"Fikrlash ham qonun buzilishiga kirmasmikan?"

Mirziyoev Image copyright Getty Images

Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Konstitutsiyasiga zid tarzda muvaqqat prezident vazifasini egallashi ortidan boshlangan bahsu munozaralar ijtimoiy tarmoqlarda davom etmoqda.

Ayni vaqtda O'zbekistonda davlatga qarashli saytlar Bosh vazirning vaqtincha prezidentlikka tayinlanishi qonuniy deb ta'kidlangan maqolalarni e'lon qilish boshlangan.

Jumladan, Milliy Axborot agentligi rasmiy sayti "Mutaxassis fikri rukni ostida Akmal Saidovning "O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklashning huquqiy jihatlari" maqolasini bergan.

Janob Saidov unda "Konstitutsiya va qonunlarda Senat Raisi Prezident majburiyatlarini bajarishni rad etgan taqdirda, bu majburiyatlar kimning zimmasiga yuklatilishi lozimligi haqida normalar ko'zda tutilmagan"ini qayd etar ekan, "Yuzaga kelgan bunday vaziyatda Konstitutsiyaning 76-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining oliy davlat vakillik organi bo'lgan Oliy Majlis mamlakatimiz uchun hayotiy muhim bo'lgan ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilishga majbur" ekanligini aytadi.

Shuningdek, akademik Rustamjon Abdullaev ham o'z maqolasida Shavkat Mirziyoev zimmasiga muvaqqat prezidentlikni yuklashni noqonuniy deganlarni axborot urushini boshlaganlikda ayblaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rahimjon Hakimovning O'zA saytida 11 sentyabr kuni bosilgan "Qo'shma majlis qarori to'la qonuniydir" deb nomlangan maqolasida "Qo'shma majlis qarori qonuniyligidan shubhalanish Konstitutsiyamizning 16-moddasini buzishdir" deb ta'kidlaydi.

"Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilingan qaror Konstitutsiya va qonunlarimizga to'la mos keladi. Ayni paytda shuni qayd etish kerakki, Konstitutsiyamizning 16-moddasiga muvofiq mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O'zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar etkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Ayrim qo'shtirnoq ichidagi ekspertlarning turli Internet sahifalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining joriy yil 8 sentyabrdagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to'g'risidagi qarori qonuniyligini shubha ostiga olishga qaratilgan urinishlarni Bosh Qomusimizning 16-moddasini qo'pol ravishda buzish, deya baholashimiz mumkin", deydi deputat.

O'zbekiston Konstitutsiyasining 16-moddasida shunday yozib qo'yilgan: Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O'zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

Facebook ijtimoiy tarmog'ida deputat Rahimjon Hakimovning maqolasi orqasidan paydo bo'lgan fikrlar bilan tanishing. (Izohlarning aksariyati tahrirsiz berilmoqda)

Safar Kattaboyev: Konstitutsiyaning 16-moddasida aksincha bironta xam qonun yoki huquqiy xujjat Konstitutsiyaga normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas deb ta'kidlangan. Deputat nima deyayotganini o'zi xam bilmasa kerak. Afsus bizning siyosiy faol emasligimiz Oliy majlisni ana shunday deputatlar bilan to'ldirdi.

Shukurjon Islomov: daaa. kelajagi bor bola ekan. Ertaga balki Saidovning o'rnini olar. Buguncha erkinmiz, to'yib yozib olaylik, bugun shubhalanish qonunbuzarlikka tenglashtirilsa, ertaga umuman fikrlash qonunbuzarlikka tenglashtirilishi mumkin.

Davronbek Tojialiyev: 16-moddani o'sha deputatlarning o'zlariga qarshi qo'llash kerak. O'zRKni O'zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etishga nima haqi bor ularning? Va mayli, xo'p deylik, ular aytgancha, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko'pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun bo'yicha Konstitutsiyaga o'zgartirish yoki qo'shimcha kiritildi deylik, lekin o'sha o'zgartirish kiritilgani haqidagi hujjat qani? 128-modda: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o'zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to'g'risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish to'g'risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o'tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.

Abdumavlon Rashidov: Deputat kimning qulog'iga lag'mon osyapti? Agar Mirziyoevdan boshqasi munosib bo'lmagan taqdirda ham, to'g'ridan-to'g'ri bosh vazirni saylab qo'yilmas edi, protseduraga ko'ra umuman boshqa bo'lishi kerak: Yo'ldoshev ham, Mirziyoev ham joriy lavozimidan iste'fo etishi, majlis Mirziyoevni yangi senat raisi etib saylashi, Mirziyoev yangi senat raisi o'laroq vaqtinchalik prezidentlik lavozimiga tayinlanishi kerak edi... Shubhalanish 16 moddani buzishmish! Hech kim shubhalanayotgani yo'q, ochiq-oydin ko'rib turibdi! Bir erkak bilan bir ayol shaharni o'rtasida zino qilsa, uni ko'zi bilan ko'rganlarga shubhalanyapti deyilmasa kerak harholda?... desang ham odam bo'lmasa kerak.

Abdul Ahad Abdurahmon: Bekorga davlat 3ta hokimiyatdan iborat bo'lib, sud hokimiyatining dahlsizligi saqlanmagan. Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat mana shunday o'zaro kelishib qonunni hatlab o'tishga uringan vaqtda katta sahnaga konstitucion sud chiqishi kerak va bosh qonunlarni himoya qilishi va mana bunday masxarabozliklarning oldini olishi kerak.

Mekhribon Kadamova: Bu do'q po'pisa xalq jim bo'lib shu kabi qonunbuzarliklar va ular tomonidan yana bo'lajak muttahamliklarni yutib o'tirishimiz uchun. Bu chala savod, ko'r laganbardor muttahamlar to'g'ridan- to'g'ri o'z manfaati uchun vatanni ham yaqinda sotib yuborishadi.

Abu Umar: Shu vaziyatda Qirg'izistonli mashxur shayx Chubak hojini bir gaplari esimga tushyapti: "musulmonlarni o'z aro suhbatlari uchun qamab, ularga konstitutciyaga qarshi chiqish, davlat to'ntarilishiga urunishda ayblab uzoq vaqtlarga qamab yuborish qanchalar oson. Lekin mana 2005 yildan beri 3 marta davalat to'ntarilishi qilganlarlar, konstitutciyaga bir necha marta qarshi chiqqanlarga negadir hech kim hech narsa demaydi. Haligacha bemalol kreslolarida semirib o'tiribdilar", degandi.

Abu Umar: Ularga bo'laveradi. Bo'yiga ham, eniga ham ulaga to'g'ri kelaveradi. Bizga to'g'ri kelmaydi.

Axmadjon Raximov: vuaxaxaxaxaxaxaxa)))) odam bo'maymiz)))) bu saaall boshqacha fikrlasang muxolifatga chiqaradiganlardanam o'tib tushdiku))))

Sherzod Turdiev: Fikrlash, kallani ishlatish xali konun buzilishiga kirmasmikin ishkilib

Bakhrom Yavidov: Endi shubhalanib ham bo'lmaydimi?

Otajonov Shuxrat: Ol-aaa.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring