Toshkentda "Tozalash-Aksilterror" amaliyoti davom etmoqda

Toshkent Image copyright Anons.uz

4 iyulda boshlangan "Tozalash-aksilterror" amaliyoti mustaqillik bayrami arafasida yakunlovchi bosqichga kirarkan, poytaxtda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan.

30 avgustga qadar davom etishi aytilgan amaliyotning asosiy maqsadi mamlakatning eng muhim bayrami arafasida xavfsizlikni ta'minlash ekani bildirilgan.

Xabarlarga ko'ra, Toshkentdagi noturar joy binolari bilan bir qatorda rasmiy bayram tadbirlari o'tadigan ko'cha va maydonlar yaqinidagi xonadonlar, shuningdek, poytaxtga kirib-chiqayotgan transport vositalari va fuqarolar tekshirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi vakili Sherzod Rahimovning Qozog'istonning 365info.kz nashriga aytishicha, militsiya xodimlari va mahalla fuqarolar yig'inlari faollari birgalikda olib borayotgan tekshiruvlar jarayonida turar-joy va noturar joy binolari, korxonalar va tashlandiq binolarning yerto'la va tomlari ko'zdan kechirilmoqda.

Mulozimning aytishicha, bu kabi amaliyotlar "terrorchilarga yashirinish uchun joy qoldirmaydi".

"Shu bilan birga, qonun buzuvchilar aniqlanib, profilaktik va tarbiyaviy ishlar olib borilmoqda. Avtomobil vositalari va tashilayotgan yuklar ustidan nazorat ham kuchaytirilgan", deb aytgan O'zbekiston IIV vakili.

Uning so'zlariga ko'ra, bundan avval, shu yilning fevral-mart oylarida o'tkazilgan tozalash amaliyoti chog'ida xorijda uzoq muddat bo'lib qaytgan 75 ming fuqaro aniqlanib, ular bilan "profilaktik suhbatlar" o'tkazilgan.

Shuningdek, 1 milliondan ortiq transport vositalari tekshiruvdan o'tkazilgan.

O'zbekistonda mustaqillik yillarida qaror topgan amaliyotga muvofiq, bu kabi tekshirishlar chog'ida militsiya birinchi navbatda pasport rejimini nazorat qiladi.

Poytaxtda vaqtinchalik yoki doimiy ro'yxatdan o'tmay yashayotganlar aniqlanib, choralar ko'riladi.

Viloyatdan kelib, Toshkentda ta'lim olayotgan, ishlayotgan yo-da ish izlayotgan fuqarolar mamlakat poytxati amalda o'zlari uchun yopiqligini aytishadi.

O'zbekiston Konstitutsiyasi fuqarolarning mamlakat ichkarisi va tashqarisida erkin harakatlanishini kafolatlaydi, ammo amalda hukumat fuqarolar ustidan qattiq nazorat o'rnatgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekiston poytaxtida favqulodda xavfsizlik choralari faqat bayramlar arafasida emas, balki yil-12 oy amal qiladi.

Mustaqillik arafasidagi choralar esa, ko'pchilik nazarida umum xavfsizlik bilan emas, balki bir yilda ikki marta - Navro'z va Mustaqillik bayrami tadbirlarida jamoatchilik qarshisiga chiqadigan mamlakat rahbari Islom Karimovning shaxsiy xavfsizligi bilan bog'liq.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring