O'zbekistonda...Sulaymonning uzugi haqida

Qog'oz va qalam
Image caption "Yozsammikan..."

Men uchun maqola yozish tunda qabristonga borib nutq o'qib kelishday voqeaga o'xshamoqda. To'g'ri, bu tushkunlikning mevasi, odam o'zini ifoda qilmay yursa shu ahvolga tushadi, ruhshunoslar aytganday "Men"idan ayriladi. Yozgan matni xira chiqadi, o'xshamaydi. Xuddi jin tekkanday.

O'tgan hafta Londonda madaniy voqea bo'ldi. To'g'rirog'i, eskirgan voqeaning davomi kuzatildi: Harri Potter sarguzashtlarining navbatdagi kitobi sotuvga chiqti. Mahalliy matbuotimiz aynan shu hafta bestseller kitoblarni mutolaa qilish xavfidan ogohlantirdi, ommaviy madaniyat aynan shu kitoblar orqali ham kirib kelayotgan emish.

Harri Potter haqida kitoblarning bir qismini ingliz tilidan Munira Menglieva ismli tarjimon o'girgan edi adashmasam, yana bir qismini tarjimon Shokir Dolimov o'girmoqda deb eshitdim. Yaqinda u Facebook sahifasi orqali ham bu haqda kichkina bayonotcha bergan edi.

Yozuvchi Baxtiyor Abdug'afurning "Olamlar kurashi" kitobi H.P. shaklida sharqona ruhda yozilgan edi, mening fikrimcha. O'tkan yil "Yilning eng yaxshi kitobi" deb ancha dabdaba bilan internet sahifalarida ko'tar-ko'tar qilindi ham. Ko'p o'tmay hammaning dami ichiga tushib ketdi, kutilgan natija chiqmadi: kitob kam tirajda sotildi. Umuman, sal jiddiy adabiyotning bozori kasodga uchradi, shekilli.

Barcha yozuvchiyu munaqqidlar bu masalaning aybdorini topishgandek shoir Ahad Qayumga tashlanib qolishdi. Sababi, Ahad Qayum kitoblari 100 minglab tirajda el orasida sotilmoqda. Adabiyotshunos Dilmurod Quronov "She'rda mantiq, did, ahloq va boshqalar xususida" nomli uzundan uzoq maqola yozib Ahad Qayum fenomenini go'yoki fosh etib tashladi.

Chunonchi, u: "Dangalini aytsam, Ahad Qayum she'rlarini o'qiganda "bu yigit o'zbek tilini biladimi yo endi o'rganyaptimi?" degan andisha keladi", deb yozadi. Tan olish kerak, 100 minglab o'quvchining talabi, didi shunaqa "o'zbek tili" saviyasidagi kitoblarga ko'zi tushayotgani fakt, albatta. Ahad Qayum bo'lmaganda, boshqa u kabi shoir maydonga chiqardi, masalan. O'quvchi tafakkuri pastga sho'ng'iganidan dalolat bu, albatta. Masalan, o'tkan asrning 90 yillar boshida Ahad Qayum darajasidai kitoblarni hech kim o'qimasdi, bu ham fakt.

Yangi asrda Antropomorfist-odamshunos olimlar odam borlig'ida joylashgan Xudo zarrasi haqida yozishmoqda. Aytgancha, "Ming bir kecha" ertaklar majmuasida ham ushbu zarra haqida gap ketadi, eslasangiz. ("Yangi asr avlodi" nashriyoti "Ming bir kecha" ni hamyonbop shaklda nashr etyaptiyu lekin bu kitob ham ko'zlanganidek natija bermayapti, yaxshi sotilmayapti shekilli. Ko'zim tushib qoladi, kitob do'konlarida chang bosgan holda turibdi.) Sulaymon uzugi, javhar, ruh qushi, gavhar, ajdarho qo'riqlayotgan xazina va xokazo. Mumtoz adabiyotimizda ham shu haqda gurung, ishora ketgan. Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Yassaviy asarlaridagi javhar haqidagi matnlarni eslang. Odam Qadri tushunchasi ham, aslida botindagi ushbu zarradan tarqalayotgan tiriklikka aytiladi, deyishadi.

Antropomorfist olimlar, jamiyatda adolat, hayo, so'z erkinligi, to'g'rilik va boshqa shu kabi abstraktday go'yo tuyilgan tushunchalar haqiqatdan ishlasa, odam botindagi o'sha javharga shuncha yaqinlashib boradi deb xulosa qilishadi. Aslida u orqali biz tirikmiz, harakat qilamiz. Uni hozirgi zamonaviy texnologiyalar orqali aniqlashning ham iloji yo'q, bu mumkin ham emas deyishadi. Donishmand Suqrotning dengiz sohili bo'yida o'qishni ham bilmaydigan yosh bolani mushohadaga chorlaydi. Natijada uning botinidan Pifagor teoremasini "sug'urib" oladi; bolakay teoremadan xabari yo'q holatda ushbu teoremani og'zidan "gullab" qo'yadi. Bolalar fitrati asl ilmlar jamlangan o'sha zarradan uzoqlashmagan bo'ladi deyishadi. Bor gap.

Antropomorfist olimlar fikri buzuqni qadimda jin deyishgan degan mulohazani o'rtaga tashlashadi. Shuningdek, chala-chulpa va orqasi yo'q matn ham jinmatn bo'ladi. Qadimda uzuklar hukmdori Sulaymon jinlarni ishlatib baland va hashamatli binolarni qurdirgan. Sodda odamlar: "Jinlar hozir ham bormi? Bor bo'lsa, qani ular?" - degan savolni o'rtaga tashlashadi, albatta. Bu savolni faqat mulohaza etib va mushohada orqali odam o'z tajribasida aniqlab olishi mumkin. Odam o'zining fitratidan qancha uzoq bo'lsa, demak u jintabiat bo'ladi, va botindagi osmondan unga g'oyalar, ilm, fikrlar enmaydi. U osmondan biror ilm o'g'irlamoqchi bo'lgan taqdirda osmon qo'riqchilari tomonidan quvib etiladi, deyiladi muqaddas kitobda. Odam yangilik, ixtiro qilish avvalo niyati toza bo'lishi kerak deyishadi. Demak, bekorga aytilmagan ekan bu gap: Niyat - yarim davlat.

O'sha javharga yaqin bo'lgan odamlar o'sha javhardan uzoq bo'lganlar ustidan hukm qilishga yaqinroq bo'ladi. Aslida ham dunyodagi bor tirik narsa shu javharga tobe, aql u orqali hosil bo'ladi.

Bundan chiqti, Ahad Qayum o'z javhariga yaqin ekan, shuning uchun 100 minglab muxlisu muxlisalari bor degani emas. Aksincha, bu shoir obrazi orqali saviyaning, tafakkurning tushib ketishi sabablarining antropologik jihatlariga ko'z tashladik, xolos.

Qaysi mamlakatda odam Qadri birinchi o'rinda tursa, asosiy masala bo'lsa o'sha mamlakat kuch-qudratli bo'ladi. Fikr taraqqiyotida doim yangi bosqichlarga ko'tariladi. Xuddi Sulaymon uzugi sohibidek butun dunyoga ta'sir ham o'tkazadi, bu tabiiy albatta. Odam qadri erga urilgan jamiyatlar esa xuddi Sulaymonning jinlari kabi hayot kechirishadi…

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring