Tramp: o'zbekistonliklar AQShga kirmasin!

Donald Tramp Image copyright AFP

AQSh Prezidentligiga Respublikachi partiyadan nomzod Donald Tramp yana muhokamalar qarshisida qoldi.

Bu safar u o'zbekistonliklarni Amerikaga kiritmaslikka chaqirdi.

4 avgust kuni Portland shahrida yig'ilgan o'z tarafdorlari namoyishida janob Tramp boshqa davlatlardan musulmonlarni Qo'shma Shtatlarga kirishini taqiqlash g'oyasini eslar ekan, ularni terroristlar deb atadi.

Tramp janoblari o'z chiqishida Iroq, Suriya, Afg'oniston, Pokiston, Yaman, Somali, Marokash kabi davlatlarni aytar ekan ular qatorida o'zbekistonliklarni ham keltirdi.

Tramp AQShning Aydaxo shtatida terrorchilikni qo'llaganlikda ayblanib, 25 yilga qamalgan o'zbekistonlik Fazliddin Qurbonov bilan bog'liq voqeani, Boston portlashlarini uyushtirgan aka-uka Tsarnaevlarni esladi.

Ayni paytda Trampning O'zbekistonni ehtimoliy terrorchilar yetishtirib berayotgan davlatlar safiga qo'shishi ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklarning g'azabnok munosabatlariga sabab bo'lgan. 4 avgust kuni Portlenddagi chiqishida respublikachilar nomzodi o'z tarafdorlaridan O'zbekiston qaerda ekanini bilasizlarmi, deb ham so'ragan.

Trampning so'zlari odatdagidek ijtimoiy tarmoklarda muhokama qilinmoqda. (Izohlarning aksariyati tahrirsiz)

Elyor Timurov: "Agar haqiqatdan shunday fikrda bo'lsa, demak u telba", deb yozadi.

Djamolitdin Kadirov: "O'qimagan macqaraboz. Bitta gappi bilan 32 million aholiga ega mamlakatni o'ziga qarshi qilib qo'ydi!" deb izoh qoldirgan.

Elena Isaxanova: "Bu gap meni havotirlantiryapti. Ularning faqat bir usullari bor, Oldiniga senga tamg'a qo'yib keyin 'davolashni' boshlashadi. Olloh asrasin!" deydi.

Anora Ismatovaga ko'ra: "Boshqa mamlaktlar bilan solishtirganda, O'zbekiston haqida gapirmasa ham bo'lar edi".

Jamshid Qutliyev: "Ahir u qo'g'irchoqku, ularning qo'g'irchoq oynatuvchilari juda yahshi berkingan, shu sababdan uning gaplari sariq chaqachalik qadri yo'q", deydi.

Javohir Irismatovning aytishicha: "Yaxshisi o'sha terrorchilarga homiylik qilishni to'xtatishsin."

Anna Leonidovna Grigorevaning fikricha: "Amerika demokratiyasi uchun navbatdagi nishon bo'lib qolmasak bo'ldi. Ulardan hamma narsa kutsa bo'ladi".

Zulya Emirzakova esa: "Shunchaki O'zbekistondagi go'zal hayotdan behabar bu inson. Agar kelib bu erlarni ko'rib ketsa fikrini o'zgartiradi deb ishonaman" desa.

Foydalanuvchi Gulnara Xamraxodjaeva: "Hukumatimiz bizlarni hafa qildirib qo'ymaydi degan umiddaman. Bizning I. A. Karimov bunaqa insonlar bilan qanday muomila qilishni biladi. Bizning prezidentimiz zo'r!" deb fikr qoldirgan.

Asror Allaev: "Odam borki odamlarning naqshidur Odam borki hayvon undan yaxshidur. Bejizga hazrat Navoiy aytmaganlar. Yuzida nur yuq bunaqalarni sovuqbashara. Bunaqalarga bu dunyoda berildi quyaveringlar akillaversin", deb yozadi

Adxam Umarov: "Bizni yurtimizda ularni malaylari kolmadi shuning uchun shunday degan. TIShI utmayapti i utmidixam", degan fikrda ekan.

Rustam Mamatkulov: "O'zbekiston xukumati uni sudga berish kerak bu gaplari uchun" deydi.

AQSh Prezidentligiga nomzod Donald Tramp joriy prezident Barak Obamaning "Tramp prezidentlikka loyiq emas", degan tanqidiy so'zlariga javoban uni sustkashlikda ayblab, boshqaruvidagi yillarni fojea deb atagan, raqibi Xillari Klintonni esa iblis degan edi.

Kuni kecha Respublikachi partiyaning nufuzli 50 a'zosi e'lon qilgan ochiq xatda amerikaliklarni Donald Trampga ovoz berishdan ogohlantirdilar.

Oq uyning respublikachi ma'muriyatlarida xizmat qilgan milliy xavfsizlik ekspertlari fikricha, Donald Tramp Amerika tarixidagi eng aqlsiz prezident bo'lishi mumkin. Ularga ko'ra, Trampda davlatni boshqarish uchun zarur xarakter, qadriyat va tajriba yo'q.

Tramp janoblari ham bunga javobni uzoq kuttirgani yo'q.

O'ziga qarshi turganlarni dunyodagi xaosni boshlab berganlar, dedi va uni xavfli joyga aylantirganlari uchun javobgarlikka tortish kerakligini aytdi.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring