O'zbekiston: prezidentlikka nomzodlarni ro'yxatga olish 30 sentyabrda boshlanadi

O'zbekiston prezidentligiga nomzodlar qo'yish 30 sentyabrdan boshlanib, 20 oktyabrda nihoyasiga yetadi.

Bu haqda O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi Ulug'bek Abdusalomov ma'lum qilgan jurnalistlarga.

"30 sentyabrdan 20 oktyabrgacha saylovlar to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq nomzodlarni ro'yxatga olish jarayoni boshlanadi", deb aytgan janob Abdusalomov.

Oldinroq, O'zbekistonda prezidentlik saylovlari 4 dekabrda bo'lib o'tishi bildirilgandi Saylov komissiyasi tomonidan.

Bu haqda O'zbekiston Markaziy Saylov hay'ati 9 sentyabr kuni rasman e'lon qildi.

Shuningdek, Markaziy Saylov komissiyasi majdisida prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik va uni o'tkazish bo'yicha dasturni tasdiqlagan.

Saylovlarga tayyorgarlik va o'tkazishga bog'liq barcha marosimlar Markaziy Saylov Komissiyasi zimmasiga yuklatilishi ta'kidlanadi.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatiga ko'ra, O'zbekiston prezidenti saylovini yoritish bo'yicha mahalliy va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o'tkaziladi.

Jurnalistlar akkreditatsiyadan o'tish uchun 1 dekabrga qadar O'zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markaziga o'z hujjatlarini taqdim etishlari lozimligi aytilgan.

Muvaqqat prezident ham o'z nomzodini qo'yadimi?

Bu savol hozir hammani qiziqtiradi. Biroq Shavkat Mirziyoevning prezidentlikka nomzodini qo'yishi hali ochiqlangani yo'q.

8 sentyabrda O'zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O'zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlangan edi.

Senat o'zining xuddi shu qarori manzarasida Markaziy Saylov komissiyasiga prezident saylovi o'tkazishni tavsiya qilgan, ammo buning aniq qancha muddatda amalga oshirilishi xususida to'xtalib o'tmagandi.

O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisi prezident Islom Karimov vafotidan olti kun o'tib, o'tgan payshanba kuni bo'lib o'tgan.

Majlis bilan bog'liq rasmiy xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoev nomzodini Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevning o'zi taklif qilgan.

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasida esa, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi va shundan so'ng, kelasi uch oy ichida prezident saylovlari chaqirilishi ko'zda tutilgan.

Ammo, xabarlarga ko'ra, Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgan.

Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezidentlik barobarida O'zbekiston Bosh vazirligi faoliyatini ham davom etdirishi-etdirmasligi hozircha ma'lum emas.

Shavkat Mirziyoevning vaqtinchalik prezident etib tayinlanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng bahsu-munozaralarga sabab bo'ldi. Bosh vazirning muvaqqat prezidentlikni egallashi qonunga zid ekanligi aytildi.

Ayni vaqtda O'zbekiston ommaviy axborot vositalari ayrim huquqshunoslarning bu mavzudagi fikrlarini bera boshlagan.

Jumladan, bahslar manzarasida huquqshunos Akmal Saidov Shavkat Mirziyoevning vaqtinchalik prezident bo'lishi qonunga hech ham zid emasligini aytib chiqdi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring