Ostona: Korruptsiyaga qarshi videokameralar

Ostona Image copyright Thinkstock

Ayon bo'lishicha, bundan buyog'iga Ostona hokimligi tarkibiga kiruvchi hech bir idora mas'uli o'z xonasida tadbirkorlar bilan biror bir hujjatni imzolay olmaydi.

Bundan tashqari, ular bilan rasmiy ish vaqtidan tashqarida ham uchrasha olmaydi.

Bu haqda hokimlik rasmiy web sahifasidagi xabarda ma'lum qilinadi.

Xabarda aytilishicha, korruptsiya hollarining oldini olish uchun Ostona hokimligi binosi birinchi qavatida maxsus xonalar tashkil qilinadi.

Bu xonalar kuzatuv va ovoz yozish uskunalari bilan jihozlanadi.

Mas'ul mulozimlarning tadbirkorlar bilan barcha uchrashuvlari aynan shu xonalarda o'tkaziladi.

Rahbarlarning biznes vakillari bilan qanday ish yuritishlariga oid bu kabi yangi talablar bilan Qozog'iston poytaxti hokimi Korruptsiyaga qarshi kurashuvchi muassasalararo hay'atning majlisi chog'ida chiqqan.

Rasmiy xabar tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, yangi tartib-qoidalar tenderlar o'tkazish, ishlarning bajarilganiga oid aktlarni imzolash, er uchastkalarini ajratish va shahardagi butun qurilish jarayonlarini qamrab oladi.

Ammo Ostona hokimi birgina shu xabarlarning o'zi bilan cheklanib qolmagan.

Odob-axloqqa ham rioya eting

Image copyright Thinkstock

Aset Isekeshev majlis chog'ida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtlarida odob-axloq me'yorlariga rioya etishlari lozimligini ham urg'ulagan.

Jumladan, ular xizmat mashinalaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasliklari lozimligini alohida ta'kidlagan.

Hokim janoblariga ko'ra, korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun poymol etilgan har bir holat uchun o'sha idora rahbarining shaxsan o'zi javob beradi.

Aset Isekeshevning aytishicha, "bunga o'xshash amallar xalq ko'z o'ngida butun hokimlikning obro'sini to'kadi, ularning davlat idoralariga bo'lgan ishonchlariga putur etkazadi".

"Xuddi shu bois ham, ko'zda tutilayotgan barcha bu choralar rahbar shaxslar va davlat idoralari faoliyatining shaffofligini ta'minlash uchun zarur".

"Transparency International" xalqaro tashkilotining dunyo mamlakatlaridagi korruptsiya hollari bo'yicha ro'yxatida Qozog'istonning nomi ilk bor 1999 yilda paydo bo'lgan.

Xalqaro tashkilotning o'tgan yilgi so'nggi hisobotida esa, Qozog'iston korruptsiya darajasi bo'yicha jahonning 167 davlati orasidan Qirg'iziston bilan birga 123-o'rinni egallagan.

Ammo, ta'kidlash joiz, shunda ham bu qolgan Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi natija bo'ladi.

Qozog'istonda korruptsiya, ayniqsa, neft sohasida rivojlangani, ammo ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarining ham kabi hollardan mustasno emasligi aytiladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring