OCCRP: "Islom Karimovdan keyin uloqni kim oladi?"

Karimov Image copyright OCCRP

2 sentyabrda O'zbekiston hukumati mamlakatni 25 yil boshqarib kelgan prezident Islom Karimovning o'limini tasdiqladi.

"Ushbu murojaat Markaziy Osiyodagi mamlakatlarning yopiqligini yana bir karra namoyon etgan holda, ba'zi ommaviy axborot vositalarining Islom Karimov vafot etgani haqida xabar berganidan qariyb bir hafta o'tib e'lon qilindi", deb yozadi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash tashkiloti- OCCRP yuqoridagi sarlavha bilan chop etgan maqolasida.

Maqolaning qisqacha bayonini keltiramiz.

"Kuzatuvchilar fikricha, hozirda mamlakat ichkarisidagi doiralarda, yopiq eshiklar ortida, Karimovning vorisi kim bo'lishi haqida shubhasiz shaffof bo'lmagan jarayonlar ketmoqda.

Gap nafaqat hokimiyatni qo'lga olish, balki Karimov tomonidan bunyod etilgan korruptsiya va shafqatsiz repressiyalarga asoslangan tuzum ustidan nazorat o'rnatish haqida ham bormoqda.

Mamlakat mustaqil bo'lgan 1991 yildan beri mamlakatdagi klanlar o'rtasidagi qarama-qarshilik hokimiyatga da'vogarlarni sotib olish evaziga muvozanatda ushlab turildi. Karimov fikri bilan kelishmaganlar quvg'inga uchradi yoki panjara ortiga tashlandi.

Karimovdan keyin kimning hokimiyatni egallashi Milliy Xavfsizlik Xizmatining rahbari Rustam Inoyatovning xohish-istagiga bog'liq. 72 yoshli Inoyatov mamlakat ichida katta ta'sir kuchiga ega deb qaraladi, biroq uning shaxsan o'zi eng yuqori lavozimga da'vogarlik qilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko'ra, eng ehtimoliy nomzodlar sifatida 58 yoshar Bosh vazir Shavkat Mirziyoev va uning o'rinbosari, Moliya vaziri 57 yoshli Rustam Azimov tilga olinadi.

Mustaqil O'zbekistonni faqat Islom Karimov boshqarib kelganini hisobga olinsa, bu ehtimoliy tomosha qiziqishni yanada oshiradi, deydi Markaziy Osiyo bo'yicha tahlilchi Bryus Paner.

"O'zbekistonda 1991 yildan beri hokimiyatning almashinuvi yuz bermagani bois, biz ayni paytda ochilmagan qo'riqda turibmiz", deydi u.

"O'zbekistondagi eng shov-shuvli korruptsion ishlarga Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova ham aralashgan. Karimova xonim o'zining xizmat vazifasidan foydalanib, O'zbekistonda biznes bilan shug'ullanib kelgan xorijiy telekommunikatsiya shirkatlaridan 1 milliard AQSh dollaridan ko'p mablag' to'plagan, deb keltiradi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash tashkiloti (OCCRP).

Karimova qachonlardir otasining vorisi sifatida ko'rilgan edi. Hozir u uy qamog'ida deb ishoniladi.

Lekin tahlilchilarga ko'ra, Gulnora Karimovaning harakatlari hokimiyatni suiste'mol qilish tizimining bir qismigina xolos.

Karimov o'zining boshqaruvi davrida kam sonli nufuzli va badavlat biznesmenlarga imkon berdi, ularning quvvatlovi esa iqtisodiy imkoniyatlar bilan taqdirlandi.

"Iqtisod yopiq va oligarx guruhlar nazoratida. Shuning uchun mamlakatga yangi investitsiyalarni jalb qilish boshqaruvdagi oila bilan aloqalarsiz yoki yaxshi munosabatli mahalliy shirkatlar bilan hamkorliksiz mushkul hisoblanadi, deydidi Xalqaro "Transparency International" tashkiloti 2015 yildagi hisobotida.

Karimov rahbarligidagi O'zbek hukumati sudlardan korruptsiyaga qarshi kurash niqobi ostida badavlat odamlarni ta'qib qilishda foydalanib keldilar.

"O'tmishda korruptsiyaga qarshi kampaniyalar biznes raqobatchilarni nishonga olish, ularni ta'qib qilish bilan olib borildi", deydi Britaniyaning Ekzeter universiteti doktori Devid Lyuis.

2010 yilda yirik biznesmenlarni soliqdan bo'yin tovlash va poraxo'rlik ayblovlari bilan ayblab hisbga olishlar boshlandi, ba'zilari mamlakatdan qochib ketishga majbur bo'ldi.

O'zbekistonning markazlashtirilgan iqtisodiy tizimi korruptsiyaga keng imkoniyatlar ochib beradi.

Paxtadan yiliga 1 milliard dollar daromad oladigan O'zbekiston uni ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinda.

Milliondan ortiq o'zbek fuqarolari kam ish haqi evaziga yoki umuman bepul hosilni yig'ib olishga majburlar.

Qishloq xo'jalik fondidan sizdirilgan ma'lumotlarga ko'ra, byudjetdan tashqari fond faqat eng yuqori mulozimlar uchun imkonli.

Xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Jahon bankiga Selkhozfondga qarshi ochiq xat bilan murojaat qilgan.

O'zbekistonning ikkinchi prezidenti kim bo'lishidan qat'iy nazar hududiy, ishlab chiqarish va siyosiy bahslarni muvozanatda ushlab turishga harakat qilishi kutiladi.

Karimov prezidentligining eng boshidanoq mamlakatda etakchi klanlar bo'lgan Samarqand, Toshkent va Farg'ona klanlari mas'uliyatni taqsimlab olganlar. Karimovning o'zi mansub Samarqand klani mamlakat ichki ishlar vazirligi ustidan tarixiy nazoratini davom ettirdi.

O'zbekistonning yopiq davlatligini e'tiborga olgan holda, hokimiyatga kim kelishi noma'lum. Lekin shunisi aniqki, mamlakat Karimov vafoti bilan shaffoflik va demokratiya tomon qadam tashlamaydi, deydi Fergana.ru saytining muharriri D.Kislov.

Uning aytishicha, "Liberalizatsiya yuz bermaydi". "Karimov o'limidan so'ng hokimiyat yana o'sha guruhlar chegarasida qoladi. Ikkinchi Karimov hokimiyatga keladi".

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring