"Tolibon ushlagan tikuchar ekipaji qo'yvorilgan"

Mi-17

Rossiyaning Interfaks agentligi o'z diplomatik manbalariga tayanib, Afg'onistonning Log'ar viloyatida Tolibon ushlagan Mi-17 tikuchar ekipaji 11 avgustda ozod qilingani to'g'risida xabar tarqatgan.

Biroq Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi ekipajni ozod qilish muzokaralari hali ham davom etayotganini aytgan.

Tikuchar Pokistondan O'zbekistonga texnik sozlov uchun uchayotgani, Afg'onistonga nosozlik bois favqulodda qo'ngan chog'da toliblar tomonidan ushlangan edi.

Interfaksga ko'ra, tikucharda bo'lgan barcha- besh pokistonlik va bir rossiyalik harbiy qo'yvorilgan.

Manbaning bildirishicha, ekipaj a'zolarini ozod qilish muzokaralari davom etgan bo'lsada, ularning tezda ozodlikka chiqarilgani kutilmagan bo'lgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zchisi Nafis Zakariyo transport tikuchari Pokistonning Panjob viloyati hokimligiga tegishli bo'lganini tasdiqlagandi.

4 avgustda Pokiston va "Vertolety Rossii" shirkati o'rtasida tuzilgan shartnomaga binoan tikuchar O'zbekistonga yo'nalgan.

Biroq bortdagi texnik nosozlik ekipajni Afg'onistonga shoshilinch qo'nishga majbur qilgan.

Tikuchar qo'ngan joy toliblar nazoratida bo'lgani bois, jangarilar u yerga darhol etib borganlar.

Tolibon olti pokistonlik harbiy va bir rossiyalik uchuvchini asirga olib ketgan.

Oldinroq harbiylar evaziga tovon pul talab qilinishi yoki Pokiston qamog'ida yotgan jangarilarni ozod qilish talabi qo'yilishi taxmin qilingandi.

Rossiya va Pokiston harbiylari nimalar evaziga ozodlikka chiqqanlari oshkor etilmagan. Shu bilan birga bu borada rasman xabar ham berilganicha yo'q.

Tikuchar qo'ngan Log'ar viloyatining ushbu hududlari ancha vaqtdan buyon Tolibon nazorati ostida.

Rossiyalik diplomatik manba asirga olganlar qaysi qurolli guruhga aloqadorligi muzokaralarning qanday hal bo'lishiga ta'sir qilishini aytgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqal bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring