Rio 2016: O'zbekistonlik Olimpiada rekordini yangiladi

Ruslan Nuriddinov Image copyright AFP

Og'ir atletikachi Ruslan Nuriddinov O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirish barobarida Olimpiada rekordini ham yangiladi.

Ruslan Nuriddinov -105 kg vazn toifasida dast ko'tarishda 194 kg, siltab ko'tarishda 237 kg toshni ko'tarishga muvaffaq bo'ldi va Rio Olimpiadasi chempioniga aylandi.

Aynan toshni siltab ko'tarishda qayd etgan natijasi Ruslan Nuriddinovning Olimpiada rekordini yangilashi uchun kifoya qildi.

Ruslan Nuriddinov g'oliblik uchun kurashda armanistonlik og'ir atletikachi Simon Martirosyan(417 kg) va qozog'istonlik Aleksandr Zaychikov(416 kg)larni ortda qoldirib ketdi.

Bu - o'zbekistonlik og'ir atletikachilar Yozgi Olimpiada O'yinlarida qo'lga kiritgan birinchi oltin medali bo'ladi.

Og'ir atletika bo'yicha -105 kg vazn toifasidagi sportchilarning bellashuvlari kecha dushanba kuni kechqurun bo'lib o'tgan va unda O'zbekistonni ikki olimpiyachisi namoyon etgandi.

Image copyright AP

Ya'ni, Ruslan Nuriddinov va Ivan Efremovlar Rio O'yinlarining sovrinli o'rinlari uchun kurash olib borishgandi.

Jahon chempioni, Butunjahon Universiadasi g'olibi Ruslan Nuriddinov sport olamida eng nomdor og'ir atletikachilardan biri sanaladi.

Ruslan Nuriddinov o'z vazn toifasida jahon chempionatining kumush medali sovrindori va ikki karra Osiyo chempionligini ham qo'lga kiritgan sportchi bo'ladi.

Image copyright EPA

Xuddi shu bois ham, o'zbekistonlik bu sportchi Rio Olimpiadasi g'olibligiga asosiy da'vogarlardan biri sifatida ham ko'rilayotgandi.

Uning jamoadoshi Ivan Efremov esa, umumiy hisobda 414 kg natija qayd etib, yuqori beshlikka kirishga muvaffaq bo'ldi.

Rio Olimpiadasi

Image copyright Getty Images

Ta'kidlash kerak, O'zbekiston Rioda qo'lga kiritib bo'lgan medallarini soni bo'yicha shu paytgacha Yozgi Olimpiada O'yinlarida qayd etgan natijasini ham yaxshilab bo'ldi.

O'yinlarning 11 kuniga kelib, O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi medallarining sonini oltitaga yetkazib oldi.

Bu medallardan ikkitasi oltin va to'rttasi bronza bo'ladi.

To'rt bronza medalini jamoa hisobiga ikki dzyudochisi: Diyorbek O'rozboev, Rishod Sobirov, bokschisi Rustam To'laganov va yunon-rum kurashchisi Elmurot Tasmurodovlar keltirishgan.

Oltin medallarni esa, bokschisi Hasanboy Do'stmatov va og'ir atletikachisi Ruslan Nuriddinovlar qo'lga kiritishgan.

Bundan tashqari, o'zbekistonlik bokschi Shahram G'iyosov kecha dushanba kuni O'yinlarning final bosqichiga chiqish bilan Olimpiya jamoasi hisobiga kamida bitta kumush medalini naqd qildi.

Boshqa bir bokschisi Bektemir Meliqo'ziev esa, o'z vazn toifasida yarim finalga yo'llanma olish bilan Rio Olimpiadasining kamida bronza medalini olish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

Image copyright Reuters

Yana qolgan to'rtta bokschisi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining sovrinli o'rinlariga ko'tarilish imkoniyatini saqlab turishibdi.

Ustiga ustak, o'zbekistonlik erkin kurashchilar ham halicha O'yinlarning gilamlariga chiqishga ulgurishmagan.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi joriy paytda hisobidagi oltita medali bilan Rio Olimpiadasi medallar jadvalida 27-o'rinni egallab turibdi.

Ruslan Nuriddinovning oltin medali jamoaga 35-o'rindan 12 pog'ona yuqorilashga imkon berdi.

O'zbekiston Yozgi Olimpiada O'yinlarida qayd etgan eng yaxshi natija 2004 yil Afinada bo'lib o'tganiga to'g'ri keladi.

Jamoa o'shanda O'yinlarning 2 ta oltin, bitta kumush va 2 ta bronza medallarini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgandi.

Medallar jadvalida hisobidagi 76 ta medali bilan AQSh ilg'orlik qilmoqda.

Sobiq Sho'ro davlatlari orasidan eng yaxshi natija hanuz Rossiyada: ular 35 ta medallari bilan jadvalda to'rtinchi o'rinni egallab turishibdi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, Qozog'iston peshqadamlik qilayotir.

Qozog'iston hisobidagi 2 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan medallar jadvalida 15-o'rinda bormoqda.

O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring