Aqsi aholisi Ungar-Tog'dagi vaziyatdan xavotirda

border

22-avgustda Ungar-Tog hududiga kutilmaganda kirib kelgan o'zbek militsionerlari hali chiqib ketmaganlar. Ayni shu nomdagi teleminoraning to'rt xodimi esa O'zbekistonda tuman ichki ishlar bo'limida ushlanib turibdi.

Qirg'iziston chegara xizmatining 24-avgustdagi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston radioreleylik stantsiya xodimlarini protsessual chora-tadbirlarni yurgizish uchun qo'lga olgan, ularning holidan xavotir olmasa ham bo'ladi. Hozirda Ungar-Tog' hududida ahvol tinch, taraflar so'zlashuvlarni davom ettirayotgani xabar qilinmoqda.

23-avgustda Aqsi tuman davlat administratsiyasi oldiga Ungar-Tog' hududida yashagan qishloq aholisi yig'ilib, mahalliy hukumatga so'nggi vaziyat yuzasidan o'z xavotirlarini bildirganlar.

Yig'ilganlar o'zbek militsiyalarini u yerdan chiqib ketishini va hukumat bunga tezroq choralar ko'rishini talab qilgan. Ustuqan qishlog'i yashovchisi Mayram Aqqulova qishloqliklar orasida xavotirlar kuchayotganini aytadi.

"Kecha ikki vertolyot bilan tog'ga askarlarni tashlab ketganini o'z ko'zimiz bilan ko'rdik. O'shandan beri bizning harbiylar u yerga chiqa olishmayapti deyilmoqda. U tog' bizning ustimizda joylashgan. Bizning qishloq chegara yaqinida joylashgan. Qishloqning etagida O'zbekiston chegarasi. Endi ahvol qanday bo'larkin deya xavtorilanayapmiz. Bugun namoyishga chiqqanlar ham, hukumatga bu masalani tezroq xal qilib berishlarini aytdik. O'zbek askarlari u yerdan chiqib ketishlari kerak", deydi Mayram Aqqulova.

Mitinga yuzdan ortiq odam yig'ilgan. Ular bilan hukumat vakillari uchrashib, masala so'zlashuv yo'li bilan hal etilguncha sabr qilib turishni aytgan. Shundan so'ng yig'ilganlar ketganlar.

Qirg'iziston Davlat chegara xizmatining matbuot vakili Sajira Chokoloevaning so'zlariga ko'ra, 22-avgustda ikki davlat chegara xizmati rahbarlari telefon muloqotda, so'ngi vaziyatni muhokama qilganlar. Lekin shunga qaramay vaziyat hozir ham o'zgarishsiz qolmoqda.

"Ularning talabi bo'yicha Ola-Buqada qo'lga olingan militsiya xodimiga sud qarori asosida 20 ming so'm jarima solinib, qo'yib yuborilgan. Biroq hozir ham O'zbekiston ichki ishlar vazirligi xodimlari Ungar-Tog' hududida qolmoqdalar. Ular Ola-Buqa tumanida joylashgan O'rta-To'qo'y suv omboriga qo'yilgan o'tkazish postini olib tashlash bo'yicha shart qo'ymoqda", deya bildiradi Sajira Chokoloeva.

Ungar-Tog' cho'qqisida "Kerben-24" radio-releyli stantsiya joylashgan. Unda Aqsi, Ola-Buqa, Chotqol tumanlariga efir signallarini taratuvchi stantsiyalar qurilgan. Stantsiyada ishlagan to'rt xodim bilan 22-avgustdan beri aloqa uzilgan.

Ungar-Tog'ni muhofaza qilish komiteti rahbari, Karvon shahar kengashi deputati Ergeshali O'zo'keev bu ma'lumotni tasdiqlab, hukumat bu masalada ish olib bormayotganini aytib, tanqid qiladi.

"Stantsiyada ishlaganlardan hech kim xabar olmayapti. Hukumat qaerga qaramoqda!? U erda ishlagan ishchilar nima bo'ldi deb aniqlash kerak, yoki askarlar bilan borish kerak edi. Bu erda juda havfli vaziyat paydo bo'lmoqda" - deya xavotir bildiradi Karvon shahar kengashi deputati Ergeshali O'zo'keev.

Qo'lga olingan 4 nafar stantsiya xodim yaqinlari, ularni zudlik bilan ozod etib berishni talab qilib Jalolobod viloyat rasmiylariga murojat qilganlar. Ulardan Jenish Tashmatovning akasi Akimjan Tashmatov bugun soat ikkilar chamasida kimdir unga xalqaro qo'ng'iroq orqali ukasini O'zbekistonda ushlab turilganini aytgan.

Ma'lum bo'lishicha, 13 avgust kuni O'zbekiston Kosonsoy suv ombori deb biladigan, Qirg'iziston esa o'zining Orto-Tokoy suv ombori deb aytadigan suv havzasini qo'riqlayotgan Kosonsoy tuman militsiya xodimi Qirg'iz rasmiylari tomonidan qo'lga olingan. O'zbekiston talabi bilan, oradan o'n kun o'tib, militsiya xodimiga sud qarori asosida 20 ming so'm jarima solinib, qo'yib yuborilgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring