Islom Karimov vafot etdi

Karimov

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida olamdan o'tgan. O'zbekiston hukumatining ma'lum qilishicha, davlat rahbari 3 sentyabr kuni o'zi tug'ilib o'sgan Samarqand shahrida dafn etiladi.

O'zbekistonda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Prezidenting kichik qizi Lola Karimova ham o'zining Instagramdagi sahifasida otasining vafoti haqida yozib qoldirgan.

"U bizni tark etdi... So'z izlayapman va o'zim bunga ishonmayapman... Albatta, biz Ollohnikimiz va albatta, biz unga qaytguvchimiz. Xudo rahmat qilsin!" - deb yozdi Lola Karimova.

Islom Karimov 28 avgust kuni miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Juma kuni ertalab Vazirlar Mahkamasi "o'tgan sutkada Prezidentning sog'ligi birdaniga yomonlashgani va shifokorlar vaziyatni o'ta og'ir deb baholayotgani" haqida xabar tarqatgan.

Oradan ko'p o'tmay, Reuters agentligi diplomatik manbalarga iqtibosan Karimovning vafot etganini aytgan.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim O'zbekiston Prezidentining vafot etganini tasdiqlagan va o'zbek xalqiga hamdardlik bildirgan birinchi xorijiy hukumat rahbari bo'lgan.

O'zbekiston rasmiylari Islom Karimovning dafn marosimi bilan bog'liq tafsilotlarni oshkor etishmayapti.

Islom Karimov onasi va ikki akasi dafn etilgani aytilgan Samarqanddagi Shohi Zinda qabristoniga qo'yilishi kutilmoqda.

Payshanba kuni tushdan so'ng Registon va Shohi Zinda atrofida favqulodda hozirliklar borayotgani va Samarqand shahriga kirish yopib qo'yilgani haqida xabarlar olingan.

Dafn marosimiga tayyorgarliklarga Bosh vazir va janob Karimovning ehtimoliy merosxo'rlaridan biri sifatida ko'rilgan Shavkat Mirziyoevning boshchilik qilayotgani aytiladi.

Ammo Islom Karimovni dafn etish bo'yicha hukumat komissiyasining tarkibi e'lon qilingan.

Avvalroq ayrim manbalar Xitoydagi "Yirik yigirmalik" sammitiga yo'l olgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSh Davlat Kotibi Jon Kerrining dafn marosimida ishtirok etish uchun Samarqandga qo'nib o'tishini haqida xabar tarqatgan.

BBCning Bishkekdagi manbalari Qirg'iziston Bosh vazirining dafn marosimida ishtirok etishini tasdiqlagan.

Ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko'ra, Qozog'iston rahbari Nazarboev Xitoyga safarini qisqartirib, Samarqandga yo'l olgan.

Xalqaro parvozlarni nazorat qiladigan NOTAM tashkilotining ma'lum qilishicha, Samarqand shahar osmoni 3 sentyabr kuni deyarli barcha uchoqlar uchun yopilgan.

Islom Karimov 1989 yilda O'zbekiston kommunistik partiyasi birinchi kotibligiga tayinlangan va 1991 yildagi mustaqillikdan so'ng prezident etib saylangandi.

O'tgan chorak asr mobaynida muqobilsiz saylovlarda uning prezidentlik muddati uzaytirib kelingan.

Karimov oxirgi marta 2015 yilda besh yillik yana bir muddatga prezident etib saylangandi.

U prezidentlik kursisini o'zidan keyin kim egallashiga ochiq ishora qilmagan.

Konstitutsiyaga binoan prezidentning vakolatlari vaqtinchalik Oliy Majlis Senati raisiga o'tishi va uch oy ichida prezidentlik saylovlari o'tkazilishi kerak.

Siyosiy muxolifat va erkin matbuotni bostirib kelgan Prezident Islom Karimov dunyodagi eng repressiv tuzumlardan birini boshqargan.

O'zbekistonning ilk prezidenti

Islom Karimov 1991 yildan beri O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajarib kelgandi.

U O'zbekistonning mustaqil tarixidagi yagona haqiqiy muqobil deya ko'rilgan 1991 yil dekabr oyidagi saylovlarda ilk bor Prezident etib saylangandi.

Huquq faollari uni jahonning eng qattiqqo'l diktatorlaridan biri sifatida ko'rardilar.

Uning tashqi siyosatini ba'zilar betaraf, deya ta'riflasalar ham, mamlakat goh G'arb, goh Rossiya tomonga og'ishi bilan tanilgandi.

Uning rahbarlik yillari mamlakatda muxolifat qattiq tazyiq ostiga olingan, muxolifatning ko'zga ko'ringan liderlarining deyarli hammasi mamlakatni tark etishga majbur bo'lganlar. Ular orasida 1991 yilgi saylovlarda janob Karimovga asosiy raqib bo'lgan "Erk" partiyasi rahbari Muhammad Solih ham bor.

Abgor iqtisod va korruptsiya

Ko'plab iqtisodchilar Islom Karimov davrida yirik potentsiallar mavjudligiga qaramay, mamlakat iqtisodi abgor holga tushgani, Sho'rolar davrida faoliyat yuritgan korxonlar yopilgani, oxirgi yillarda aholi muttasil ravishda gaz va elektr energiyasi taqchilligiga yuz tutganini aytadilar.

Buning ortidan juda ko'plba o'zbekistonliklar Rossiya va boshqa sobiq Ittifoq respublikalariga mehnat muhojirligiga yuz tutishga majbur bo'ldilar. Faqatgina Rossiyaning o'zida rasmiy raqamlarga ko'ra, 2 million o'zbekistonlik mehnat muhojiri borligi aytilgan. Huquq faollari esa ularning sonini bir necha million deb aytib kelganlar.

Bundan tashqari Islom Karimov rahbarligi davrida mamlakatda korruptsiya va tanish-bilishchilik keng quloch yoygani ham kuzatilgan.

Korruptsiyaga qarshi bir necha bor kampaniya va keng miqyosli kurash e'lon qilingan bo'lsa ham uni jilovlash yo'lida haqiqiy choralar ko'rilmaganligi aytilgan.

Bunga ilova Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova xorijiy telekommunikatsion kampaniyalar bilan mamlakatda mobil telefon hizmatini yuritishga ruxsat berish bilan bog'liq ko'p millionlik yirik korruptsiyaga aralashganlikda ayblangan.

Andijon fojeasi

2005 yil may oyida Andijonda minglab kishilar ijtimoiy adolat talabi bilan namoyishga chiqishar ekan, Karimov hukumati ularni otishga buyruq bergani aytiladi.

Qator guvohlar va mustaqil jurnalistlarga ko'ra, hukumat qo'shinlarining tinch namoyishchilarga qarshi o't ochishi oqibatida yuzlab begunoh insonlar, ayollar va bolalar qurbon bo'lgani aytiladi.

Islom Karimov qurbonlar sonini ikki yuzga ham etmagani, ular asosan islomiy terrorchilar va xavfsizlik kuchlari xodimlari ekanini aytgan edi.

Karimov xalqaro hamjamiyatning xalqaro tekshiruv o'tkazish talablarini rad etgan.

Uzoq yillik rahbar

1938 yil 30 yanvar kuni tug'ilgan Islom Karimovning ilk mutaxassisligi muhandislik edi.

U 1960 yili Toshkent Politexnika Institutini bitirib, dastlab Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya korxonasida muhandis-konstruktor bo'lib ish boshlagan.

1966 yili O'zbekiston SSR Gosplan tashkilotiga ishga o'tib, keyinchalik iqtisodchi diplomiga ega bo'ldi.

1983 yili O'zbekiston moliya vaziri vazifasiga tayinlangan.

1986 yili esa Qashqadaryo viloyati Kompartiyasi birinchi kotibi bo'lib ish boshlaydi.

1990 yil O'zbekiston Oliy Kengashi tomonidan O'zbekiston Prezidenti etib saylanadi.

Undan keyingi yil O'zbekiston mustaqilikka erishganidan so'ngg, ilk muqobil saylovlarda ham Prezident etib saylandi.

O'zbekiston Konstitutsiyasiga binoan bir shaxs faqatgina ikki muddat Prezident etib saylanishi mumkin.

Lekin referendumlar va prezidentlik muddatlarining o'zgartirishlari kabi "chalg'itish"lar orqali janob Karimov deyarli 25 yil mamlakat rahbari vazifasini o'tab keldi.

Uning birinchi muddati 1996 yili tugashi kerak edi. Biroq muddat oxiriga etishidan bir yil avval umumxalq referendum o'tkazilib, muddat 2000 yilgacha cho'zildi.

Shunday qilib, Islom Karimov 2000 yili ikkinchi muddatga saylandi.

Bu saylovlardan ikki yil o'tib mamlakatda yana referendum o'tkazildi va endilikda Prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

Shundan so'ng bu kabi o'zgarishlardan keyin avvalgi prezidentlik muddatlari "hisobga olinmasligi" aytilib, 2007 yili Islom Karimov, kuzatuvchilar ta'biricha "haqiqiy raqobat mavjud bo'lmagan" sharoitda, yana bir bor Prezident etib saylandi.

Bu saylov va referendumlarning birontasi xalqaro hamjamiyat tomonidan adolatli va yo erkin deb e'tirof etilmagan.

Tahlilchilar Prezident Karimovning boshqaruvi o'ta qattiqqo'l va repressiv usullarga asoslanganini aytib kelishgan.

Karimov janoblari o'z qudratini himoya etish uchun muxolif guruhlarni terrorizm va islomiy ekstremizmga aloqadorlik ayblari bilan ta'qib etgani, uning davrida minglab begunoh insonlar qamoqqa tashlangani aytiladi.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yokiBBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring