Shimoliy vokzalda park qurilishi norozilik uyg'otdi

Toshkent Image copyright Facebook

Xabarlarga ko'ra, O'zbekiston temir yo'llari shirkati bo'limi Oybek va Nukus ko'chalari kesishgan joyda "Lokomotiv" kichik istirohat bog'ini qurishga kirishgan.

Shu bois, yo'l qurilishi xizmati Toshkentning Oybek ko'chasidan Turkiston va Nukus ko'chalariga olib boradigan qismini to'sgan.

Yo'lning yopib qo'yilgani mahalliy aholi, xususan haydovchilarning noroziligini keltirib chiqargan. Haydovchilar bu yo'ldan kichik xalqa yo'liga chiqishda qulayligi bois foydalanib kelganlar.

Bundan norozi toshkentliklar ijtimoiy tarmoqlarda yo'l "prezident trassasi"ga tutash bo'lgani uchun yopilayotganini aytganlar.

"Ajablanadigan joyi yo'q. Agar bir yildan so'ng yana boshqa joyni, ikki yildan so'ng umuman Gorkiy chorrahasini, keyin Hamid Olimjondagi ko'prikni olib tashlansa ham hayron bo'lmayman. Bu yerda prezident trassasi o'tadi, uning o'z syurpriz va yangiliklari bor", deb yozadi ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilardan biri.

Bilasizmi nimaga? - deydi Artem Melikov ham. - Chunki u trassaning burchagi. Kimgadir judayam yoqmayapti.

Bizda hamma bir kishi, uning qulayligi uchun. Va bu inson 27 yildan beri o'tiribdi, deydi Abdufattoh Kamalov.

"Umuman faqat prezident trassasini qoldirib butun shahar markazini yopishsin, atrofni parkka aylantirishsin", deb izoh qoldirgan boshqasi.

Alexander Ugay: "Xalq arz qilgan edimi? Daraxtlar kerakmidi? Marhamat, mana! Hammasi halq uchun" )))

Vladimir Mikulitski: "Daraxlarning bunga nima dahli bor, nima sabadan qilinayotgani hammaga ayon".

Alexander Ugay: "Bu haqda gapirish mumkinmasda!:))"

Timur Nazarov: "endigina ShOS boshlanmasidan oldin yangi a'lo asfalt yotkazilgan edi".

Eldar Sayfutdinov: "10-15 yil sabr kilib tursak bu yo'l ochiladi".

Bobur FX: "Yaqinda shu yo'lni kamida 1 mln dollarli asfalt qilgandi, xalqni pulini osmonga uchirib tashashvotti, tak derjat".

Facebookdagi "Voditeli Tashkenta" sahifasi foydalanuvchilarining fikricha, bundan keyin Shimoliy vokzalga yaqin ko'chalar tirband bo'lib ketadi, ayniqsa 94 maktab oldida tiqilinchlar yuzaga kelishi tabiiy.

Toshkent shahar hokimligi esa ushbu hududda yangi park ochilishini vokzal atrofini obodonlashtirish bilan izohlagan. Shuningdek, metro vagonlari qayrilib oladigan xalqani kengaytirish va atrofda yashovchilar va yo'lovchilarning xavfsizligi, deya sabab keltirgan.

Mirobod hokimi Sharofiddin Qodirovga ko'ra, yangi park keyingi yil 1 aprelgacha ochiladi va oilaviy dam olishga mo'ljallangan "yashil hudud" bo'ladi.

"Prezident trassasi"

Image copyright Fergana.ru

Prezident Karimovning "Do'rmon"dan Oqsaroygacha qatnaydigan yo'li "prezident trassasi" degan nomni olgan va bu trassa 1990 yillardan buyon ko'p bor o'zgartirilib, tinimsiz "xavfsizlik choralari" kuchaytirib kelinadi.

Bu esa dastlab Amir Temur xiyoboni atrofida, so'ng eski ToshMI, "Bog'i Eram" bog'lari yon-verida yashaydigan yoki ishga qatnaydiganlar uchun, bir necha yildan so'ng esa Ichki ishlar akademiyasiga yaqin hududlar, undan keyinroq esa Shimoliy temir yo'l stantsiyasi atrofida noqulayliklarni yuzaga keltirgan, insonlarning uylari buzib tashlangan.

Bu noqulayliklar mamlakat rahbari uchun qulaylik yaratayotgan mulozimlarni hech qachon o'ylantirmagan.

O'zbekistonda rasmiylar yo-da ularning amallaridan norozilikni to'g'ridan-to'g'ri izhor etish imkoni yo'qligi sababli, bu norozilik asosan Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali bildiriladi.

Sergey Alekseev, "Yaqinda A punktidan B punktigacha yagona bir yo'l bo'lib qoladi hech qanaqangi tutash joylarisiz", deya bashorat qilgan Facebookda.

Sergey Kogayning fikricha, "Hamma narsa yagona bir INSON uchun qilinyapti"...

Ravil Vahidov yana bir taxminni ilgari surgan: "Menimcha, ularning yo'llari bizlarning yo'limiz bilan tutashib qolishini istashmayapti, shekilli".

Alexander Kashubin odamlarga noqulaylik tug'dirmaslik uchun "antiqa" bir taklifni ilgari surgan: "Shu trassani yer tagidan qilishsa insonlarga qulayroq bo'larmidi".

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•◾TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•◾Instagram - BBC UZBEK

•◾Twitter - BBC UZBEK

•◾Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾Facebook - BBC UZBEK

•◾Google+ - BBC UZBEK

•◾YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾Skype - uzbekbbclondon

•◾bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring