"IShID zaiflashmoqda, ammo..."

AQSh prezidenti Image copyright Reuters

"...haliyam jiddiy tahdidligicha qolmoqda". Bunday bayonot bilan AQSh Prezidenti Barak Obama chiqqan.

Prezident Obamaning aytishicha, Yaqin Sharqdagi bu jangari guruhga qarshi olib borayotgan harbiy amaliyotlari o'z natijasini bermay qolmagan.

IShIDning Suriya va Iroqdagi mavqe'si avvalgiga qaraganda zaiflashgan.

Ammo, AQSh rahbariga ko'ra, IShID hozir o'z e'tiborini Yaqin Sharq chegaralaridan tashqariga qaratayotgan bo'lishi mumkin.

Prezident Obama nazdida, jumladan, Frantsiya, Turkiya va Bangladeshni bu guruh hujumi tahdidi ostidagi davlatlar sirasiga kiritish mumkin.

Amerika rahbariga ko'ra, agar, IShIDga qarshi yanglish ish tutishsa, bu qarorlari o'zlariga ham ziyon etkazmay qolmaydi.

Barak Obamaning aytishicha, bu jangari guruhga qarshi harbiy amaliyotlar chog'ida tinch fuqarolar o'limiga yo'l qo'ymaslik lozim.

Bundan tashqari, olib borayotgan siyosatlari ham "tamaddunlar", ya'ni G'arb va Islom o'rtasidagi to'qnashuv sifatida ko'rinib qolmasligi kerak.

"Aks holda bu aynan IShIDga qo'l keladi. Ularning Islomni yanada yanglish talqin etishlariga keng yo'l ochadi", - deb aytgan AQSh prezidenti.

Ammo

Lekin, Barak Obamaning Pentagondagi uchrashuvi ortidan bayon qilishicha, "IShID, baribir, mag'lubiyatga yuz tutadi".

Suriyaning Raqqa va Iroqning shimoliy Mosuldagi tayanch nuqtalari nazoratini ham tez orada boy beradi.

AQSh prezidenti, o'z o'rnida, o'tgan bir yil davomida IShID Suriya va Iroqda keng ko'lamli biror bir hujum uyushtirishga qodir bo'lmaganini ham alohida qayd etib o'tgan.

Barak Obama shu yilning aprel oyida ham IShID haqida xuddi shunga o'xshash bayonot bilan chiqqan.

IShID himoyalanishga o'tgani, guruhning Suriya va Iroqdagi mavqe'lari zaiflashib borayotganini bayon qilgandi.

AQSh prezidentiga ko'ra, aynan o'z mamlakati boshchiligi ostidagi harbiy koalitsiyaning sa'y-harakatlari sabab IShID a'zolarining soni o'tgan ikki yil ichida keskin kamaygan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring