"Paxta uchun pul bermasang ishdan haydalasan!"

O'zbekistondagi paxta terimi

O'zbekistondagi Inson huquqlari himoyachilari Alyansi xabar tarqatishicha, bu yil ham Toshkent shahri tibbiyot muassasalarining xodimlari majburan paxta yig'im-terimiga safarbar etilishlari haqida ogohlantirilganlar.

Bu haqda Alyans Toshkent shahridagi Olmazor va Mirzo Ulug'bek tumanlaridagi poliklinikalar, sanitariya-epidemiologiya stantsiyalari xodimlariga tayanib xabar tarqatganlar.

Faollarga ko'ra, bundan oldingi yillarda bo'lgani singari yig'im-terimga mas'ul bo'lgan mutasaddi shaxslar 2016 yilgi paxta mavsumini ham noqonuniy boyish daromadi manbasiga aylantirish harakatlarini boshlaganlar.

Xususan, tibbiyot muassasasi xodimidan agar o'zi paxta terishga chiqmasa, chiqadigan odam uchun pul to'lash talab qilinmoqda.

Inson huquqlari himoyachilari Alyansi bir tashkilotda har bir xodimdan 100 ming so'm, "qora bozor" kursi bo'yicha 15,50-15,75 AQSh dollari, boshqa bir tashkilotda 200 ming so'm yoki 31,50 dollar berishni talab qilayaptilar.

Talab qilingan pulni bermagan xodim ishdan haydalishi haqida ogohlantirilayapti.

Toshkentdagi ayrim muassasalarning xodimlariga 3 sentyabrdan, ayrimlariga esa 5 sentyabrdan paxta dalasiga chiqishga tayyor bo'lib turish aytilgan.

O'zbekiston hukumati paxta xomashyosi bois uzoq yillardan buyon tanqid qilib kelinadi.

Maktab o'quvchilarining paxta terish va g'o'za chopiqlariga ommaviy safarbar etilishi sababli hukumat xalqaro bosimlar ostida qoldi va bola mehnati evaziga yetishtirilgan O'zbekiston paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e'lon qilindi.

Natijada hukumat voyaga yetmaganlarni majburan paxta yig'ishga olib chiqishdan voz kechdi.

Ammo hukumat tepasida o'tirganlar o'qituvchilar, hamshira va shifokorlar singari davlat byudjetidan moliyalanadigan idora va tashkilotlarning xodimlarini yoppasiga "dalaga haydash" siyosatidan voz kechmadi.

Bu siyosatdan voz kechmagani uchun ham O'zbekistonni oxirgi yillarda zamonaviy qullik eng ko'p tarqalgan dunyoning besh mamlakati ro'yxatiga kiritmoqdalar, xalqaro hisobotlarda O'zbekistonda 1 milliondan ortiq inson qul holatiga solinayotgani tanqid qilinmoqda.

O'zbekiston hukumati paxtani SSSR zamonida bo'lgani singari "milliy boylik", "oq oltin" deb taqdim etishni xush ko'radi.

Lekin bu boylikdan har yili qancha foyda ko'rilayapti va bu foyda nimalarga sarflanayapti, bu haqdagi ma'lumot oshkor etilmaydi.

Paxta yetishtiradigan dehqonlarning aksari qarzdor va paxta O'zbek dehqonini boyitgani yo'q.

1 gektar maydonni egallagan g'o'za o'rniga boshqa poliz mahsuloti yoki meva ekilganida ko'proq daromad olish mumkin.

Yillar davomida yuqori minbarlardan qayta-qayta takrorlanganiga qaramasdan, O'zbekiston hamon tolasini o'zida qayta ishlaydigan emas, xomashyo sifatida sotishni yaxshi ko'radigan mamlakat bo'lib qolayapti.

Aksar tahlilchilar fikricha, millionlab insonning yil davomida ter to'kib qilgan mehnati evaziga yetishtirilgan hosilni chetga sotishdan kelgan foydani hukumatga yaqin bir necha shirkatlar rahbarlari ko'rmoqdalar.

Bular qanday shirkatlar va bu shirkatlarning rahbarlari kimlar, O'zbekiston matbuoti erkin emasligidan bu savollar qo'yilmaydi ham, qo'yilgan taqdirda javob ham olib bo'lmaydi.

O'zbekiston hukumati o'z xalqini qul qilayotgani haqidagi xabarlarni dunyo hamjamiyatiga yetkazishga harakat qilgan faollar turli bosim va ta'qiblarga solinadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring