Rio Paralimpiyasi-2016: O'zbekistonda yana bir rekord

O'zbekiston paralimpiyachilari Image copyright Gazeta.uz

Ya'ni, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiyoslanganda, bu galgi Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida O'zbekistonni rekord sondagi sportchisi namoyon etadi.

O'zbekistonlik 32 nafar paralimpiyachi O'yinlarning sovrinli o'rinlari uchun kurash olib borishadi.

Ustiga ustak, bu kabi katta sondagi paralimpiyachining Yozgi Paralimpiya O'yinlarida bellashishi mintaqa tarixida kuzatilmagan voqe'lik bo'ladi.

Agar, misol tariqasida Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Rio Yozgi Olimpiadasida eng katta sondagi sportchilari bilan ishtirok etgan Qozog'iston olinsa, bugun - 7 sentyabr kuni rasman ochilajak Paralimpiya O'yinlarida ularni bor-yo'g'i 11 nafar paralimpiyachisi namoyon etadi.

Bu esa, Rioda bellashajak O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi a'zolaridan qariyb uch barobariga kam raqamdir.

Ammo, hatto shu ham, Qozog'iston Paralimpiya tarixida kuzatilmagan natija bo'lgan.

Ta'kidlash joiz, O'zbekiston so'nggi London Yozgi Paralimpiya O'yinlarida ham o'zining 10 nafar sportchisi bilan mintaqa davlatlari orasida o'ziga xos rekord o'rnatgandi.

Image copyright Getty Images

Qirg'izistondan biror bir ishtirokchi bo'lmagan bir manzarada, Turkmanistondan ikki va Tojikistondan bor-yo'g'i bir nafar paralimpiyachi Rio Paralimpiya O'yinlarining sovrinli o'rinlari uchun kurash olib borishadi.

Shu jumladan, qo'shni Afg'onistonni ham Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida bittagina engil atletikachisi - Muhammad Naim Durroniy namoyon etadi.

Ustiga ustak, 32 nafar ekanliklaridan tashqari, o'zbekistonlik paralimpiyachilar O'yinlarga o'z sonlaridan deyarli ikki barobar ko'p - ja'mi 58 ta yo'llanma olishga muvaffaq bo'lishgan.

Bu nuqtai-nazardan ham O'zbekiston mintaqada o'ziga xos rekord o'rnatgan.

Boshqa tomondan, O'zbekiston qolgan Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Yozgi Paralimpiya O'yinlarining medalini qo'lga kiritgan yagona mamlakat bo'ladi.

Image copyright Allsport

Riodagisi O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi ishtirok etayotgan uchinchisi ekaniga qaramay, 2012 yilgi London Yozgi Paralimpiadasida o'zbekistonlik dzyudochi Sharif Xalilov O'yinlarning kumush medalini qo'lga kiritgan.

Bu borada O'zbekiston 1996 yildan buyon Yozgi Paralimpiya O'yinlarida ishtirok etib kelayotgan Qozog'iston va Afg'onistonni ham ortda qoldirib ketgan.

Ko'p tomonlama rekord o'rnatishi aytilayotgan Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida 4000 dan ziyod paralimpiyachi 22 sport turi bo'yicha sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

Rio Yozgi Paralimpiadasida ja'mi 528 to'plam medal o'ynaladi.

O'zbekistonlik paralimpiyachilar besh sport turi: dzyudo, yengil atletika, suzish, o'q otish va pauerlifting bo'yicha o'z kuchlarini sinab ko'rishadi.

Image copyright Reuters

Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlari 7-18 sentyabr kunlari oralig'ida bo'lib o'tadi.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi 30 avgust kuni mezbon Rio-de-Janeyroga jo'nab ketgan.

Ammo ular bu gal O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafotidan bir haftacha o'tib, o'zlarining O'yinlardagi ishtiroklarini boshlashadi.

Prezident Karimovning vafoti munosabati bilan Riodagi Olimpiada va Paralimpiada shaharchasida O'zbekiston davlat bayrog'i pastga tushirilgan.

Xalqaro Paralimpiya Qo'mitasi prezidenti ser Filip Kreyven rasman "O'zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi va O'zbekiston ahliga chuqur ta'ziyasi"ni ham izhor etgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring