Financial Times: "Mintaqa rahbarlari Karimovni yomon ko'rardi"

Karimov va Nazarboev Image copyright courtesy
Image caption "Karimov Markaziy Osiyoning shartsiz va tan olingan rahbari bo'lishni istardi"

"2 sentyabrdagi vafotiga qadar O'zbekistonni stalinchi diktator singari boshqargan marhum prezident Islom Karimov o'zbeklarni qashshoq va parishon ahvolda tashlab ketdi", deb yozadi Financial Times dagi maqolasida mintaqa bo'yicha tahlilchi Ahmad Rashid.

Unga ko'ra, Markaziy Osiyoning ko'pgina rahbarlari Karimovni yomon ko'rishardi.

Ahmad Rashidning fikricha, qo'shni davlatlar - Qozog'iston va Qirg'iziston prezidentlari Nazarboev va Atambaevlarning Prezident Karimovning janozasiga kelmaganliklarining sababi ham shunda.

"Karimov uchun Markaziy Osiyo rahbarlarini tahqirlash odatiy hol edi. 1999 yil fevralida u sobiq qirg'iz prezidenti Asqar Akaevni islomiy ekstremistlar tahdidiga qarshi jilmayishdan boshqa narsaga yaramagani uchun "bechora" deb atagandi.

U qo'shni davlatlarning ishlariga bot-bot aralashardi. Masalan, 1999 yilda Qirg'izistondan demokratik islohotlardan voz kechishni talab qilgan va aks holda o'zbek gazini kesib qo'yish bilan tahdid etgan. O'sha yili O'zbekistonga qirg'izlarga ikki marta gazni to'xtatib qo'ygan.

"Izzat-nafsi kuchli, ayyor va mutlaqo shafqatsiz Karimov Markaziy Osiyoning shartsiz va tan olingan rahbari bo'lishni istar va qolgan to'rt davlat - Qozog'iston, Qirg'iziston,Turkmniston va Tojikiston rahbarlarining o'z irodasiga tobe' bo'lishlarini xohlardi", deya davom etadi o'tmishda Islom Karimov bilan suhbatlashgan asli pokistonlik tahlilchi.

Unga ko'ra, janob Karimov bu maqsadda qo'lidagi barcha vositalar, jumladan, O'zbekistonning tabiiy boyliklaridan ham istifoda etgan.

Image copyright Courtesy
Image caption Ahmad Rashid Islom Karimov bilan 1990-yillarda uchrashgan

Ammo muallifga ko'ra, Karimov ushbu maqsadiga erisha olmagan va uning sa'y-harakatlari mintaqa iqtisodining barbod bo'lishiga hissa qo'shgan.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik muhim va hozirda Karimovning siyosiy sahnadan ketishi bilan yangi imkoniyatlar paydo bo'lmoqda.

"Mintaqa Rossiya va Xitoy o'rtasida qisilib qolgan va islomiy ekstremizm va ommaviy ishsizlikka yuz tutgan", deydi muallif.

"Sovet Ittifoqining qulashidan so'ng Markaziy Osiyo katta iqtisodiy imkoniyatlarni boy berdi va buning takrorlanishiga dosh berolmaydi. O'zbekistonning yangi rahbari mintaqani birlashtirish va yashash sharoitlarini yaxshilash bilan Karimovning halokatli merosiga barham berish imkoniga ega", deb yozadi Ahmad Rashid.

Unga ko'ra, bu Afg'oniston shimolidagi bazalaridan Markaziy Osiyoga tahdid solayotgan, muallif ta'biricha, islomiy ekstremistlarga eng yaxshi javob bo'ladi.

•◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•◾ Instagram - BBC UZBEK

•◾ Twitter - BBC UZBEK

•◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾ Facebook - BBC UZBEK

•◾ Google+ - BBC UZBEK

•◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾ Skype - bbcuzbekradio

•◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring