"Bizni portlashga hech aloqamiz yo'q"

Bishkekda Xitoy elchixonasidagi portlashga aloqador deb qidiruvga berilgan Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida yashagan Burhoniddin Janto'ro'ev bu ishga o'zlari bilmagan holda aralashib qolganini aytadi.

Qirg'iziston Milliy Xavfsizlik Qo'mitasi 30 avgustda Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga terror hujumi uyushtirganlar aniqlanganini ma'lum qilgan.

Xavfsizlik xizmati hujum "Sharqiy Turkiston ozodlik harakati" a'zolarining ishi ekanini aytgan.

Rasmiy ma'lumotda aytilishicha, terror harakatini uyushtirganlikda gumonlangan 9 odamdan 5 nafari qo'lga olingan, 4 odam esa qidiruvga berilgan.

Qidiruvga berilganlardan biri, Jalolobodning Suzoq tumanida yashagan, hozirda Istanbulda o'zbek kafesini boshqarayotgan Burhoniddin Janto'ro'ev BBCga, o'zi va qarindoshlarini bu ishga qanday aralashib qolganini gapirib berdi.

"Birovga yaxshilik qilaman deb, o'zim jabr ko'rdim", deya gap boshlaydi u.

"6-7 oy oldin meni kafeimda bir O'zbekistonlik Baxtiyor degan bola 5-6 kun ishlagan.

Yaxshi ishlay olmagani uchun ishdan chiqib ketgan. U bola bilan o'shandan beri tanish bo'lib qolgan edik.

Vaqti - vaqti bilan bizga kelib choy ichib, qornini to'yg'azib ketardi", deydi Burhoniddin.

U, Bishkekdagi Xitoy elchixonasidagi portlash ortidan qarindoshlarini qo'lga olinishi va o'zini qidiruvga berilganini eshitib shok holatiga tushgan va hamon bunga ishongisi kelmaydi.

"Bir oycha avval o'sha Baxtiyor menga 5000 dollar olib kelib: "Aka, shu pulni Bishkekka yuborish kerak, siz yordam bersangiz.

Harholda qirg'izistonliksiz.

U yerga qanday jo'natishni yaxshi bilasiz" degan. Men mayli deb, u pulni Istanbuldagi "Halol tur" firmasiga birga olib borib berganmiz.

U tashqarida turgan. Men firmaga berib chiqqanman.

Taxminan 20 kuncha avval Baxtiyor yana 1000 dollar olib kelib, aka bu pulni ham chiqarib bering dedi.

Men mayli deb olib, lekin o'sha kunlari o'zimni kafedagi ishim bo'yicha qarzlarim bor edi, o'shanga berdim u puldan.

Va Jaloloboddagi qayni opam sigirlarini sotgan ekan, menga qarz berib turing deb so'rab, u pulni Bishkekda o'sha Baxtiyor aytgan Iskandar degan bolaga berdirtirganman.

Pulni O'sh-Bishkek yo'nalishida taksilik qiladigan opamni o'g'li, jiyanim olib borib bergan. Bo'lgani shu.

Biz u pulni qanday maqsadda jo'natilganini bilmaganmiz", deya eslaydi Burhoniddin Janto'ro'ev.

Qirg'iziston Milliy Havfsizlik Xizmatining tarqatgan ma'lumotida, suzoqlik 49 yoshli ayol terrorchilarga moliyaviy yordam ko'rsatganlikda, qidiruvdagi Burhoniddin Janto'ro'evning qarindoshi teraktni amalga oshiradigan odamni topishda yordam berganlikda gumonlanib qo'lga olingani aytiladi.

Rasmiy xabarda Xitoy elchixonasi oldida portlovchi modda o'rnatilgan mashinada o'zini portlatgan xudkush Zoir Halilov nomiga berilgan tojik pasportiga ega 33 yoshli uyg'ur millatiga mansub shaxs bo'lgan.

U "Turkiston islomiy harakati" a'zosi bo'lgan. U 20 - avgustda Qirg'izistonga kelgan.

"Qaynag'am, (ayolini akasi yoki ukasi) menga, kafega ishlatgani Qirg'izistondan go'sht olib kelardi.

U Istanbuldan O'shga ketayotganida Baxtiyor menga, aka bir Tojikistonlik odam bor, tojik fuqarosi, kamchiligi yo'q.

O'sha aka qaynag'angiz bilan birga O'shga ketsa. Boshqa davlatni fuqarosi, balki O'sh aeroportida qiynalishi mumkin degandi, men o'zinglar gaplashinglar, menga muammoni keragi yo'q dedim.

Ikkalasi gaplashib, qaynag'am aytdi agar kamchiligi bo'lmasa men bilan birga ketaversin dedi. U odam kimligini ham bilmayman.

Qaynag'am bilan ketdi.

Qaynag'am menga doim go'sht olib kelib berardi.

Oradan ozgina vaqt o'tganidan keyin Baxtiyor menga 2-3 marta kelib so'radi, aka qaynag'angiz qachon keladi.

Yana bitta odam bor, o'shani ham qo'shib jo'natib yuborish kerak deb. Men unga: bilet qimmat bo'lib ketdi.

Go'sht oqlamayapti dedim. U aytdi-ki, biz qaynag'angizga biletini sotib olib beraylik, kelib ketsin dedi.

O'zlari vatsappda gaplashishdi.

Qaynag'am menga go'sht olib keldi va ketayotganda yana bitta tojistonlik bola bilan ketdi.

U bola keyin Bishkekka ketibdi.

Uni ham kim ekanligini bilmayman.

Hozir internetda o'qidim, u bolani Zoir deyishayapti", deydi tasodifan portalashga aloqadorlikka aylangan va qidiruvga berilgan Burhoniddin Janto'ro'ev.

Unga Qirg'izistondan Istanbulga go'sht etkazib bergan qaynag'asi, qarz olgan qayni opasi va omonat pulni Bishkekka etkazib bergan taksist jiyani, shuningdek, pulni Istanbuldan Qirg'izistonga yuborgan "Halol Tur" firmasining ikki xodimi ham Qirg'iziston Milliya Havfsizlik Davlat Qo'mitasining tergov izolyatorida saqlanmoqda.

2 kun avval sud ularni tergov jarayoni yakunlangunicha saqlab turish bo'yicha qaror chiqargan.

"Hozir anovi Baxtiyor degan odam bilan hech bog'lana olmayapman.

Qarindoshlarim qo'lga olingidan keyin bir marta gaplashdim. Nega meni bunday ishga aralshtirding desam, qasam ichib, meni aloqam yo'q dedi va o'shandan beri izin topa olmayapman.

Bekordan, emagan somsaga pul to'lab o'tiribman. Istanbulda tinch ishimni qilib yurgandim.

Bunaqa bo'lishini men qayoqdan ham bilay. Boshim qotidi, nima qilishni ham bilmayapman", deya afsuslanadi suhbatdosh.

U shuningdek Qirg'izistonda va Turkiyada ham insonlar o'zini yaxshi tanishini aytadi.

"Bizni Qirg'izistonda ham, Istanbulda ham ko'pchilik yaxshi taniydi. Bir necha yil avval hoji boshi bo'lganman.

Bizni qo'limizdan unday ishlar kelmaydi. Haqiqat uchun kurashaman. Bo'lgan narsani hammasini aytib beraman.

Yashiradigan hech narsam yo'q", deya qo'shimcha qiladi Burhoniddin Janto'ro'ev.

Eslatib o'tamiz, 30 avgust kuni hudkush "Mitsubisi Delika" avtomashinasida ertalab 9dan 40 minut o'tganda o'zini Bishkekning Xitoydagi elchixonasi oldida portlatib yuborgan.

Portlash oqibatida uch nafar elchixonaning qirg'izistonlik xodimi yarador bo'lgan, elchixona binosi va atrofdagi uylargaga zarar yetkazilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring