Руфат Рисқиев: ‘Тарихда ҳали бунақаси бўлмаган’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rufat Risqiev: "Tarixda hali bunaqasi bo'lmagan"

Yozgi Olimpiada O'yinlarining sovrindori bo'lgan ilk o'zbek bokschisi Rufat Risqiev o'zbekistonlik qo'lqopdoshlarining Rioda qayd etayotgan olamshumul natijalariga ana shunday baho berdi.

"Biz bu yerda ularning janglarini bolalar bilan sakrab o'tirib, ko'rdik. Bizning bokschilarimiz fazoga yetishdi, Gagarin bo'lib ketishdi. Hali yana finalga chiqishi mumkin bo'lgan bokschilar bor. Bu tarixda bo'lmaydigan narsa. Bu yerda hammamiz oyog'imiz yerga tegmay, osmonda yuribmiz", - deydi havaskor boks bo'yicha Monreal Olimpiadasi kumush medali sovrindori BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Rio Yozgi Olimpiadasida O'zbekistonni rekord sonda va barcha vazn toifasida namoyon etayotgan bokschilar esa, O'yinlarning 12-kuniga kelib qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha qolgan barcha raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo'lishgan.

Ja'mi 11 bokschidan bir nafari allaqachon Rio Olimpiadasi chempioniga aylangan, yana biri O'yinlarning kamida kumush medalini naqd qilgan, boshqasi bronza medali sohibiga aylangan va yana to'rt bokschisi sovrinli o'rinlar uchun kurashish imkoniyatini saqlab turishibdi.

Image copyright Getty Images

Ta'kidlash joiz, Rio Yozgi Olimpiadasida O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi ilk oltin medalini ham aynan boks sport turida qo'lga kiritgan.

-45 kg vazn toifasida bokschisi Hasanboy Do'stmatov 16 yil deganda yana Olimpiada chempionligini qo'lga kiritgan.

Shu paytga qadar O'zbekiston Yozgi Olimpiada O'yinlarida qo'lga kiritgan medallar aynan boks va kurash sport turlari hissasiga to'g'ri kelgan.

Ammo, ta'kidlash kerak, O'zbekiston o'tgan olti Yozgi Olimpiadada boks bo'yicha ja'mi 7 ta medal olgan bo'lsa, Rioda bir O'yinlarning o'zida olgan va allaqachon naqd qilgan medallarining soni oltitaga yetgan.

O'zbekistonlik nomdor suhbatdoshimiz Rufat aka Risqievning aytishicha, o'zbek bokschilarining Rio Yozgi Olimpiada O'yinlariga olgan yo'llanmalarining soni va allaqachon u yerda qayd etib ulgurgan natijalari nazarda tutilganda ham, O'zbekiston tarixida bunaqasi bo'lmagan.

"Sovrinli o'rinlar uchun kurashayotgan qolgan bokschilarga ham omad yor bo'lsin. O'zbekistonlik bokschilar butun jahonni lol qoldirib, hammasi chempion bo'lishsa, ajab emas, zo'r bo'lardi...Shunaqa bo'lishi ham mumkin, ajab emas...".

"Butun jahon qaerdayu, bizning O'zbekiston qaerda... 11 bokschidan to'rtta-beshtasi chempioni bo'lsa... Juda zo'r bo'lardi-da... Juda xursand bo'lardim. Ammo shundoq ham ular shu paytgacha erishgan yutuqlar shov-shuv bo'lib ketgan...", - deydi Rufat aka Risqiev.

Image copyright Getty Images

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, Shahram G'iyosov -69 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi chempionligi uchun final jangini bugun - 17 avgust kuni qozog'istonlik raqibi Daniyar Eleussinovga qarshi o'tkazadi.

Hal qiluvchi bu jang britan vaqti bilan kech soat 20:30, Toshkent vaqti bilan tungi 24:30 da boshlanadi.

Shahramdan bir soat avval ringga ko'tariluvchi o'zbekistonlik yana bir bokschi Shahobiddin Zoirov esa, O'yinlarning yarim finaliga chiqish uchun -52 vazn toifasida ozarbayjonlik bokschi Elvin Mamishzoda bilan jang olib boradi.

Shu paytga qadar Bektemir Meliqo'ziev, Fazliddin G'oyibnazarov va Murodjon Ahmadalievlar finalga yo'llanma uchun jang olib borish huquqini qo'lga kiritishgan. Ammo allaqachon O'yinlarning bronza medalini o'zlari uchun naqd qilishgan.

Har ikki jang natijasini bilish uchun bizni kuzatib borishni unutmang.

•O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring