O'zbekiston: Prezident saylovlari 4 dekabrga belgilandi

O'zbekiston Senati

Bu haqda O'zbekiston Markaziy Saylov hay'ati bugun - 9 sentyabr kuni rasman e'lon qilindi.

So'nggi yangilik O'zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O'zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlanishidan kun o'tib o'rtaga chiqmoqda.

Senat o'zining xuddi shu qarori manzarasida Markaziy Saylov komissiyasiga prezident saylovi o'tkazishni tavsiya qilgan, ammo buning aniq qancha muddatda amalga oshirilishi xususida to'xtalib o'tmagandi.

O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisi prezident Islom Karimov vafotidan olti kun o'tib, kecha payshanba kuni bo'lib o'tgan.

Majlis bilan bog'liq rasmiy xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoev nomzodini Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevning o'zi taklif qilgan.

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasida esa, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi va shundan so'ng, kelasi uch oy ichida prezident saylovlari chaqirilishi ko'zda tutilgan.

Ammo, xabarlarga ko'ra, Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgan.

Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezidentlik barobarida O'zbekiston Bosh vazirligi faoliyatini ham davom etdirishi-etdirmasligi hozircha ma'lum emas.

Majlis

Markaziy Saylov hay'atining juma kungi yig'ini marhum prezident Islom Karimov xotirasiga bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlangan.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko'ra, yig'inda hay'at a'zolari bilan bir qatorda O'zbekistondagi siyosiy partiyalar rahbarlari ham ishtirok etishgan.

O'zbekistonda rasman to'rtta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zLiDeP, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi faoliyat yuritadi.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev 2004 yilda asos solingan O'zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi tarkibiga kirib, 2005 yil 28 yanvar va 2010 yil 27 yanvarda xuddi shu partiya tomonidan hukumat rahbarligiga tavsiya qilingan va nomzodi tasdiqlangan.

O'zbekiston tarixida birinchi marta uning nomzodi davlat rahbari emas, parlament saylovida g'alaba qozongan siyosiy harakat - O'zLiDeP partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

Image copyright COURTESY

Ammo hozircha O'zbekistonda rasman faoliyatda bo'lgan partiya liderlari doxil aynan kimlarning 4 dekabrga rejalangan prezident saylovlariga o'z nomzodlarini ilgari surishlari ma'lum emas.

O'zbekiston Markaziy Saylov hay'atining rasman bildirishicha esa, saylovoldi kampaniyasi joriy yilning 9 sentyabr kuni boshlanadi.

Rasmiy xabarlardan ayon bo'lishicha, O'zbekiston prezidenti saylovlariga hozirlik va uni o'tkazish ishlari bilan Markaziy Saylov hay'ati shug'ullanadi.

"O'zbekiston Respublikasi prezidenti saylovlari to'g'risidagi" qonunga muvofiq, barcha tadbirlar "ochiq va oshkora" amalga oshiriladi.

O'zbekistondagi ilk muqobil prezident saylovlari 1991 yilda bo'lib o'tgan, unda 1990 yil O'zbekiston Oliy Kengashi tomonidan prezident etib tayinlangan marhum Islom Karimov g'alaba qozongandi.

O'zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, bir shaxs faqat ikki muddatga prezident etib saylanishi mumkin.

Ammo orada kechgan saylovlar, turli referendumlar va prezidentlik muddatini uzaytirishga oid amallar ortidan, o'tgan 25 yil davomida O'zbekistonni faqat yagona prezident - Islom Karimov boshqarib kelgan.

Shu paytgacha bo'lib o'tgan saylov va referendumlarning birortasi xalqaro hamjamiyat tomonidan adolatli va erkin, deb e'tirof etilmagan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring