Izzat Ortiqov: "Shokdaman..."

Izzat Ortiqov Image copyright Getty Images

Izzat Ortiqov -69 kg vazn toifasida O'yinlarning sovrinli uchinchi o'rniga ko'tarilgan, Qirg'iziston hisobidagi birinchi va hozircha yagona medalini keltirgandi.

"Bu kabi xabarni eshitib, shokka tushdim. Hozir hech narsa deya olmayman. Murabbiylar bilan birga kengashib ko'ramiz. Men ma'n etilgan hech narsa qabul qilgan emasman", - deb aytgan og'ir atletikachi BBC Qirg'iz Xizmati bilan suhbatida.

Xalqaro Sport Arbitraj mahkamasining bayon qilishicha esa, Izzat Ortiqovning namunalaridan strixnin doping preparati qoldiqlari topilgan.

Mahkama, xuddi shu omilni nazarda tutib, qirg'izistonlik og'ir atletikachini bronza medalidan mahrum qilish, O'yinlardan chetlatish, -69 kg vazn toifasidagi bellashuvlardan diskvalifatsiya qilish va akkreditatsiyasini ham bekor qilishga qaror qilganini ma'lum qilgandi.

Ammo Izzat Ortiqovning o'zi 12 avgust kuni Qirg'izistonga qaytgan va Bishkek xalqaro aeroportida katta tantanalar bilan kutib olingandi.

Mas'ullar munosabati

Image copyright Reuters

Bu xabarga munosabat bildirarkan, Qirg'iziston Og'ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Ulanbek Moldodosov ham 24.kg axborot agentligiga "bundan shokda ekani"ni aytgan.

Federatsiyaning o'zi esa, Xalqaro Sport Arbitraj mahkamasining mazkur qarori yuzasidan shikoyat arizasi tayyorlashayotganini ma'lum qilgan.

Ayon bo'lishicha, Qirg'iziston Og'ir atletika federatsiyasi, bundan tashqari, xalqaro Aksildoping tashkilotiga ham murojaat qilmoqchi, Izzat Ortiqovdan takroran namuna olib, qayta tekshirishlarini so'ramoqchi.

Bu haqda Qirg'izistonning Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport davlat agentligi matbuot xizmati rasman bildirgan.

Agentlik rahbari Kanat Amankulov esa, Qirg'iziston Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan hamkorlikda bu masalaning tagiga etish uchun maxsus hay'at tayin etilishini ham bildirgan.

Unga ko'ra, har ikki tashkilot nazarda tutilganda ham, bunga haqlari bor.

Hanuz Rio-de-Janeyroda ekani bois, BBCning so'nggi xabar yuzasidan izoh so'rab, Qirg'iziston Milliy Olimpiya qo'mitasi prezidenti shaxsan o'zi bilan bog'lanish urinishlari esa, hozircha o'z samarasini bergani yo'q.

Aks-sado

Qirg'iziston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi yagona medalning olib qo'yilishiga oid yangilik o'tgan bir kecha-kunduz davomida turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida ham qizg'in bahsu munozaralarga sabab bo'lgan.

Qirg'izistonlik internet foydalanuvchilaridan biri, "Agar rost bo'lsa, bu -uyat", - deya o'z taajjublari, boshqasi esa, "Hisobimizdagi yagona bronza medalini olib qo'yishdi", - degancha o'z afsus-nadomatlarini izhor etgan.

Ulardan bir guruhi Izzat Ortiqovning "toza"ligiga ishonishlarini aytib, "U - bizning chempion", - deya ta'kidlashgan.

"Hozir ichida turli kimyoviy moddalar bo'lgan oziq-ovqatlar tiqilib yotibdi. Hatto, ayrim mevalarda ham strixnin bo'lishi mumkin. Shunday ekan, isbot-dalillari bormikan o'zi?", - deguvchilari ham ozmuncha bo'lmagan.

Strixnin

Image copyright AP

Ayrim soha mutaxassislari esa, strixnin ba'zi bir yuqori quvvatli gazlangan ichimliklar tarkibida bo'lishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmagan.

Strixnin kuchli zahar sanalsa-da, muayyan dozada qabul qilinsa, mushak faoliyatini yaxshilovchi o'ta samarali doping vositasi sifatida ko'riladi.

Bundan tashqari, bu taqiqlangan preparat sportchi organizmi chidamlilik darajasini ham oshiradi.

Strixnin xalqaro sportga juda uzoq vaqtdan tanish doping vositalaridan biri sanaladi va o'z vaqtida sportchilar, ayniqsa, velosipedchilar orasida keng qo'llangan preparatlardan biri bo'lgani aytiladi.

Izzat Ortiqov esa, doping mashmashasi sabab, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlaridan chetlatilgan birinchi markaziy osiyolik sportchi bo'lgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring