"Axborot"da Prezident Islom Karimovning tabrigi o'qib eshittirildi

Mustaqillik va ezgulik monumenti Image copyright Courtesy
Image caption Mustaqillik va ezgulik monumenti

O'zbekiston davlat televideniesining "Axborot" dasturida Prezident Islom Karimovning mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga tabrigi boshlovchi tomonidan o'qib eshittirildi.

Toshkentdagi Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo'yilgani haqidagi lavhada esa O'zbekiston hukumatining rahbarlari ko'rinmadi.

Image copyright UzTV

"Axborot"dagi lavhadan Prezident devoni boshlig'i Zelimxon Haydarov, Prezidentning davlat maslahatchisi Hayriddin Sultonov, Senat va Oliy Majlis, shuningdek, ayrim vazirlik rahbarlarini tanib olish mumkin.

Ammo unda Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo'rlari sifatida ko'riladigan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev va uning birinchi o'rinbosari Rustam Azimovlar yo'q edi.

"Axborot" Prezident Islom Karimov aks etgan arxiv kadrlarini ham namoyish etdi.

Karimovning Ustyurtdagi gaz-kimyo majmuasi inshootini borib ko'rgani aks etgan lavhada "arxiv kadrlari" deb yozilgan.

Islom Karimov Ustyurtga 2014 yil aprelida safar qilgan edi.

Image copyright UzTV

Davlat xabar agentligi - O'zA avvalroq hukumat rahbarlari Toshkentdagi Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo'ygani haqida xabar tarqatgandi.

Ammo "Prezidenimiz " va "davlatimiz rahbari" so'zlari ishlatilgan rasmiy xabarda Islom Karimovning nomi tilga olinmagan.

Unda 78 yoshli Islom Karimovning shifoxonada qolayotgani yoki sog'ligi borasida ham hech narsa deyilmaydi.

Xabarda shuningdek, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev yoki boshqa bironta hukumat mulozimining nomlari keltirilmagan.

Rasmiy xabarga surat ham ilova qilinmagan.

Davlat agentligi gul qo'yishda ishtirok etgan yuqori davlat boshqaruv organlari ro'yxatini mana bu ketma-ketlikda bergan:

1. Prezidenti devoni (rahbari Zelimxon Haydarov)

2. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (rais Nig'matilla Yo'ldoshev)

3. Qonunchilik palatasi (rais Nurdinjon Ismoilov)

4. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Bosh vazir Shavkat Mirziyoev)

5. Vazirlik va idoralar

Xabarning to'liq matni quyidagicha:

"Xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligini katta ko'tarinkilik bilan bayram qilmoqda. Bu buyuk sana yurtdoshlarimiz qalbiga bemisl faxr-iftixor, surur bag'ishlamoqda. Joriy yilda eng ulug', eng aziz ayyomimiz mamlakatimiz bo'ylab "Go'zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O'zbekistonim!" degan ezgu g'oya asosida nishonlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan 31 avgust kuni hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu maqsadlarimiz ramzi bo'lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali ravishda gul qo'yish marosimi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar nomidan harbiy orkestr sadolari ostida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo'yildi.

Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug' tushunchalar doimo yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug'i - Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu haqiqat yana bir bor o'z ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida Mustaqillik maydonida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, u yaxlit me'moriy ansambl, noyob majmua ko'rinishini oldi. Bu erda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bosh maydonimizning nafaqat manzarasini, balki mazmun-mohiyatini ham tubdan o'zgartirib yubordi.

Bugun Mustaqillik maydonining ko'rku tarovati har qanday kishini hayratga soladi. Bu erdagi doimo yashnab turuvchi daraxtlaru turfa gullar ko'zni quvontiradi. Mayin shabadadan daraxtlar, yam-yashil maysalar ohista tebranadi. Kunduzlari quyosh nurida, tunlari nurafshon chiroqlar shu'lasida jilolanuvchi favvoralar maydon havosini mo''tadil saqlaydi. Bu erga kelgan odam ajib sokinlikni, uning zamiridagi tinchlik va osoyishtalikni yanada teran his etadi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2005 yil 28 dekabrda Mustaqillik monumenti oldida Baxtiyor ona siymosi aks etgan muazzam haykal qad rostladi. Bugungi tinch, osuda hayotimiz, porloq kelajakka bo'lgan mustahkam ishonchimiz ifodalangan, farzandini bag'riga bosib, unga termulib turgan Baxtiyor ona siymosida har birimiz o'z onamizni, beg'ubor bolaligimizni, barkamol avlodimizni ko'rgandek bo'lamiz. Mazkur majmua erkin demokratik davlat, inson manfaati va huquqlari har narsadan ustun turadigan fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda ayol zotiga bo'lgan cheksiz hurmat-ehtirom ifodasidir.

- Har gal Mustaqillik maydoniga kelganimizda qalbimizda o'zgacha tuyg'ular jo'sh uradi, - deydi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi Akmal Jumaboev. - Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibor tufayli qo'lga kiritayotgan yutuq va marralarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugun yurtimizdagi har bir yosh qalbida Vatan kelajagi uchun mas'ullik, Vatan ravnaqiga munosib ulush qo'shishdek ezgu niyat mujassam.

Yutuqlarimiz ko'paygani sari xalqimizning farovonligi, turmush madaniyati va salohiyati ham yuksalib boraveradi. Yuksak ma'naviyat va salohiyatga ega xalq yangi-yangi marralarni qo'lga kiritishga qodir. Mustaqillik yillarida xalqimizning ongu tafakkuri butunlay o'zgardi. Bugun xalqimiz zamonaviy, yuksak darajadagi shart-sharoitlarda hayot kechirishga o'rgandi. Bularning barchasi istiqlol yillarida oldimizga qo'ygan ulug' maqsadlarga erishayotganimiz, biz hech kimdan kam emasligimizning amaldagi ifodasidir.

Zamonlar o'tadi, mamlakatimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Ajdodlarimizning, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro'yobga chiqargan, erkin va obod Vatan barpo etish yo'lida qanot bo'lib, beqiyos imkoniyat va istiqbollarni ochib bergan bu kun yurtimiz tarixida mangu buyuk sana bo'lib qoladi.

1 sentyabr kuni poytaxtimizning barcha tumanlarida bayram tantanalari o'tkaziladi. Mamlakatimiz viloyatlarida bayram tadbirlari, sayillar davom etadi".

Image copyright UzA
Image caption Mustaqillik rasman Islom Karimov nomi bilan bog'lanadi

Bu 78 yoshli Islom Karimov shifoxonaga yotqizilgani rasman e'lon qilingan 28 avgustdan buyon O'zbekiston hukumati rahbarlarining birinchi rasmiy jamoatchilik tadbirida paydo bo'lishidir.

Avvalroq Rossiyaning Sputnik nashri o'zining parlamentdagi manbasiga tayanib, Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning chorshanba kuni Mustaqillik maydonidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo'ygani haqida xabar tarqatgandi.

"An'anaga ko'ra, har yil 1 sentyabr arafasida O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo'lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo'yar edi" deb ilova qilgan sputniknews-uz.

Image copyright Courtesy
Image caption Jahon matbuotining ko'zi 59 yoshli Bosh vazir Shavkat Mirziyoevda

Ammo Shavkat Mirziyoevning rasmiy tadbirga boshchilik qilgani haqidagi xabar hozircha rasman tasdiqlanmadi.

Xali hech qaerda Mirziyoevning Mustaqillik monumentiga gul qo'ygani aks etgan suratlar paydo bo'lganicha yo'q.

2003 yildan buyon Bosh vazir lavozimida qolayotgan Shavkat Mirziyoev Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo'rlaridan biri sifatida ko'riladi.

Ammo Islom Karimovning o'zi biron bir merosxo'rga ishora qilgan emas.

Azimov ish joyida

Ayni paytda BBC janob Karimovning o'rniga davogarlardan yana biri, Bosh vazir o'rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimovning odatdagidek ish joyida ekani haqidagi xabarni o'z manbalaridan tasdiqlashga muvaffaq bo'ldi.

Rustam Azimov oilasiga yaqin BBC manbasining aytishicha, uning uy qamog'ida ekani haqidagi xabarlar asossiz.

Image copyright Courtesy
Image caption Azimov va Mirziyoev o'rtasida zimdan raqobat borligi aytiladi

"Azimov Toshkentdagi ish kabinetida, ammo albatta, vaziyat murakkab va uning yaqinlari ham voqealarning qanday rivojlanishidan xavotirda", deb aytdi Azimov yaqinlaridan iqtibos keltirgan manba BBC bilan suhbatda.

29 avgust kuni muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakati o'zining hukumatdagi manbalariga iqtibosan Azimovning uy qamog'ida ekani haqida xabar tarqatgandi.

Keyinroq Rossiya nashrlari Toshkentdagi manbalar buni rad etgani haqida xabar bergan.

Prezidentning qizi: "Otam shifo topmoqda"

31 avgust kuni o'zining Instagram dagi sahifasida o'zbekistonliklarni mustaqillikning 25 yilligi bilan tabriklagan Prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva yurtdoshlarining ezgu niyatlari otasining shifo topishida "yordam bermoqda deb ishonishi"ni aytgan, ammo davlat rahbarining ahvoliga doir qo'shimcha ma'lumot bermagan.

Image copyright Lola Karimova-Tillyaeva

"Aziz yurtdoshlar, sizni barchamiz uchun qadrli ayyom - O'zbekistonning Mustaqillik kuni bilan chin ko'ngildan muborakbod etaman!

Men bizning bag'rikeng, mehnatkash va nihoyatda iqtidorli xalqimizga baxt-saodat va faravonlik tilayman! Saxovatli ona zaminimizda hamisha tinchlik va hotirjamlik barqaror bo'lsin. Ona Vatanimizda asrlar osha mavjud bo'lgan bag'rikenglik, turli millat va dinlar vakillari orasidagi o'zaro xurmat va ehtiromga asoslangan munosabatlar hamisha saqlanib qolishiga tilakdoshman.

Azizlar, ushbu fursatdan foydalanib, men barchangizga Prezidentimizning tez shifo topishlarini istab bildirgan samimiy tilaklar va ezgu niyatlaringiz uchun chin qalbimdan o'z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman. Bu bizlar uchun juda ahamiyatlidir, va ushbu nihoyatda samimiy va dildan chiqqan tilaklar va so'zlar otamning shifo topishlarida yordam bermoqda deb ishonaman. Sizlarga katta rahmat, azizlar!" deb yozgan Lola Karimova-Tillaeva xonim.

U dushanba kuni ertalab o'zining Instagram va Facebook dagi sahifalarida otasining o'tgan dam olish kunlari miyaga qon quyilish tashxisi bilan reanimatsiya bo'limiga yotqizilgani va ahvolining "stabil" ekanini haqida xabar tarqatgandi.

O'zbekistonning UNESCO dagi elchisi bo'lgan Lola Karimova-Tillaeva ayni paytda otasining "kelgusidagi sog'liqlari borasida qandaydir taxminlar qilish ancha erta" ekanini aytgan.

O'zbekiston hukumati 78 yoshli Islom Karimovning davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgani aytilgan 28 avgustdan buyon bu borada bironta qo'shimcha ma'lumot tarqatmagan.

Prezident devonidagi nomi oshkor etilmagan manba Prezident Islom Karimovning vafot etgani haqida dushanba kuni tushdan so'ng Rossiya matbuotida paydo bo'lgan xabarlarni rad etgan.

Seshanba kuni BBCning Toshkentdagi manbalari 31 avgust kuni o'tadigan rasmiy mustaqillik bayrami va O'zbekiston san'at ustalari ishtirokidagi tantanali kontsert dasturining qoldirilganini aytishgan.

O'zbekistondagi nashrlar rasmiylarga iqtibosan bayram dasturining qisqartirilganini tasdiqlaganlar.

Ayni paytda davlat matbuoti Mustaqillikning navbatdagi sanasi munosabati bilan Prezident Islom Karimov nomiga yuborilgan tabrik matnlarini e'lon qilmoqda.

Jumladan, davlat telekanallari AQSh, Rossiya va Xitoy rahbarlarining tabrik telegrammalarini o'qib eshittirgan.

Ularda Prezidentning sog'ligi bilan bog'liq so'nggi vaziyatga ishora yo'q.

Seshanba kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov O'zbekiston rahbarining vafot etgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmaganini aytgan.

"Hozirda bu borada qo'limizda hech qanday yangi ma'lumot yo'q", deb aytgan janob Peskov seshanba kuni Moskvadagi matbuot anjumanida.

Rossiya Bosh vazirining o'rinbosari Olga Golodetsning chorshanba kuni jurnalistlarga ma'lum qilishicha, O'zbekiston Prezident Islom Karimovni davolashda tibbiy yordam so'rab, Moskvaga murojaat qilmagan.

Interfaks agentligi Rossiya mulozimining "bu kabi yordam Moskva bilan Toshkent o'rtasida mavjud kelishuvlar doirasida ko'rsatilishi mumkin", degan so'zlarini keltirmoqda.

"Biz qo'shni davlatlar hududida imkoni bo'lmagan murakkab texnologik jarrohlik amaliyotlarida har doim yordam berib kelamiz", - deb aytgan Golodets xonim jurnalistlar bilan suhbatda.

U Rossiya tomoni bu borada O'zbekistonga yordam ko'rsatishga tayyor ekanini izhor qilgan.

Avvalroq Rossiyalik mashhur kardioxirurg Leo Bokeriyaning o'tgan dam olish kunlari Toshkentga safar qilgani haqida xabarlar paydo bo'lgandi.

Shifokorning o'zi hozirga qadar bu xabarlarni tasdiqlamagan.

Chorshanba kuni Rossiyaning RBK nashri ham rossiyalik kardioxirurglar allaqachon Toshkentda ekanini yozgan, ammo bu xabarlarning ham rasmiy tasdig'i yo'q.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq