Amerika tarafi hibsga olishni so'ragan Ovro'podagi aktivlar o'ziga tegishli emasligini aytgan.

MTS bayonotida aytilishicha, "Ovro'poning qator mamlakatlarida AQSh davlat organlari hibsga olishda ko'maklashish so'rovini yuborgan aktivlarning sohibi emas".

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring