Rossiyada ish haqini undirolmayotgan muhojirlar ko'paymoqda

Muhojirlar Image copyright Ria novosti
Image caption Muhojirlar

Joriy 2016 yilda Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarning ish haqini undirishda turli xil qiyinchiliklarga duch kelishayotgani haqidagi xabarlar matbuotda tez-tez ko'zga tashlanmoqda.

Jumladan, "Novaya gazeta" haftaligida chop etilgan maqolada O'zbekistonning Qashqadaryo viloyatidan mardikorlikka kelgan Salohiddin Xurramov ismli yigit haqida so'z boradi.

Asli kasbi iqtisodchi bo'lgan Salohiddin 2009 yildan buyon Moskva ko'chalarini supurar ekan.

Oxirgi vaqtlarda o'z maoshining keskin qisqarib ketganidan norozi bo'lgan Salohiddin ishga g'irromchilik aralashayotgani borasida huquq-tartibot organlariga shikoyat qilgan.

Bu ish yuzasidan o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida Moskvada ko'cha-ko'ylarni tozalayotgan markaziy osiyolik muhojirlar maoshining kattagina qismi turli hiyla-nayranglar vositasida shu ishga mas'ul mahalliy boshliqlar cho'ntagiga tushayotgani aniqlangan.

Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar kasaba uyushmasi rahbari Renat Karimov uyushma nomiga jabrdiyda mardikorlardan doimiy ravishda shikoyat arizalari tushib turishi haqida Milliy axborot agentligiga ma'lum qilgan.

Shuningdek, kasaba uyushmasi rahbari muhojirlarning ish haqini undirib berish uchun ba'zida ish beruvchiga qo'ng'iroq qilib suhbatlashish kifoya qilsa, ba'zan ish yuzasidan sudga murojaat qilishga ham to'g'ri kelishi haqida so'zlagan.

Jumladan, Rostov viloyatida mehnat qilayotgan muhojirlar orasida ham bunday qallobliklarga duchor bo'layotganlar bor ekan.

Tojikistonlik g'isht teruvchi ustalar Rostov viloyatining Bolshie salы qishlog'ida ikki oy davomida uch qavatli binoni qurib bitkazishgan. Lekin ish sifati talabga javob bermaydi degan bahona bilan ish haqining bir qismi ushlab qolingan.

"Avval boshdanoq ishimiz yoqmagan bo'lsa aytishlari kerak edi, to'g'rimi? Ikki oy ishladik, oxirida ishimizdan kamchilik topib, kelishilgan pulni berishdan bosh tortishdi", - deydi ulardan biri Furqat

Qurilish korxonalarida ishlayotgan markaziy osiyoliklar iqtisodiy inqiroz sababli ish haqi o'z vaqtida to'lanmayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Abdusami ismli muhojir shunday hikoya qiladi:

"Ikki-uch oy ishlasak, bir oylik haqimizni berishyapti. Qolgani keyin berilar emish. Hozirgacha ancha pulimiz yig'ilib qoldi. Bu pullar miqdori ko'paygan sayin xavotirimiz oshyapti. Ertaga pulimizni berishmasa nima qilamiz?.. Doimiy ish joyimiz shu firma, tashlab ketsak, boshqa ish topgunimizcha mavsum o'tib ketadi. Shunga tavakkal qilib ishlab yotibmiz".

O'zbekistonning Samarqand shahridan mardikorlikka kelgan Salim aka ish haqini undirishdagi qiyinchiliklar ish beruvchi va muhojirlar o'rtasida yozma ravishda shartnoma tuzilmasligidan kelib chiqyapti degan fikrda.

"Biznikilar deyarli hammavaqt ish beruvchining "halol lafzi"ga ishonishadi. "Shu ishni falon pulga qilasan, falon muddatda pulingni beraman" degan quruq gapga rozi bo'lamiz. Butun boshli uylarni qurib beramiz. Qo'limizda shu gaplarni tasdiqlaydigan bir hujjat bo'lsa, aldangan taqdirda tegishli joylarga arz qilib, haqimizni undirib olsak bo'ladi. Hujjat bo'lmagandan keyin ishni qanchaga kelishganingizni qanday isbotlaysiz? Hamma joyda ham odamga emas, qog'ozga ishonishadi", - deydi Salim aka.

Rossiya migratsion qonuniga muvofiq ish beruvchi va ishga yollanuvchi o'rtasida shartnoma tuzilishi kerak, ammo...

Jismoniy shaxslar tomonidan ishga yollanayotgan muhojirlarning aytishicha, bunday hujjatlar tuzish kerakligi ko'plarning xayoliga ham kelmaydi.

"Har doim shunday, ishni og'zaki kelishib qilaveramiz. Qog'ozbozlik qilib o'tirasizmi? Bunga ko'pincha ish beruvchilar ham rozi bo'lishmaydi. Ortiqcha bosh og'riq. Bir oy-yarim oy ishlab ko'ramiz, pulimizni vaqtida to'lab tursa, davom ettiramiz, bo'lmasa tashlab ketish mumkin. Ko'plar bir hafta bir joyda ishlasa, kelasi hafta boshqa joyda ishlaydi. Bir haftalik ish uchun shartnoma tuzasizmi?", - deydi O'zbekistonning Farg'ona viloyatidan kelgan usta Ravshanbek.

Yuridik shaxslar qo'lida ishlayotgan muhojirlar esa shunday shartnomalar tuzishga majburdirlar. Ammo bu shartnomalar talab qilingan idoralarga ko'rsatilishi uchungina tuzilgan bo'lib, ko'p hollarda muhojirning ish haqi shartnomada belgilanganiga to'g'ri kelmasligi ma'lum qilinmoqda.

Ishchilardan biri Qosimjon hikoya qiladi:

"Qurilishda suvoqchi bo'lib ishlayman. Ish haqi ishga qarab. Bir kvadrat metr uchun 100 rubl to'lanadi. Korxona bilan tuzilgan shartnomada esa bir oylik maoshim 22500 rubl belgilangan. Agar menga ish haqimni to'liq bermay, 22 yarim ming berishsa ham hech qaerga shikoyat qilolmayman. Menga o'xshaganlar to'lib yotibdi. Shunga rozi bo'lib qo'l qo'yganmiz", - deydi u.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring