Xorijiy sarmoya jalb qilmagan rahbarlar jazolandi

Toshkent Image copyright Anhor.uz
Image caption Xorij sarmoyadorlarini jalb etolmagan korxonalar orasida Toshkent Qishloq xo'jalik texnikasi zavodi yoki eski TTZ ham bor

O'zbekistonda xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilolmagan 8 ta yirik korxonalar rahbarlari lavozimidan chetlatilgan.

Matbuotda chop etilgan Vazirlar Mahkamasi qaroridan ma'lum bo'lishicha, bular Toshkent, Samarqand va Namangandagi yirik hissadorlik jamiyatlari rahbarlaridir.

Ular "Prezidentning 2015 yil dekabridagi №PP-2454 "Hissadorlik jamiyatlariga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi" qarorini sabotaj qilishda ayblanadi.

Qarorda aytilishicha, xorijiy sarmoyadorlar bilan "ishni samarali yo'lga qo'ya olmagan" yana 9 ta amaldorga nisbatan intizomiy chora ko'rilgan.

Nizom jamg'armasiga ikkinchi marta xorijdan sarmoyalar jalb etolmaganlari taqdirda ularga nisbatan qattiq choralar ko'rilishi aytilgan.

Ayni paytda O'zbekiston Davlat satistika qo'mitasi joriy yilning birinchi yarmida 1.8 milliard dolar miqdorida xorijiy sarmoya va kreditlar o'zlashtirilganini ma'lum qilgan.

Iqtisodiy vazirligiga ko'ra, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga ko'pdir.

Mustaqil iqtisodchilar O'zbekiston hukumatining sarmoyalar miqdori va boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko'rsatkichlarga doir raqamlarini savol ostiga oladilar.

Eski qaror haqidagi yangi qaror

Prezident Islom Karimov 6 avgustda imzolagan yangi qaror o'tgan yili Prezident imzolagan ayni mazmundagi qarorning bajarilmagani haqida.

Matbuotda chop etilgan rasmiy hujjat "Prezidentning 2015 yil dekabridagi №PP-2454 "Hissadorlik jamiyatlariga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risidagi Prezident qarorining bajarilishi to'g'risida" deb nomlanadi.

Unda davlat rahbari hukumat qarorining bajarilmagani uchun mas'uliyatni 17 ta hissadorlik jamiyatlarining rahbariyatiga yuklagan.

Yangi qarorda xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish bo'yicha grafik yana bajarilmagani taqdirda hissadorlik jamiyatlari tugatilishi va ularning rahbarlariga nisbatan qattiq choralar ko'rilishi aytiladi.

Ammo mutaxassislarga ko'ra, asosiy muammo korxonalarning rahbarlarida emas, balki iqtisodiyotda islohotlar va tuzilmaviy o'zgarishlarning amalga oshirilmayotganidadir.

Tahlilchilarga ko'ra, hukumatning strategik ahamiyatga molik o'nlab yirik korxonalarni 1 dollar qiymatida, sarmoya majburiyatini olish sharti bilan sotuvga qo'yishi va xorij sarmoyalarini himoyalashga doir o'nlab qarorlarni qabul qilishiga qaramay, sarmoyadorlar mamlakatga oqib kelayotgani yo'q.

Eng asosiy muammolardan biri sifatida hanuzgacha erkin konvertatsiyaning yo'lga qo'yilmagani aytiladi.

O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring