O'zbekistonda militsiya politsiyaga aylanadimi?

Davlatga qarashli "Xalq so'zi" ro'znomasi xabar berishicha, O'zbekistonda "Ichki ishlar organlari to'g'risida" deb nomlangan qonunning loyihasini tayyorlashga kirishilgan.

"Ichki ishlar idoralari to'g'risida" qonun loyihasi parlamentning quyi palatasi partiya fraktsiyalari yig'ilishida muhokama etilgan. So'ngra birinchi o'qishdan o'tgan.

Qonun ichki ishlar idoralarining mavqeini mustahkamlaydi, qonunchilikni ta'minlash va bu sohada xizmatchilarning o'z vazifalarini bajarishda mas'uliyatni oshirishga xizmat qiladi, deb yozadi ro'znoma.

Xabar qilinishicha, hukumat tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga tegishli idoralar, ekspertlar va jamoatchilik vakillari jalb qilingan.

Militsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun shu paytgacha qabul qilinmagan.

Inson haqlari guruhlari mustaqil bo'lganidan 25 yil ham o'tib ham O'zbekistonda militsiyaning davlatdagi maqomini belgilab beradigan qonun qabul qilinmaganini tanqid qilib kelishadi, aynan shu qonunning yo'qligi mamlakatda inson huquqlari poymol etilishidagi omillardan biri sifatida tilga olinadi.

O'zbekiston militsiyasi hozirgacha 1991 yildagi qoidalar asosida faoliyat yuritadi. Mahalliy faollarning aytishicha, militsiyaning maqomi va kafolatlarini belgilab beruvchi to'laqonli qonunning yo'qligi mamlakatda huquqbuzarliklar yuz berishiga yo'l ochadi. Hukumat bu borada qonun loyihasini 2012 yilda ham tayyorlagan, biroq noma'lum sabablarga ko'ra keyin to'xtatib qo'yilgan edi.

Xalq so'zi" ga ko'ra, Prezident Islom Karimovning 2015 yil 5 dekabr Konstitutsiya kuni munosabati bilan chiqishidan so'ng yangi qonun loyihasiga kirishilgan.

Karimov o'shanda o'z chiqishida mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralariga qarata kamdan-kam qiladigan ba'zi tanqidiy gaplarni bildirgan. "Qonunga rioya qilmaslik va qo'pol tartibbuzarliklar huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi idoralarning o'z vazifasiga vijdonsizlarcha munosabati sababli doimiy tus oldi", deb aytgan prezident.

Deputatlarga tayanib xabar bergan UzReport.com sayti yangi qonun loyihasi politsiya xodimlarining asosiy vazifalari, burchlari, vakolat va majburiyatlarini aks ettirishi bilan muhim ahamiyatga ega, deydi.

Qonun shuningdek, politsiya xodimlarining ish sharoiti va ijtimoiy ta'minlashni aniqlab beradi.

Qonun loyihasi ichki ishlar idoralarining maqomini tartibga soladi, ularning davlat va jamiyatdagi aniq idoraviy tizimi, burchlari, huquq va vazifalari, tutgan o'rnini belgilaydi, deyiladi xabarda.

O'zbekistondagi Mustaqil inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi rahbari Sur'at Ikromovning Bi-bi-siga aytishicha, bunday qonun allaqachon kerak edi.

Bu qonunni qabul qilish bo'yicha parlamentga 2001 yil topshirilgan, ya'ni rosa 15 yil bo'ldi bunga. Ichki ishlar xodimlarining o'zi bunday qonunga, ya'ni o'z vazifalari, vakolatlarini aniq qonuniy asoslagan hujjatga muhtoj edilar, deydi u.

Qonun qabul qilish yaxshi narsa, lekin hali u ishlashi kerak Shu bilan birga, bu qonun ichki ishlar xodimlari uchun engillik bo'ladi, deb qayd etadi Sur'at Ikromov.

O'zbekistonda politsiya yoki militsiya haqidagi qonunning yo'qligi bu tizim xodimlari uchun qachon jismoniy kuch qo'llash, qachon o'qotar qurolni yoki maxsus vositalarni ishga solish bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqaradi.

O'zbekistonda bu tizimdan faqat jazolash maqsadida foydalanilishi tanqid qilib kelinadi.

Militsiya xodimlari ham ushbu tizim haqidagi qonun qabul qilinmagani o'zlarining ijtimoiy muhofazasida muammolarni yuzaga keltirganidan shikoyat qilishgan huquq faollariga.

Ko'pincha, bizga murojaat qilgan holatlar bo'lgan "sizlar, huquq faollari ko'tarib chiqinglar. Bizga qonun kerak, charchadik bunday ishlashdan, og'zaki buyruqlardan", deganlar bo'lgan shaxsan.

Shuning uchun aytishim mumkin, militsiya yoki politsiya haqidagi qonun qabul qilinsa, ichki ishlar xodimlarining o'zi uchun yaxshi bo'ladi, deydi huquq faoli.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Ўзбекистондаги Мустақил инсон ҳуқуқлари ҳимоячилари Ташаббус гуруҳи раҳбари Суръат Икромов

Militsiyami politsiyami?

O'zbekistonda jamiyatdagi tartibni saqlashga qaratilgan tizimning nomi Sho'rolar davridan saqlanib qolgan.

Militsiya so'zi ingliz tilidagi militia so'zidan olingan bo'lib, u "qurolli", "lashkar" ma'nolarini anglatadi.

G'alayonlar payti jamoat tartibini saqlash maqsadida tashkil etilgan, davlatning huquqni muhofaza qilish organlari tarkibiga kirmagan, ko'ngillilardan tarkib topgan muntazam bo'lmagan qurollilarning guruhiga militsiya deb nom berilgan.

1917 yilda Chor Rossiyasidagi Vaqtli hukumat Rus podshosining politsiyasi o'rniga jamoat tartibini saqlash uchun "xalq lashkarlari" yoki "xalq militsiyasi"ni tuzishga qaror qiladi.

Oktyabr inqilobini sodir etgan bolsheviklar esa o'zlarining huquqni muhofaza qilish organlariga militsiya nomini beradilar, keyin esa bu nom SSSR tarkibiga kirgan respublikalarda ham qabul qilinadi.

70 yildan ortiq vaqt davomida 10 noyabr Sovet militsiyasining kuni sifatida bayram qilingan.

O'zbekistonda esa 25 oktyabr Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni deb e'lon qilingan.

SSSR parchalanganidan keyin qator sobiq Sho'ro respublikalari o'zlaridagi tizimlar nomini politsiya deb o'zgartirdilar.

Rossiyada ham 2011 yil 1 martidan militsiya politsiya deb atala boshladi.

O'zbekistonda "Ichki ishlar organlari haqidagi" qonun qachon qabul qilinishi ma'lum emas.

Qonunchilik bo'yicha qonun loyihasi mamlakat parlamenti quyi palatasida qabul qilinishi, uni O'zbekiston Oliy Majlisining Senati tasdiqlaganidan keyin mamlakat prezidenti imzolashi talab etiladi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.